Линклар

logo-print
Shu yilning 6 mart kuni O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli, jurnalist Dilmurod Sayyid O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tizimidagi 64/36-sonli muassasadan Toshkentdagi 18-sonli maxsuslashtirilgan koloniya (Sangorod)ga olib kelingan. Bunga jurnalistning sog‘lig‘i jiddiy yomonlashgani sabab bo‘lgan.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan mahkumning ukasi Obid Saidov 17 mart kuni akasi bilan 64/18-muassasada uchrashgani, jurnalistga Navoiy qamoqxonasi tibbiy bo‘limi tomonidan nevroz xastaligi tashxisi qo‘yilganini aytdi.

Hozirda jurnalist mukammal flyurografik tekshiruvlardan o‘tmoqda, tekshiruv natijalari uning qamoqda qolishini belgilaydi.

- Akam juda ozib ketgan, vazni 52 kilogrammga tushib ketgan. U o‘zini yomon his qilmoqda, o‘tkir surunkali sil xastaligi xuruj qilyapti. Menga jismoniy qiynoqlarning yo‘qligini aytdi, ammo ruhan tushkun ahvolda, - dedi Obid Saidov.

Shuningdek, Dilmurod Sayyid ukasi bilan uchrashuvda shu yilning 22 fevralida Navoiydagi qamoqxonada muassasa tartibini buzganlik aybi bilan 10 kunlik jazo kartseriga tashlangani haqida gapirgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, jurnalistga jismoniy normativlarni bajarishdan bo‘yin tovlash epizodi bilan jazo tayinlangan va bunga uning qamoqxonadan xat chiqargani, maktubning ommaviy axborot vositalarida e‘lon qilingani sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatining 18 mart kuni ushbu hodisa yuzasidan tarqatilgan bayonotida aytilishicha, jamiyat jurnalistga qo‘llangan jazo va uning ayni paytdagi ahvoli yuzasidan Navoiy viloyati maxsus prokuraturasiga murojaat qilgan, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi JIEBB ma‘muriyatidan esa izoh so‘ramoqda.

Eslatib o‘tamiz, Dilmurod Sayyid 2010 yilning iyunida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati Toyloq tumani sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi bilan 12,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

U shu paytga qadar O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBBning Navoiy shahridagi 64/36-muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan edi.
XS
SM
MD
LG