Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:01

Tushkunlikka tushgan mulozimlar o‘z joniga qasd qilmoqda


Denov tumani hokimligi Bosh hisobchisi Boboxon Xo‘jaqulov ish joyida o‘zini pichoqladi. Uning kabi birin-ketin joniga qasd qilayotgan hokimiyat hamda huquq-tartibot idoralari xodimlarining bunday qilmishlari sababi tushkunlikdan qidirilmoqda.


"35-40 million so‘mlik kamomad hisobchini suitsidga yetaklagan"


Ozodlik manbasi yo‘llagan xabarga ko‘ra, 2 mart kuni Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimligi idorasida hisobchi Xo‘jaqulov o‘zini chavaqlab tashlagan.

Ozodlik muxbirining Denov tumani Markaziy shifoxonasidan aniqlashicha, 51 yashar Xo‘jaqulov ko‘kragining chap qismi, qorin bo‘shlig‘i, bo‘yin qismi va tanasining yana bir necha qismiga o‘tkir tig‘li pichoq bilan bir necha chuqur jarohat yetkazgan.

Ayni paytda hokimiyat mulozimining koma holatida reanimatsiya bo‘limida qolayotgani aytilmoqda.

Bu hodisani tasdiqlagan Surxondaryo viloyat hokimligi xodimi bu borada qo‘shimcha ma‘lumot berishni istamadi.

Ammo, Denov tumani hokimligiga yaqin manbalarning anonim tarzda aytishicha, 19 yildan beri hokimlik hisob-kitob bo‘limini boshqargan mulozimga nisbatan Denov tumani prokuraturasi tomonidan jinoiy ish ochilgan edi.

Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi (Rastarata va talon-tarojlik yo‘li bilan o‘zgalarning mulkini o‘zlashtirish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, bosh hisobchi faoliyati davrida davlatning 35-40 million so‘mlik mol-mulkini talon-taroj qilganlikda gumon qilinmoqda.

Bu hodisani o‘rgangan jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, hisobchining ana shu javobgarlikdan qochish uchun joniga qasd qilgani aytilmoqda.

- Juda asabiy, o‘tkir depressiya holatida o‘z tanasining bir necha joyiga pichoq urgan, chuqur hayajon ichida o‘z joniga qasd qilgan, degan versiya ilgari surilayapti. Bu versiyada jon bor. Chunki, men u kishining yaqinlaridan olgan ma‘lumotlar buni tasdiqlaydi, dedi jurnalist.


IIV xodimlari orasida depressiyaga qarshi trening o‘tkazdi


Keyingi paytlarda O‘zbekistondagi hokimliklar, huquq-tartibot idoralarining o‘z joniga qasd qilayotgan mulozimlari soni ortayotgani kuzatilmoqda.

Ayniqsa, huquq-tartibot idoralari xodimlari ish joyida o‘zini otib tashlagani yoki o‘zini osganiga oid ma‘lumotlar ko‘paymoqda.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi bunday holatlarning hisobini olgan va unga qarshi chora-tadbirlarni boshlagan.

Ana shunday tadbirlardan birini tilga olgan jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, xodimlarning bu qilmishlari sababi tushkunlik va muttasil charchoqdan qidirilmoqda.

- Buxoroda yaqinda Ichki ishlar vazirligi maxsus trening o‘tkazgan edi. Shaxsiy tarkibni ruhiy-psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash nuqtai-nazaridan. Ya‘ni, huquq-tartibot idoralari, mahalliy davlat idoralari xodimlarida chuqur depressiya holatlari bor. Chunki, ish og‘ir, ayniqsa, paxta terimiga o‘xshash kampaniyalar vaqtida bu xodimlar bir necha kunlab uxlamaydi, deydi jurnalist.

Bundan tashqari, mahalliy davlat va huquq-tartibot idoralari zimmasiga yuklanayotgan hamda bir chorak o‘tar-o‘tmas natijasi talab qilinayotgan ayrim vazifalarni bajarishning imkonsizligi ham muammoning sababi sifatida tilga olinmoqda.

Boshqa tafsilotlarni Abdurahmon Tashanov bilan qurgan suhbatimizda eshitishingiz mumkin.

Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:45 0:00
Бевосита линк
XS
SM
MD
LG