Линклар

logo-print
"O‘zdunrobita" mobil shirkati kreditorlari yig‘ilish o‘tkazib, shirkatning bankrot deb tan olinishi va uni tugatish jarayonini boshlash to‘g‘risida sudga iltimosnoma jo‘natdi.

"O‘zdunrobita" (Rossiyadagi MTS mobil aloqa shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi) kreditorlarining 5 mart kuni Toshkentdagi yig‘ilishida bunga oid taklif bir ovozdan ma‘qullandi.

MTS shirkatining Moskvadagi idorasi matbuot vakili Shamil Baygin Ozodlik bilan suhbatda bu ma‘lumotni tasdiqladi.

- Biz kreditorlar yig‘ilishi "O‘zdunrobita" shirkatini bankrot deb tan olish va uni tugatish jarayonini boshlash to‘g‘risida iltimosnoma kiritganini tasdiqlaymiz. Ayni paytda, bu masalani sharhlashga vaqt hali erta. Chunki Toshkent shahar xo‘jalik sudining 11 martda bo‘ladigan majlisida bu haqda uzil-kesil qaror qabul qilinishi kerak,- dedi MTS shirkati rasmiysi Shamil Baygin.

MTS shirkatiga yaqin manbalarning Ozodlikka aytishicha, "O‘zdunrobita" shirkati kreditorlari soni ko‘pdir, ularning asosiysi O‘zbekiston hukumati hisoblanadi va Davlat soliq qo‘mitasi hukumat nomidan ish yuritadi.

Toshkent shahar Xo‘jalik sudining noyabr oyida chiqargan qaroriga ko‘ra, "O‘zdunrobita" shirkati o‘z zimmasiga yuklatilgan 600 million dollarlik moliyaviy da‘volarni sakkiz oy muddat ichida to‘lab bitirishi kerak edi.

15 yanvar kuni sud tomonidan belgilangan jarimaning navbatdagi qismi to‘lanishi lozim edi, ammo shirkatning O‘zbekistondagi hisob raqamida pul qolmagani bois bu talabni bajara olmagan.

Shundan so‘ng 16 yanvar kuni "O‘zdunrobita" Toshkent shahar Xo‘jalik sudiga bankrotlik to‘g‘risida ariza topshirgan.

Rossiyaning Huquq va sud axborotlari agentligi (RAPSI) ma‘lumotiga ko‘ra, "O‘zdunrobita" arizasi qabul qilinganidan so‘ng shirkat ustidan kuzatuv joriy qilingan va vaqtinchalik boshqaruvchi direktor tayinlangan.

O‘z ismini aytmaslikni so‘ragan soha mutaxassisi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda agar 11 mart kuni Toshkent xo‘jalik sudi "O‘zdunrobita" kreditorlari qabul qilgan qarorni qo‘llasa, O‘zbekiston Respublikasining "Bankrotlik haqida"gi qonuniga muvofiq shirkat 12 oy ichida tugatilishi kerakligini aytdi.

Ayni paytda, mutaxassis Toshkent shahar Xo‘jalik sudi boshqacha qaror chiqarishi yoki sud majlisini boshqa kunga qoldirishi mumkinligini ham ehtimoldan soqit qilmadi.

O‘tgan yil sentyabr oyida O‘zbekiston hukumati "O‘zdunrobita" mulklarini o‘z tasarrufiga olib, shirkat rasmiylarini javobgarlikka tortgan.

Iyun oyi oxirida Bosh prokuratura "O‘zdunrobita"ning hibsga olingan to‘rt rasmiysiga nisbatan jinoiy ish ochgan. Ular moliyaviy o‘g‘rilik uchun uch yildan qamoq jazosiga hukm qilingan.

Avgust oyida Toshkent shahar Xo‘jalik sudi O‘zbekiston Kommunikatsiya va axborot texnologiyalari agentligining "O‘zdunrobita"ga berilgan litsenziyani bekor qilish haqidagi qarorini o‘z kuchida qoldirgan.
XS
SM
MD
LG