Линклар

logo-print

Qirg‘iziston O‘IH faollashishi mumkinligidan tashvishda


O‘zbekiston islomiy harakati jangarilari Afg‘onistonning Qunduz viloyatida. Jurnalist Igor Rotar arxividagi fotosurat.

O‘zbekiston islomiy harakati jangarilari Afg‘onistonning Qunduz viloyatida. Jurnalist Igor Rotar arxividagi fotosurat.

Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasi ikki davlat harbiylari tomonidan hamkorlikda nazorat qilinadi. Bunday ma‘lumot joriy yilning bahor-yoz mavsumida O‘zbekiston islomiy harakati faollashishi mumkin ekani to‘g‘risida yoyinlangan xabarlardan so‘ng paydo bo‘ldi.

Qirg‘iziston Chegara xizmati 14 mart kuni qirg‘iz va tojik chegara qo‘shinlari qo‘mondonlari Isfara shahrida uchrashib, davlat chegarasini hamkorlikda qo‘riqlashga kelishib olganlarini ma‘lum qildi. Imzolangan shartnomaga muvofiq ikki davlat chegarachilari barcha yo‘lovchilarni va yuk avtomashinalarini bir guruhga birlashgan holda tekshiradi, chegaradagi favqulodda hodisalarni esa davlatlararo komissiya tekshiradi.

Bayonotda qanday tahdidlar yoki favqulodda holatlarning oldini olish maqsadida bunday qarorga kelingani aytilmagan. Qirg‘iziston Chegara xizmati rahbari To‘qo‘n Mamitov esa Ozodlik radiosiga bergan suhbatida Markaziy Osiyoga terrorchi guruhlarning yaqinlashib kelayotgani sezila boshlaganini bildirdi.

-Bundan 3-4 kun avval Tojikiston bilan Afg‘oniston chegarasida toliblar bilan afg‘on xavfsizlik kuchlari o‘rtasida katta jang bo‘ldi. Jangda 40 odam, asosan Afg‘oniston hukumati harbiylari halok bo‘ldi. Bu voqea terrorchi jangari guruhlar Markaziy Osiyoga yaqinlab qolganini ko‘rsatdi, -dedi To‘qo‘n Mamitov.

Rasmiy O‘zbekiston chegarachilari rahbarlari bilan ham uchrashganini va xavfsizlik masalaslari muhokama qilinganini aytdi.

Mazkur uchrashuvlar arafasida “Interfaks –Qozog‘iston” axborot agentligi O‘zbekiston maxsus xizmatidagi manbaga tayangan holda, shu yilning yozida Farg‘ona vodiysida O‘zbekiston islomiy harakatining faollashuvi kutilayotganini xabar qilgan edi. Agentlikka O‘zbekiston maxsus xizmatidagi manba Afg‘oniston va Pokistonda O‘zbekiston islomiy harakati o‘z safiga yangi a‘zolarni jalb qilayotgani to‘g‘risida tezkor ma‘lumotlar olinganini bildirgan.

Biroq xavfsizlik masalalari bo‘yicha bishkeklik ekspert, general Artur Medetbekov O‘zbekiston islomiy harakatining faollashuvi va uning Markaziy Osiyoga tahdid solishi mumkinligi to‘g‘risidagi gaplarni o‘ta bo‘rttirilgan deb hisoblaydi.

-1999 yilda bo‘lgani kabi 200-300 kishilik guruh hozir chegaradan o‘ta olmaydi, chunki vaziyat 99 -yilgiday emas. Qirg‘iziston Kollektiv xavfsizlik tashkilotining a‘zosi hisoblanadi. Bundan tashqari Qantda Rossiyaning, Manasda esa NATOning harbiy bazalari bor, - dedi Artur Medetbekov.

Shu bilan bir qatorda, ekspert terrorchi guruhlarning mintaqa davlatlari ichidagi yacheykalari faollashuvining oldini olish va ularning bir davlatdan ikkinchi davlatga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida chegaralarni kuchaytirlgan tarzda qo‘riqlash lozimligini e‘tirof etdi.

O‘zbekiston islomiy harakati 1999 va 2000 yillarda Qirg‘izistonning Botken viloyatiga yashirin yo‘llar bilan yetib kelgan va qirg‘iz qurolli kuchlari bilan jang qilgan edi. Bu janglarda Qirg‘iziston harbiylaridan 70 kishi halok bo‘lgan va yuzdan ortiq askar yaralangan.
XS
SM
MD
LG