Линклар

Toshkent shahar Xo‘jalik ishlari bo‘yicha sudi Rossiyaga qarashli MTS shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi “O‘zdunrobita” mobil operatori kreditorlarining shirkatni bankrot deb e‘lon qilish to‘g‘risidagi arizasini qondirmadi.

RIA Novosti agentligining xabar qilishicha, xo‘jalik sudi “O‘zdunrobita” shirkati ustidan nazorat jarayonini 22 aprelga qadar uzaytirgan.

Shirkatga yaqin manbaga tayanib berilgan xabarda aytilishicha, “sud kreditorlarning shirkatni bankrot deb topish arizasini qondirmagan”.

Mazkur masala bo‘yicha sudning keyingi majlisi 22 aprel kunga belgilangan.

Shu yilning 18 yanvar kuni Toshkent shahar sudi “O‘zdunrobita” mobil shirkatining moliyaviy da‘volarni qondira olmasligi sababidan uni bankrot deb e‘lon qilish to‘g‘risidagi arizasini qabul qilgan edi. Shirkat ustidan nazorat o‘rnatilib, yangi muvaqqat rahbar tayinlangan edi.

5 mart kuni “O‘zdunrobita” kreditorlari majlisida shirkatni bankrot deb e‘lon qilish va uni tugatishni so‘rab, xo‘jalik sudiga murojaat qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

MTS shirkatiga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, "O‘zdunrobita" kreditorlari soni ko‘pdir, ularning asosiysi esa, O‘zbekiston hukumati hisoblanadi va Davlat soliq qo‘mitasi hukumat nomidan ish yuritadi.

Toshkent shahar Xo‘jalik sudining noyabr oyida chiqargan qaroriga ko‘ra, "O‘zdunrobita" shirkati o‘z zimmasiga yuklatilgan 600 million dollarlik moliyaviy da‘voni sakkiz oy ichida to‘lab bitirishi kerak edi.

15 yanvar kuni sud tomonidan belgilangan jarimaning navbatdagi qismi to‘lanishi lozim edi, ammo shirkatning O‘zbekistondagi hisob raqamida mablag‘ qolmagani bois bu talabni bajara olmagan.

Toshkent xo‘jalik sudi "O‘zdunrobita"ni bankrot deb e‘lon qilsa, O‘zbekiston Respublikasining "Bankrotlik haqida"gi qonuniga muvofiq shirkat 12 oy ichida tugatilishi kerak.

O‘zbekistonning eng yirik mobil shirkati hisoblangan "O‘zdunrobita" faoliyati o‘tgan yilning iyul oyida hukumat tomonidan to‘xtatib qo‘yilgan. Shirkatning to‘rt xodimi hibsga olinib, jarima va ahloq-tuzatish ishlariga hukm qilingan. Kompaniyaning O‘zbekistondagi mulki musodara qilingan.

O‘tgan yilning avgust oyida Toshkent shahar Xo‘jalik sudi O‘zbekiston Kommunikatsiya va axborot texnologiyalari agentligining "O‘zdunrobita"ga berilgan litsenziyani bekor qilish haqidagi qarorini o‘z kuchida qoldirgan.

Faoliyati to‘xtatilguniga qadar "O‘zdunrobita" O‘zbekistondagi eng yirik mobil aloqa operatori edi. Aloqasi mamlakatning 94 foizini qamrab oluvchi operator 9 milliondan ortiq abonentga xizmat ko‘rsatgan. Bu O‘zbekiston mobil aloqa bozorining 40 foizidan ortig‘idir.

“O‘zdunrobita” faoliyati to‘xtatilishi ortidan uning millionlab mijozi mamlakatda faoliyat yurituvchi boshqa shirkatlarga o‘tib ketdi.
XS
SM
MD
LG