Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 04:58

Usmonov ijtimoiy tarmoqlarga qiziqish bildirmoqda


Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tegishli USM Holdings Ltd. shirkati Mail.ru internet-xoldingidagi aktsiyalarini sotish evaziga “VKontakte” va Tele2 mobil aloqa kompaniyalarini to‘liq sotib olishi mumkin. Alisher Usmonov internetdagi ijtimoiy tarmoqlar eng yaxshi rivojlanayotgan investitsiya maydoni ekaniga ishonishini aytgani bunga ishora sifatida ko‘rilmoqda.

Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan va Forbes ro‘yxatiga ko‘ra, Rossiyaning eng badavlat kishisi sanalgan Alisher Usmonovning USM Group shirkati London birjasida Mail.ru Internet tarmog‘ining 15,5 million dona aktsiyasini sotgani ma‘lum bo‘ldi.

Mail.ru Group shirkatining 7,4 foizni tashkil etuvchi bu kapitalni sotganidan keyin Usmonov Rossiyada eng ommaviy sanalgan bu Internet-kompaniyasida jami 17,9 foiz paketini saqlab qoldi.

USM Group oldinroq imzolangan shartnomalarga ko‘ra, Mail.ru ning boshqa aktsiyalarini sotishga haqqi yo‘q, dedi “Vesti”ga bergan intervьyusida USM Advisors Bosh direktori Ivan Streshinskiy.

- Biz uchun Mail.ru strategik sarmoyamiz hisoblanadi. Biz kelgusi yarim yilga shartnoma asosida lock up, ya‘ni yarim yil davomida sotish huquqiga ega bo‘lmasak-da, bu muddat yakunlanganidan keyin ham Mail.ru ning boshqa aktsiyalarini sotish niyatida emasmiz,- dedi Ivan Streshinskiy.

Rasman e‘lon qilingan raqamlarga ko‘ra, London birjasida pullangan Mail.ru aktsiyalari Alisher Usmonov 559 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ undirgan.

Usmonovning Mail.ru tarmog‘iga bo‘lgan qiziqishi so‘nmasligiga kompaniya oxirgi bir necha yil davomida keskin o‘sish ko‘rsatayotgani va joriy yilning 28 martida o‘z aktsiyadorlariga 899 million dollar hajmida dividendlar to‘lanishi sabab bo‘layotgani aytilmoqda. 2012 yil natijalariga binoan, Mail.ru Groupning sof daromadi bir yilda 37 foizga o‘sgan.

1998 yilda tashkil etilgan Mail.ru Group, Internetning rus tilida so‘zlashuvchi segmentida yetakchilik qilib keladi. Hozirda kompaniya loyihalari, ayrim manbalarga ko‘ra, Rossiyaning 85 foiz Internet auditoriyasini qamrab olmoqda.
Shunga qaramasdan, o‘zining asosiy aktivlarini konchilik va metall ishlab chiqarish sohasida ko‘paytirgan Alisher Usmonov, so‘nggi paytlarda “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘iga katta qiziqish bildirayotganini yashirmayotir.

So‘nggi intervьyularidan birida, Alisher Usmonov “VKontakte” asoschisi biznesmen Pavel Durovni “Rossiyaning boyligi” deb atab, bu kompaniyadagi sarmoyalari hajmini ko‘paytirish niyatida ekanini ma‘lum qildi.

- Men sarmoyalarni oshirishni rejalashtiryapman, agarda bunga oqilona va bozorga mos imkoniyat yaratilsa. Bu haqda, ayrim tanaffuslar bilan, tinimsiz muzokaralar olib borilmoqda. O‘ylaymanki, shu yili biz natijaga erishamiz. Men bu kompaniyaga va uning Rossiya Internetining fenomeniga aylanishiga ishonaman,- deya bildirdi Alisher Usmonov.

Aytish joyizki, bundan ilgariroq Mail.ru asoschisi va rahbari Dmitriy Grishin “VKontakte” va “Odnoklassniki” tarmoqlarini birlashtirish rejalari borligini e‘lon qilishi Pavel Durovning keskin e‘tirozi va ikkita tarmoq rahbarlarining ochiqchasiga to‘qnashuviga olib kelgan.

Muammo Alisher Usmonovning o‘rtaga tushishi va Mail.ru rahbarlarini “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘ini o‘ziga qo‘shib olish niyatidan qaytargani tufayli bartaraf etildi. Hozirda Mail.ru “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i aktsilarining 100 foizi va "VKontakte” ning 39,9 foizini egallashi ma‘lum.

Ayni paytda, Usmonov boshqarayotgan birlashma “Megafon”, “Norilьskiy nikelь”, “Metalloinvest” kabi boshqa kompaniyalardan yirik dividendlar olish arafasida ekani ma‘lum bo‘ldi. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, bu kabi katta miqdorda “ortiqcha” mablag‘ nafaqat “VKontakte”, balki Rossiya mobil aloqa operatorlari orasida kattaligi jihatidan to‘rtinchi o‘rinni egallab kelayotgan Tele2 shirkatini sotib olishga sarflanishi mumkin.

Usmonov menejerlari bu mish-mishlarni rasman tasdiqlamayotgan bo‘lsa-da, Tele2 aktivlarining sotib olinishi Rossiyada “Megafon” kompaniyasining nufuzini keskin oshirib yuborishi mumkinligi aytilmoqda.

Alisher Usmonov rossiyalik hamkori Yuriy Milner bilan birga dunyoning eng yirik ijtimoiy tarmog‘i sanalgan Facebook ning 10 foiz hissasini sotib olgan.

U asos solgan "Metalloinvest" shirkati Rossiyaning eng yirik xom ashyo ishlab chiqaruvchi korxonasi hisoblanadi.

Usmonovga Digital Sky Technologies (DST) shirkatining 80 foizi, Rossiyaning Mail.ru Internet shirkatida 26,9 foizlik aktsiyalari, Muz-TV kanali aktsiyalarining 75 foizi, Londonning "Arsenal" futbol klubining 27 foizi tegishlidir.

2013 yil mart boshlarida e‘lon qilingan Forbes ro‘yxatida keltirilgan dunyoning eng badavlat 1426 kishisi orasida boyligi 18,1 milliard dollar deb baholangan Alisher Usmonov 34 o‘ringa qo‘yilgan.

Ammo, Bloomberg agentligi taxminicha, tadbirkorning boyligi 20 milliard 100 million AQSh dollari atrofidadir.
XS
SM
MD
LG