Линклар

logo-print
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov¸ “gomoseksualizm o‘zbeklar uchun jirkanch” deb ta‘kidlagan. Bu gapni Islom Karimov, WikiLeaks e‘lon qilgan kablogrammaga ko‘ra, 2006 yili Seulda¸ Janubiy Koreya Prezidenti No Mun Hyon bilan suhbat paytida aytgan.

Karimovdan bu iqtibosni WikiLeaks portaliga tayanib, jinsiy ozchiliklarga oid xabarlarni berib boradigan Gaystarnews nashri tarqatdi.

AQShning Toshkentdagi elchisi Jon Purnel tarafidan 2006 yili Vashingtonga yuborilgan kablogrammaning WikiLeaks tarafidan e‘lon qilingan matnida bu suhbat tafsilotlari keltirilgan.

WikiLeaks e‘lon qilgan kablogrammada Janubiy Koreya Prezidenti No Mun Hyonning demokratiya borasidagi gapiga O‘zbekiston prezidentining munosabati so‘zma-so‘z keltirilgan.

"Demokratiyaning g‘arbcha tarzi 85 foizi musulmon bo‘lgan O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmaydi”, deb ta‘kidlagan prezident so‘zida davom etib¸ “Gomoseksualizm o‘zbeklar uchun jirkanch va demokratiyaning amerikacha rusumi o‘zbek madaniyatining ahloqiy tozaligini tahqirlaydi", deb aytgani ham WikiLeaks e‘lon qilgan kablogrammadan o‘rin olgan.

Shuningdek AQSh diplomatlariga doir maxfiy yozishmada Karimovdan iqtibos sifatida keltirilgan mana bu jumla ham bor:

“Xorijiy sarmoya – bu yaxshi, biroq demokratiyaning g‘arbcha shakli, bizning axloqiy tozaligimizni buzadi”,- deyiladi AQSh elchisi Jon Purnel tomonidan 2006 yilning aprelida tayyorlangan depesheda.


O‘zbek qonuni gomoseksualizmga qarshi


O‘zbekiston jinoyat kodeksida "besoqolbozlik" deb atalgan gomoseksualizm o‘rtacha og‘irlikdagi jinoyat sifatida malakalanadi.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 120-moddasiga ko‘ra, gomoseksualizm bilan shug‘ullangan fuqarolar 3 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi.

2003 yilda jurnalist va inson huquqlari faoli Ruslan Sharipov gomoseksualizmda ayblanib, besh yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

2009 yili Toshkentda VICh-infektsiyasi va OITSga qarshi kurash olib borgan faol Maksim Popov ham yetti yilga hukm qilingan edi. Maksim Popov fohishalik va gomoseksualizmni targ‘ib qilishda ayblandi.

2012 yil dekabrida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyaning Xorazm viloyat bo‘limi raxbari, 36 yashar jurnalist Botir Sultonov o‘z kabinetida besoqolbozlik bilan shug‘ullanganlikda ayblanib, qamoqqa olingan edi.

Ayni paytda, gomoseksualizmda ayblab, qamoqqa olish O‘zbekistonda istalmagan shaxslarga qarshi ishlatiladigan vosita sufatida ham tasniflanadi.

Gomoseksual aloqalarda ayblanishdan qo‘rqqan toshkentlik inson huquqlari faoli Oleg Sarapulov mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lganini Ozodlik bilan suhbatda aytdi.


Urchigan gomofobiiya


Gomofobiya¸ ya‘ni jinsiy ozchiliklarga salbiy munosabat O‘zbekistonda keng tarqalganligi aytiladi.

Yevroparlament hujjatlarida irqchilik¸ ksenofobiya va antisemitizm bilan yonma-yon qo‘yilgan gomofobiyaning o‘zbek zehniyatiga keng ildiz otgani sabablarini buxorolik blogger Gulasal Kamolova, bu zehniyat o‘zagidan o‘rin olgan diniy tarbiya bilan izohladi.

- O‘zbekiston prezidenti aytgan holat¸ ya‘ni geylardan jirkanish o‘zbek jamiyatining aksarida mavjud. O‘zbekiston prezidenti 85 foizi musulmon deya aytgan jamiyatning bu 85 foizi geylarga salbiy munosabatda deyish mumkin. Gomofobiya sabablarini Islom ahloqiga uyg‘un shakllangan mentalitetdan qidirish kerak deydi¸- bir jinsli munosabatlar haqidagi qator maqolalar muallifi.

Gulasal Kamolovaga ko‘ra, aksar o‘zbeklarning erkak va ayol geylarga bo‘lgan munosabatida farq bor.

- Goluboy (besoqolboz-tahr.) erkaklardan oshkora nafratlanishadi. Lesbiyankalarga (ayol gomoseksuallar-tahr.) esa bir oz toqatli munosabat bor. Hatto bir ikkita erkaklar lesbiyanlarni yaxshi ko‘rishini ijtimoiy tarmoqlarda yozishmoqda¸- deydi Gulasal Kamolova.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ o‘zbek geylari Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda faol.

Gomoseksualistlarning jamoat nafratidan qo‘rqqani bois turli niklar orqasiga yashirinib internetda faoliyat yuritishi aytiladi.

-O‘zbek geylari¸ gomoseksual va lesbiyanlarning mamlakatda bitta ham uyushmasi yo‘q. Ular o‘ta ehtiyotkor va qo‘rqib harakat qilishadi¸- deydi o‘zbekistonlik blogger Gulasal Kamolova.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG