Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:30

Ozodlik radiosi o‘zbek xizmati 60 yoshda


Ozodlik radiosi ilk bor efirga chiqqaniga 60 yil to‘lishi munosabati bilan radio tarixiga oid turkum eshittirishlarni hozirladik. Bu lavhamiz radio yoyinlana boshlangan ilk yillarga oid kuzatishlardir.


Bundan 60 yil oldin, 1953 yilning 18 mart kuni Germaniyaning Myunxen shahridagi radiostantsiyadan o‘zbek tilidagi ilk eshittirish yangradi:

- Ozodlik radiosidan gapiramiz! Ozodlikdan gapiramiz! Assalomu alaykum.

Sovet Ittifoqidagi o‘zbeklar uchun hozirlangan ilk dastur Ozodlik nomi bilan efirga uzatildi va birinchi eshittirishidan hozirga qadar o‘z nomini o‘zgartirmay kelayotir. Bu nom o‘tgan 60 yil ichida butun dunyo o‘zbeklari biladigan taniqli brendga aylandi. (Radioning rus xizmati avvaliga "Osvobojdeniye" nomi bilan ish boshlab¸ keyinroq "Svoboda"ga aylangan edi.)

Ozodlikning o‘zbek xizmati ilk eshittirishlarida 1937 yilgi Stalin qatliomidan omon qolib¸ Yevropadan boshpana topgan o‘zbek oydinlari – Turkiston legioni tashabbuschi va yetakchilariga tayandi.

Ular orasida doktor Boymirza Hayit va Vali Qayumxonlar bor edi. Keyinchalik ular safiga Turkistonlik Jomboy¸ Chig‘atoy Ko‘char¸ Ra‘no Habib¸Temir Xo‘ja o‘g‘li¸ Anvarjon¸ yoqub Turon kabi mamlakat tashqarisida istiqomat qilayotgan oydinlar qo‘shildi.

Ozodlik radiosining ilk rahbari Husayn Ikrom efirga uzatilayotgan lavha va xabarlarning G‘arb jurnalistikasi qoidalariga uyg‘un tarzda xolis va tezkor bo‘lishini ta‘minlashga harakat qildi.


Temir pardani yirtgan ovoz


Tarix chig‘iriqlaridan omon chiqqan Turkiston oydinlari o‘zlarining erk¸ hurriyat va inson haqlari haqidagi tushunchalarini radioda ishlagan ilk kunlaridanoq imkon qadar qog‘ozga yozib¸ Ozodlik mikrofoni oldida o‘qishdi.

O‘sha paytda temir parda ortida bo‘lgan Sovet Ittifoqida bu dasturlarning kim va qanday eshitayotganini aniqlash qiyin edi.

AQShning Moskva markazidagi elchixona binosiga sovet do‘konlaridan sotib olingan radiopriyomniklar olib kelinib, Ozodlik dasturlarining eshitilish sifati tekshirildi.

Elchixona mutaxassislari dasturning texnik sifatidan qoniqishdi.

Sovet Ittifoqi hududiga o‘rnatilgan to‘lqin to‘suvchi uskunalar to‘ridan bo‘g‘ilaroq o‘tgan Ozodlik dasturlarini 1953 yilda o‘zbekistonliklar qanday eshitgani haqida ma‘lumot deyarli yo‘q.

O‘sha paytda 23 yoshda bo‘lgan tarixchi olim Goga Hidoyatov Ozodlik dasturlarini ilk bora eshitgan o‘zbeklardan biri.

Hozir 83 yoshda bo‘lgan professor Goga Hidoyatov avvaliga rus tilidagi dasturlarni eshita boshlaganini, keyinroq esa o‘zbekcha eshittirishlarni tinglaganini aytadi:

- 1959 yildan boshlab eshitganman. O‘zimda radioga qo‘yiladigan pristavka bor edi. O‘zi xavfli edi-da, eshitish. Menga bitta rus muhandisi to‘g‘rilab bergandi pristavkani. Bemalol eshitgandim.

Ozodlik: Mavzular nima edi? Nima haqda gapirishgan?

- Birinchidan, axborot. Bizda sovet davrida tashviqot, axborot bir tomonli bo‘lgandi. Shuning uchun axborotga juda qiziqqandim. Chunki, birinchidan, boshqa bir manbadan berilgan va boshqa ma‘noda berilgan. Shuning uchun, menimcha, 90 foiz odamlar eshitgandi o‘shanda. Ozodlik radiosimi, boshqa radiolarmi ahamiyati juda katta edi. Chunki o‘zimizga¸ o‘z muammolarimiz va ildizimizga qaragandik o‘shanda. Bu yoqda bunaqa gaplar bo‘lsa, sovet gazeta, radiolarda bunaqa bo‘lsa, dunyoda butunlay boshqacha jarayonlar ketayotgani bu juda katta gap edi. Shuning uchun sovet davrida sovet xalqida kayfiyat o‘zgarishida juda katta rol o‘ynagan edi. Menimcha, 60-yillarda men eshitgan bo‘lsam, 80-yillarda butun Sovet Ittifoqi eshitgan edi.

Ozodlik: Aniq bir mavzuni eslaysizmi?

