Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:47

Gulnora Karimova yana prezidentlik ambitsiyalari haqida gapirdi


O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich Gulnora Karimova "Celebrity Scene News" PR agentligi muxbiri bilan suhbatda kelajakda prezidentlikka o‘z nomzodini ilgari surishini ehtimoldan istisno qilmasligi haqida gapirdi.

Karimova xonim Celebrity Scene News PR agentligi muxbirining O‘zbekiston prezidenti bo‘lganingizda o‘zingizni qanday xis qilgan bo‘lardingiz degan savoliga: "O‘zimda buni sinab ko‘rmagunimcha, bu savolga javob bera olmayman. Hozirgi ahvolimdan mamnunman. Men biron loyihani bajara olishiga ishonch hosil qilmaguncha, qadam tashlamaydigan odamman. Men bosqichma-bosqich harakat qilishni afzal ko‘raman",- deb javob bergan.

Toshkentda oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan Art week festivali payti yozib olingan mazkur suhbat Internetda hozir e‘lon qilinmoqda.

Qariyb qirq daqiqalik suhbat chog‘ida Gulnora Karimova asosan Fond Forum doirasidagi o‘zining hayriya ishlariga batafsil to‘xtalgan.

Celebrity Scene News PR agentligi muxbiri Piter Alman Gulnora Karimovani “Malika” deb ta‘riflarkan, uning prezidentlik ambitsiyalari haqida qayta-qayta so‘raydi.

"Tanqidchilarim meni "Malika" degan nomdan foydalanayapti, deya tanqid qilishadi. Lekin qilayotgan ezgu ishlarimizni ko‘rayotganlar ham menga nisbatan huddi shu so‘zni, "Malika" so‘zini ishlatishadi. Men esa bundan kulaman”,- deydi Gulnora Karimova.

Gulnora Karimova diplomatik faoliyatidan tashqari, qo‘shiqchilik, zargarlik, modelьerlik va shoirlik kabi faoliyatlari bilan ham tanilgan.

Celebrity Scene News PR agentligi muxbiri undan endi aktyorlikni ham sinab ko‘rmaysizmi deb so‘rar ekan, u buni ham istisno qilmasligini ta‘kidladi.

"Menga bir necha takliflar kelib tushdi. Art week festivalida takliflar bo‘ldi. Bu mening hayotimda juda bir qiziq, kutilmagan burilish yasagan bo‘lardi. Lekin mening ishim ko‘pligi tufayli buning imkoni bo‘lmasa kerak. Lekin, "hech qachon hech qachon" deyishadi. Menimcha, bu qanday g‘oya, jamoa, yo lahzaga bog‘liq bo‘ladi. Men shundoq ham san‘at bilan ko‘p shug‘ullanaman, shunday ekan jon deb bir qiziq hikoyaning bir qismi bo‘lishni xohlardim",- deb aytgan Gulnora Karimova.


Ambitsiyali har bir odam prezident bo‘lishi mumkin


O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi o‘z yetakchiligidagi Fond Forumning dekabr oyida o‘tkazilgan hisobot anjumanida ham jurnalistlar savollariga javob berar ekan kelgusida prezidentlikka nomzodini ilgari surishi ehtimolini nazardan soqit qilmagan edi.

RIA Novosti axborot agentligi muxbirining “o‘zingizni O‘zbekistonning potentsial prezidenti prezidenti sifatida ko‘rasizmi”, degan savoliga Karimova xonim “ambitsiyali hamda miyasi joyida va intiluvchan har bir odam potentsial davlat rahbari bo‘lishi mumkin”, deb javob qaytargan edi.

O‘shanda Gulnora Karimova o‘zini ham ambitsiyali odam deb hisoblashini qo‘shimcha qilar ekan: "Men ba‘zida o‘zim uchun potolok (imkoniyatlarim chegarasi demoqchi-tahr.) nima, degan savolga javob berishga qiynalaman, lekin o‘zimni rivojlanayotgan inson sifatida aniq chegara qo‘yilmagan kishi deb hisoblayman", degan edi.

41 yashar Gulnora Karimova faoliyati keyingi yillarda O‘zbekistonning ham ichida ham tashqarisida jamoatchilikka faol ko‘rina boshladi.

Bu hol esa O‘zbekistonda Karimova xonimning prezident otasiga voris bo‘lishga tayyorlanmoqda, degan fikrlarga turtki bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG