Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:27

O‘sh militsiyasi vahimali xabarlarni rad etdi


O‘shda o‘zbeklar qo‘rqitilayotgani to‘g‘risidagi xabarlarni mahalliy militsiya rad etdi.

O‘sh o‘zbek milliy-madaniy markazi rahbari esa, bunday xabarlar uchun “asos yo‘q”, dedi.

Inson huquqlari himoyachilarining ba‘zilari fikricha, vahimali gaplarning urchishi ortida huquq-tartibot organlari safidagi ayrim kuchlar turibdi.

“O‘shda o‘zbeklarga tahdidlar davom etayotgani” to‘g‘risida fevralning oxiri va martning boshida Rossiya va G‘arbdagi 50 dan ziyod nashr yozgan edi. Aytilishicha, o‘zbeklar yashaydigan mahallalar aholisi noma‘lum shaxslar va huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘rqitilayotgan edi.

O‘sh viloyat ichki ishlar boshqarmasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari uchun asos bo‘lgan ma‘lumotnoma bo‘lmagan va uni tarqatgani aytilgan Ernis Sherimkulov ismli shaxs mavjud emas.

Boshqarma matbuot kotibi Jenish Ashirbayev Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bunday degan:

-O‘zini Ernis Sherimkulov, deb atagan fuqaro O‘sh shahrida oz sonli millatlarga tahdidlar qilinayotgani to‘g‘risida yozgan. Uning yozishicha, 2013 yilning 23 fevralidan 24-iga o‘tar tunda qirg‘iz yoshlari oz sonli millatlar vakillari yashaydigan mahallalarga, odamlarning uylariga kirib, eshiklarini tepgan. Qirg‘iz yoshlari “ko‘chib ketlaring, mulklaringni bizga xatlab ber, aks holda 2010 yilgi voqea takrorlanadi... deb tahdid qilgan”, degan ma‘lumotni tarqatgan o‘sha Ernis Sherimkulov, degan shaxs. Bu ma‘lumotlar yolg‘on. Haqiqatga zid. O‘sha kunlari militsiya bayram munosabati bilan kuchaytirilgan rejimda ishlagan, degan Jenish Ashirbayev.

Uning aytishicha, Ernis Sherimkulov ismli shaxsning o‘zi ham mavjud emas.

Ichki ishlar boshqarmasi vakili fikricha, vahima tarqatish “Qirg‘iziston va xususan O‘shda barqarorlik bo‘lmasligini istayotgan kuchlarning ishidir”.

O‘sh o‘zbek milliy-madaniy markazi raisi Abdurashid Xo‘jayevning Ozodlikka 11 mart kuni bildirishicha, vahima qilishga asos yo‘q.

-Yo‘q, bunday gap yo‘q. Kecha, mana, san‘atkorimiz Sardorbek Ahmedovning kontsertini o‘tkazdik. Bundan tashqari har kuni Boburxonlik kechalarini o‘tkazayapmiz, dedi Abdurashid Xo‘jayev.

Mahalliy tahlilchi Tologon Keldibekovning fikricha, vahimali gaplarning kuz yoki qishda emas, aynan havo isiy boshlagan kunlarda paydo bo‘lishi bejiz emas. Bu gaplar O‘sh va Jalolobodda boshlangan mitinglar fonida paydo bo‘lgani, tahlilchi fikricha, mamlakatdan tashqaridagi ayrim kuchlarning jonlanganidan dalolatdir.

O‘shlik inson huquqlari himoyachisi, millati o‘zbek Ravshan Gapirov esa, vahimali mish-mishlarni huquq-tartibot organlarining o‘zlari tarqatayotgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni bildirdi.

-O‘sha ma‘lumotnomani organlarning o‘zlari tarqatgan, deb o‘ylayman. Shanaqa vahima bilan o‘zbeklarni qo‘rqitib qo‘yib, keyin qo‘lga olganda pulni o‘zlariyoq qo‘shqo‘llab olib kelib beradi, degan maqsadni ko‘zlayapti ular. Ism-familiyani o‘zlari o‘ylab topib, uning nomidan yozilgan ma‘lumotnomani o‘zlari tarqatgan-qo‘ygan, degan Ravshan Gapirov.

Uning aytishicha, oddiy xalq – qirg‘iz – o‘zbek bir-biri janjallashmay yashamoqda.

O‘zbeklar qo‘rqitilayotgani to‘g‘risidagi gaplarni inkor etayotgan Ravshan Gapirov joriy yil 29 yanvarida O‘shda aka-uka imadinovlar: 32 yashar Jahongir va 30 yashar Farhodlar Rossiyadan qaytganidan ikki kun o‘tgach militsiya xodimlari tomonidan ushlab olib ketilgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Gapirovga ko‘ra, 29 yanvar kuni imadinovlar xonadoniga yuziga niqob taqqan va bir qismi qurolli bo‘lgan qariyb 20 militsiya xodimi bostirib kirgan. Jahongir va Farhodni avtomat qo‘ndog‘i bilan kaltaklaganlar.

Huquq himoyachisi o‘shanda “chet eldan pul ishlab qaytganlar kelishi bilanoq qo‘lga olinishi, ularga ayblov ilgari surilib, pullari tortib olinishi” to‘g‘risida yozgan edi.

O‘sh militsiyasi esa, o‘z vaqtida aka-uka imadinovlarning biri 2010 yil, “iyun voqealariga aloqadorlikda gumon qilinib”, ikkinchisi esa, “narkotiklar savdosiga aloqadorlikda gumon qilinib, xalqaro qidiruvda bo‘lgani” to‘g‘risida ma‘lumot tarqatgan.
XS
SM
MD
LG