Линклар

logo-print

Gulnora Karimova: "Dushmanlarim nomimni qora qilishmoqchi!"


Bilan jurnali Gulnora Karimova bilan suhbatni ana shu oppoqqina surat hamrohligida chop etdi.

Bilan jurnali Gulnora Karimova bilan suhbatni ana shu oppoqqina surat hamrohligida chop etdi.

Britaniyaning Financial Times gazetasi O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi biznes imperiyasiga oid jiddiy maqola e‘lon qilgan ayni kunda Gulnora Karimovaning o‘zi Shveytsariyada chiqadigan Bilan jurnali vositasida mustaqil G‘arb matbuoti bildirayotgan ayblovlarni rad etishga urindi.

2013 yilning 8 marti - Xalqaro xotin-qizlar kunini O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ichi Gulnora Karimova kuni deb atash mumkin.

Shu kuni biri Buyuk Britaniya¸ ikkinchisi Shveytsariyada chiqadigan ikki moliyaviy nashr "O‘zbekistonning birinchi qizi"ga oid maqola chop etdi.

Xalqaro moliyaviy doiralarda nufuzli hisoblangan Financial Times o‘z maqolasini Gulnora Karimovaning otasi hokimiyatidan foydalanib¸ mamlakatdagi xorij sarmoyadorlari mulkini qanday o‘zlashtirayotgani¸ butun biznes iqlimini o‘z nazoratini olganini dalillashga qaratdi.

Ayni kunda¸ asl egalari Rossiyaga aloqador ko‘riladigan Shveytsariyaning yaltiroq muqovali boylar jurnali Gulnora Karimova bilan o‘tkazilgan suhbatni bosdi.

Ikkala chiqish mazmuni bilan tanishilgach¸ ularning ayni bir kunda chop etilishi tasodif emasligi oydinlashadi.

Financial Times muxbirlarining o‘z biznes faoliyatiga oid ayblovlar haqidagi savollarini to‘rt oy davomida mutlaq javobsiz qoldirgan Gulnora Karimova¸ Bilan jurnali muxbiri bilan suhbatda ancha so‘zamollik qiladi va o‘zini oppoq qilib ko‘rsatishga urinadi. Suhbatga "Dushmanlarim mening nomimni bu ishlarga bog‘lashmoqda" deb sarlahva qo‘yilishi ham uning ana shu kimligi ochiqlanmagan "dushmanlar" bildirayotgan fikrlarga javob ekanidan dalolatdir.

Bu suhbatga ilova qilingan suratida ham Gulnora Karimovaning oppoq libosda ekani¸ ana shu "begunohlik"¸ shavqatsiz muxoliflar hujumiga uchrayotgan qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan saxovatpesha san‘atkor ayol timsolini mustahkamlashga xizmat qilishga chog‘langandek...

TeliaSoneraning "o‘zbek ishi" mojarosini yoritgan mustaqil jurnalistlar savollarini oylardan beri javobsiz qoldirib kelayotgan Karimova xonim Shveytsariyada chiqadigan rusiyzabon "Nasha Gazeta"ning Bilan jurnali muxbiri bilan suhbatni "Men ko‘pdan beri bu masalga tegmadim, aftidan hozir vaziyatga oydinlik kiritish vaqti keldi”, deb boshlaydi.

O‘tgan yil Shvetsiyaning SVT kanali muxbirlari TeliaSonera shirkati O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirish uchun mamlakat prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga pora berganiga oid ayblovlarni ilgari surdi.

Shved muxbirlari Gulnora Karimovaning biznes imperiyasidagi muhim shaxslar deb topilgan Behzod Ahmedov va Gayane Avakyanlarning Shvetsiya va Shveytsariya banklarida yuzlab million dollarlik hisoblarni boshqarganlarini aniqlashdi.

Bilan savollariga Twitter va elektron pochta orqali javob bergan Karimova bu ishga aloqasi bo‘lmaganini aytib, barcha ayblovni o‘zining yaqin hamkori bo‘lgan MTS-O‘zbekiston shirkati sobiq boshqaruvchisi Bekzod Ahmedovga ag‘darishga urindi.

“Bu ish 2011 yil kuzida Soliq qo‘mitasining MTS-O‘zbekiston faoliyatini tekshirishi bilan boshlandi. Moliya idoralari nazariga o‘shanda MTS rahbari Behzod Ahmedov tushdi. Men uni, opasi, otasi-onasini Toshkentda universtetda o‘qib yurgan paytlaridan tanir edim. Lekin u bundan o‘zini Toshkentdagi daxlsiz odam etib ko‘rsatishda foydalandi. Xotirjamgina, oqibatini o‘ylab ham o‘tirmasdan maxsus sxemalar orqali abonentlar hisobidan mablag‘larni o‘zlashtirdi. Bu mojaroni shirkat doirasida hal qilish esa MTS qarshiligiga uchradi. Buning ortidan Behzod Ahmedov O‘zbekistondan qochdi. Kim bunga yordam berdim, qanday maqsadda?”, - deydi Gulnora Karimova Bilan jurnali muxbiri savollariga javob berar ekan.

