Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:09

Prezidentni sudga tortgan kosonlik huquq faoli o‘n yilga qamaldi


O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryo viloyati bo‘limi a‘zosi Cho‘yan Mamatqulov o‘n yilga ozodlikdan mahrum etildi. Huquq faoli O‘zbekiston jinoyat Kodeksining o‘ndan ortiq moddalari bilan ayblangani aytilmoqda.

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Obron qishlog‘ida istiqomat qilgan Cho‘yan Mamatqulov o‘tgan yilning kuzida ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan hibsga olinib, sud hukmi bilan dekabr oyida10 yilga ozodlikdan mahrum etilgani aytilmoqda.

Cho‘yan Mamatqulov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining kuchli ta‘sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallash, tovlamachilik, diniy tashkilotlarga a‘zolik kabi moddalari bilan ayblangan.

O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari Gulshan Qorayevaning aytishicha, Cho‘yan Mamatqulov o‘tgan yilning noyabr oyida mashinasida narkotik modda topilganligi aybi bilan hibsga olingan:

- Men advokatlarning o‘zaro gapini eshitdim. O‘tgan yilning noyabr oyida Cho‘yan Mamatqulov Milliy bank idorasining oldida qo‘lga olingan ekan. Go‘yoki uning “Matiz” mashinasidan narkotik modda topilgan ekan, uni podstavit qilishgan deb aytishyapti,- deydi Gulshan Qorayeva.

Koson tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi ham Ozodlik bilan suhbatda Cho‘yan Mamatqulovning psixotropik moddalar saqlash aybi bilan hibsga olinib, o‘n yilga ozodlikdan mahrum etilganini tasdiqladi.

Mustaqil jurnalist To‘lqin Qorayevga ko‘ra, shartnoma asosida harbiy xizmatda bo‘lgan Cho‘yan Mamatqulov 2000 yilda ishdan bo‘shatilganidan so‘ng o‘z haqini tiklash uchun turli idoralarga murojaat qilgan. Uning arizalari naf bermagach, u O‘zbekiston Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Islom Karimov ustidan sudga shikoyat qilgan:

- Cho‘yan mahalliy sud idoralaridan adolat topolmagach, prezidentni sudga bergani 2004 yilda Toshkentga keladi. U fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudiga bosh qo‘mondon Islom Karimovni javobgarlikka tortish haqida ariza beradi. Men o‘sha paytgacha biror kishi prezidentni sudga beribdi deb, eshitmagan edim. U suddan 10 million so‘mlik moddiy va ma‘naviy zararni undirib berishni so‘raydi. Sud uning arizasini qabul qiladiyu lekin javobgar tomonni chaqirmaydi. Undan so‘ng u Oliy Sudga murojaat qiladi. Biroq bu arizalar ham inobatsiz qoladi,- deydi To‘lqin Qorayev.

Respublika sudlaridan adolat topolmagach, Cho‘yan Mamatqulov inson huquqlarini himoya qilish faoliyatini boshlaydi va o‘sha paytda Tolib Yoqubov rahbar bo‘lgan O‘zbekiston inson huquqlari jamiyatiga a‘zo bo‘ladi.

Koson tumanidagi “Do‘stlik” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Baxtiyor Norov Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Cho‘yan Mamatqulov fermerlarni va oddiy odamlarning huquqlarini himoya qilganini aytdi:

- U bizning qishloqda yashaganu, lekin faoliyat doirasi tashqarida bo‘lgan. Xo‘jalik sudlarida juda ko‘p fermerlarni huquqlarini himoya qilgan deb eshitganman. Uni yomon odam edi deyishga bizda asos yo‘q,- dedi Baxtiyor Norov.
XS
SM
MD
LG