- Birinchidan, Chernobil. Chernobilda bo‘lgan voqealarni sovet tashviqot manbalari bir hafta hech narsa demagan. Biz faqat Ozodlikdan bilgandik. Ozodlik har kuni aytib berardi shuni. O‘shanda, birinchi navbatda, sovet manbalariga shubha tug‘ildi. Demak, nafaqat sukunat, balki buzib berayotgani axborotni. Ikkinchidan, albatta Afg‘oniston. Afg‘on voqealarini biz sovet manbalaridan bilib, u yoqdagi voqealarni, u yoqdagi bo‘lgan jarayonlarni ko‘proq asosan Ozodlik¸ Svoboda, Bi-bi-si, Amerika ovozidan bilgandik. Shuning uchun o‘shanda bizning sovet xalqida bu alternativ jarayon bo‘lganini tasdiqlab bergan. Buning ahamiyati juda katta edi. Bu yoqda soxtalash, bunaqa narsa yo‘q edi. Faqat informatsiya berardi, deya eslaydi tarixchi olim.


Ozodlik tezkor axborot manbai


Tarixchi Goga Hidoyatov Ozodlik radiosini 1959 yildan beri eshita boshlagan bo‘lsa¸ 75 yoshli matematik olim, professor Otanazar Oripov Ozodlik dasturini 1965 yildan boshlab eshitganini aytish barobarida, bir jihatga e‘tibor qaratdi:

- 1965 yilda Toshkentda bir avtobus jarga qulab ketganda o‘shaning ertasiga “Ozodlikda aytibdi shu voqeani”, deb aytishdi. Ikkinchi ko‘prikning oldida jar bor. Suv to‘la bo‘lardi ko‘proq. Qish payti o‘zi. Sirpanchiq payti. Myasokombinat ishchilari ekan. O‘rtaovulda myasokombinatga ketayotgan ishchilar bir avtobus jarga qulab tushgan. Shundan bittami, ikkitami odam qutilib qolgan. Boshqa hammasi nobud bo‘lgan voqea bu. Shunaqa voqealar, hodisalar ko‘p bo‘lardi. Biz bilmasdik qayerdan olib aytadi. Mana shu shaharda bo‘lib ko‘ra olmay, eshita olmay qolamiz. Politexnika institutida ishlab yurgan vaqtlarim. VUZgorodokda olimlar, studentlar o‘rtasida “Ozodlik eshitasanmi?” deb so‘rashardi bir-biridan. Eshitish kerak, eshitmasang sen ziyoli emas ekansan, degan gaplarni eshitganmiz. Millatimizning kelajagini o‘ylash uchun, fikrlash uchun, xizmat qilish uchun Ozodlik radiosini eshitmasang, sen ziyoli bo‘la olmaysan, degan gaplarni eshitganmiz. Shundan keyin eshitadiganlar juda ko‘paygan.


Sovuq urush mahsuli


Ikkinchi Jahon urushi asoratlari bitib¸ kapitalistik va kommunistik mafkurani o‘ziga dasturilamal qilib belgilagan ikki qutblik dunyoda Sovuq urush shamollari esa boshladi. Bu urushning asosiy jabhalaridan biri axborot va propaganda deb topildi.

1950 yilda AQSh Davlat departamenti va o‘shandagi Siyosiy muvofiqlashtirish idorasi (keyinchalik Markaziy razvedka boshqarmasi)ning yetakchi mulozimlari SSSR va Sharqiy Yevropadan qochgan siyosiy dissidentlar iste‘dod va bilimidan Amerika tashqi siyosatini bu hududlarda yoyish maqsadida foydalanishga imkon beruvchi ikkita alohida radio tuzishga qaror qildilar.

Shu tarzda 1950 yilda Bolgariya¸ Chexoslavakiya¸ Vengriya¸ Polsha va Ruminiyaga mahalliy tillarda radioeshitttirish uzatuvchi Ozod Yevropa¸ 1953 yilda esa¸ SSSR hududiga rus va yana 15 milliy tilda yangilik tarqatuvchi Ozodlik radiostantsiyalari ish boshladi.

Ikkala radio faoliyati ham avvaliga AQSh Kongressi orqali Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan moliyalashtiriladigan bo‘ldi.

1971 yilda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining radiolar faoliyatidagi roli tugatildi va radiostantsiyalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kongress tomonidan moliyalanadigan bo‘ldi.

1976 yildan boshlab bitta tashkilotga birlashtirilgan Ozod Yevropa/Ozodlik radiostantsisi faoliyati Xalqaro eshittirishlar boshqaruv kengashi tomonidan nazorat qilinadi.

Kommunist rejimlar ilk kunlaridanoq bu radio ovozini o‘chirish¸ muxbirlarini qo‘rqitish va terror qilishni boshladilar; 1981 yilda radioning Myunxendagi bosh qarorgohida Ruminiya maxfiy xizmatlari tomonidan qo‘yilgan bomba portladi.

Ammo oradan atigi 4 yil o‘tib Sovet Ittifoqida iqtidorga kelgan Mixail Gorbachevning oshkoralik siyosati kommunizm inqirozini yaqinlashtirgan bomba kabi bo‘ldi.

Navbatdagi lavhamiz Ozodlik uchun yangi imkoniyatlar olib kelgan Gorbachev davridagi faoliyatimizga oid hikoyalardan iborat.
XS
SM
MD
LG