Shveytsariya va Shvetsiyadagi pul yuvish bilan bog‘liq ishlarda qayta-qayta tilga tushayotgan shaxs O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovadir.

Internetga sizib chiqqan TeliaSonera shirkati menejerlarining yozishmalarida ham Karimova xonim nomi tilga olingan.

Gulnora Karimova bu ishga aloqadorligi iddao qilingan maqolalarni o‘ziga qarshi kompaniyaning davom ekanini aytib, bunda o‘z “muxoliflari”ni ayblaydi.

“Har qanday taniqli odamda bo‘lgani kabi, raqiblarim bu ishni mening nomimga bog‘lamoqchi bo‘lishdi. Teliasonera menejerlari e-mail yozishmalariga ko‘ra¸ go‘yoki shirkatning O‘zbekiston bozoriga kirishi men va singlim bilan bog‘liq shaxslar yordami bilan amalga oshirilgan. Men bu kabi hujumga birinchi marta duch kelayotganim yo‘q. 2011 yilda, Nyu Yorkdagi Moda haftaligida ham, 2010 yil may oyida Kanndagi festivalda ham, shuningdek Basel World yarmarkasida kollektsiyam taqdimotida ham menga qarshi hujumlar bo‘lgan. Bundan yaqin do‘stlarimga ham ziyon yetdi”, deb zorlanadi Shveytsariyada chop etiladigan jurnal muxbiriga Gulnora Karimova.

Bilan jurnali muxbiri TeliaSoneraning ichki hujjatlarida Karimova nomi tilga olinishini aytib, bu shirkatning O‘zbekistonga kirishida sizning ishtirokingiz bo‘lganmi, deb so‘raydi.

Bu savolga Gulnora Karimova: “Men shu ichki hujjatlarni ko‘rishni xohlar edim. Shvetsiyadagi Mannheimer Swartling advokatlar kollegiyasi o‘tkazgan mustaqil tekshiruv xulosasida mening nomim yo‘q. Men TeliaSonera vakillari bilan gaplashmaganman va uchrashmaganman", deb javob qiladi.

Gulnora Karimova o‘z mavqeidan kelib chiqqan holda, tayinlangan vakillarni ishlatmasligini, chunki bu doimo muammolar yaratishini qayd etadi.

"Men ishonchli vakillar bilan ishlamaslikni afzal ko‘raman. Chunki bu muammo manbai, ayniqsa¸ mening maqomim inobatga olinsa. Buni tajriba ko‘rsatgan" deb javob qiladi", ta‘kidlaydi Karimova.

Bilan jurnali muxbiri Gulnora Karimovadan Shvetsariyadagi unga oid ekani ishoniladigan shirkatlar yuzasidan savollariga ham aniqlik kiritishni so‘ragan.

"Shvetsariyada biznes qilishga meni diplomatik maqomim yo‘l qo‘ymaydi. Agar so‘nggi olti yil mobaynida Shveytsariyadagi biron biznesga aloqadorligimni biron real fakt bo‘lsa bu nafaqat Shveytsariya huquq-tartibot organlari, balki Jenevadagi BMT idorasi nazariga ham tushgan bo‘lar edi. Sababi¸ men O‘zbekistonning BMTdagi domiy vakiliman. Mening ismimni Zeromax, Interspan, Oxus Gold, Vim-Bilь-Dan, Carlsberg va boshqa shirkatlar bilan bog‘lashadi. Men bu yuzadan 2011 yilda Shveytsariya sudiga shikoyat qilmoqchi ham bo‘ldim, lekin diplomatik maqomim bunga yo‘l qo‘ymaydi. Meni Zeromax asoschilaridan biri deb noto‘g‘ri ta‘riflagan Shveytsariyadagi bir qator nashrlarga bu yuzadan e‘tirozimni yo‘lladim. Bu kabi ataylab qilingan hujumlarga qarshilik qilish uchun ko‘proq kuch kerak, bu esa meni Fond Forumdagi asosiy faoliyatimdan chalg‘itadi"¸ deydi Karimova.

Karimova 2008 yil sentyabr oyidan buyon O‘zbekistonning Jeneva BMT qarorgohi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili hisoblanadi.

Lekin Karimova xonim so‘nggi oylarda Jenevadagi ish yerida ko‘rinmay qolgan.

Bilan jurnali 2011 yilda O‘zbekiston birinchi qizlarining boyligi 1 milliard dollarni tashkil etadi, deya ularni Shveytsariyaning eng boylari ro‘yxatiga kiritgan edi.

Shveytsariya matbuoti ular 2009 yilda Jeneva ko‘li sohilida hashamatli villalarni sotib olganlari haqida yozgan.

Bilan jurnaliga ko‘ra, Gulnora Karimova sotib olgan uy narxi 18.2 million dollarga tengdir.

O‘zini davlatdan maosh olish hisobiga yashaydigan davlat mulozimi qilib ko‘rsatishga urinib kelayotgan Gulnora Karimovaning o‘zi bu boyliklar yuzasidan hech qachon izoh bermagan.
XS
SM
MD
LG