Линклар

Toshkentda 12 martdan boshlab Forum TV kanalida O‘zbekistonning 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 3 mingdan ortiq yoshlari orasidan yulduzlarni tanlab oluvchi "realiti shou" — Zo‘r-Zo‘r STAR teletanlovi boshlanadi.

O‘zbekistonda ilk bor o‘tkaziladigan Zo‘r-Zo‘r STAR teletanlovi uchun ishtirokchilardan anketalarni yig‘ib olish jarayoni shu yilning 15 fevralidan boshlangan va shu kunga qadar 3 mingdan ortiq istovchi ro‘yxatga olingan.

7 mart kuni yakuniga yetadigan qabul jarayonida O‘zbekistonning iste‘dodim bor, deb bilgan 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan fuqarosidan anketalar qabul qilib olinmoqda.

Zo‘r-Zo‘r STAR teletanlovi rasmiy saytida berilgan ma‘lumotga ko‘ra, ishtirok etishni xohlaganlar muqaddam radio va televideniye orqali chiqish qilmagan bo‘lishi kerak.

Beeline, Fund Forum va NON STOP MEDIA tashkilotlari tomonidan uyushtirilgan bu tadbirga arizalarni qabul qilib olayotgan Tashkiliy qo‘mita xodimi hozir qabul jarayoni qizg‘in borayotganini aytdi.

"Hozir arizalarni qabul qilib olayapmiz. 12 martdan 17 martgacha uch bosqichli kasting bo‘lib o‘tadi. Istovchilar ko‘p", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan va o‘zini Alfiya, deb tanishtirgan tashkiliy qo‘mitasi a‘zosi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 12 mart - tanlovning ilk kunidan boshlab, tadbir jonli tarzda Forum TV televideniyesi orqali namoyish qilinadi.

Tadbir Toshkent markazidagi Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tadi. Teletanlov rasmiy saytida saroyni tadbirga hozirlash jarayoni aks etgan fotosuratlar ham berilgan.

Tanlovning dastlabki bosqichida minglab istovchilar orasidan 11 kishi tanlab olinadi va ularni qolgan ikki bosqich uchun ijodkorlar, professional prodyusserlardan iborat maxsus guruh tayyorlaydi.

Ikkinchi bosqichdan tanlab olinadigan 3 ishtirokchi orasidan g‘olibni SMS-tanlov orqali teletomoshabinlarning o‘zi tanlaydi.

Ishtirokchilar o‘zbek, rus va ingliz tillaridan birida 3 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan kompozitsiyali chiqishni jonli tarzda ijro etib berishi kerak.

27 fevral kuni tadbirga tayyorgarlik haqidagi ma‘lumotlar Toshkentning Dedeman mehmonxonasida o‘tgan matbuot anjumanida jamoatchilikka taqdim qilingan va fevral oxiriga qadar ariza topshirganlar soni 3 mingdan oshgani aytilgan edi.

Ushbu loyihaga kurator safatida taklif qilingan rossiyalik taniqli prodyusser Mixail Anisimov O‘zbekistonda ilk bor yo‘lga qo‘yilayotgan bu tanlovni "realiti-shou", deb atagan.

Zo‘r-Zo‘r STAR rasmiy saytida berilgan xabarda uning so‘zlaridan quyidagi iqtibos keltirilgan:

"Bu Zo‘r-Zo‘r STAR nomli realiti-shou bo‘ladi. Umid qilamanki, Zo‘r-Zo‘r STAR biz siz bilan birgalikda ko‘p ishlar qilishimiz mumkinligini ko‘rasatadi! Men, shuningdek yosh iste‘dodlarni quvvatlayotgan Gulnora Karimovaga minnatdorchilik bildiraman".

Tashkilotchilar va rasmiy saytda berilgan xabarlar mazmunidan Zo‘r-Zo‘r STAR teleshousining hozir dunyoning aksar davlatlarida borayotgan shoular - Rossiyada "Golos", "Faktor A" hamda bu shoular andoza olgan Buyuk Britaniyadagi The X Factor loyihalariga juda o‘xshashligini payqash mumkin.

Ammo, loyiha tashkiliy qo‘mitasi xodimi Zo‘r-Zo‘r STAR teletanlovini yangi loyiha, deb atadi.

"Bu mutlaqo individual loyiha, bu Zo‘r-Zo‘r STAR nomli yangi brend. Uning bosh sponsori va g‘oya muallifi Beeline shirkatidir. Uni Fund Forum tashkiloti quvvatlamoqda", dedi tashkiliy qo‘mita a‘zosi.

Tanlov hay‘ati safida vokal bo‘yicha pedagog Rustam Hamroqulov, xoreografiya bo‘yicha pedagog Elvira Mulyukova, aktyorlik mahorati bo‘yicha pedagog Nabi Abdurahmonov hamda kasting kuni nomi oshkor bo‘lishi kutilayotgan o‘zbek estaradasi yulduzlaridan biri bo‘lishi aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG