Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:53

Coca-Cola O‘zbekiston shirkatida ishlab chiqarish to‘xtatildi


"Coca-Cola Icihmligi Uzbekiston, LTD" kompaniyasining Toshkent va Namangandagi ikkita zavodida ishlab chiqarish to‘xtatildi. Kompaniya xodimlari ichimlikni ishlab chiqarishda ishlatiladigan kontsentratlarning yetishmayotgani bilan izohlashmoqda. Ayni paytda, shirkatning mintaqaviy idorasi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda ishlab chiqarish to‘xtatilganiga oid xabarlarni inkor qildi.


"Coca Cola O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatayotgani yo‘q"


Coca cola kompaniyasining Yevrosiyo va Afrika hududi bo‘yicha rasmiy vakili Sebastian Van Der Vegt Ozodlik so‘roviga javoban O‘zbekistonda Coca Cola ichimligi taqchilligi bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritdi.

- Vaziyatga aniqlik kiritmoqchiman. O‘zbekistondagi faoliyatimizni to‘xtatayotganimiz yo‘q. Biz shunchaki o‘z mahsulotimizni bozorga yetkazib berish bilan bog‘liq muammoga duch kelyapmiz. Ayni paytda mahsulotimizni iste‘molchilarga tezroq yetkazib berish muammosini hal etish uchun ta‘minot tizimidagi hamkorlarimiz bilan yaqindan ish olib bormoqdamiz,- dedi Sebastian Van Der Vegt.

Coca Cola vakili muammo aniq qachon hal etilishini mumkinligi aytmadi, ammo tez orada vaziyat yana iziga tushishiga ishonch bildirdi.


“Kontsentrat yo‘q”


Coca-Cola kompaniyasining Markaziy Osiyodagi eng yirik zavodi hisoblangan Toshkent shahrining Bektemir tumanida joylashgan "Mega" zavodida shu kunlarda Coca-Cola ichimligi ishlab chiqarilmayapti.

Zavod xodimlaridan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, ishlab chiqarishda ishlatiladigan kontsentratning yetishmayotgani bois ichimliklarni ishlab chiqarish to‘xtatilgan.

“Kontsentrat yo‘q, shuning uchun Coca-Cola vaqtincha ishlab chiqarilmayapti”, dedi ismini oshkor qilmayotganimiz suhbatdosh.

Zavod xodimi ishlab chiqarish qachon to‘xtatilgani va qachon ishga tushishiga oid ma‘lumotlarni ochiqlashni istamadi.


“Modernizatsiya tufayli ish to‘xtadi”


O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga qarashli ekani aytiladigan Coca-Cola Uzbekistan korxonasining Namangandagi zavodida ham so‘nggi 20 kun ichida ishlab chiqarish to‘xtatilgan.

Zavodning o‘zini tanishtirmagan mas‘ul xodimlaridan biri Coca-Cola ishlab chiqarilmayotganini zavodda bo‘layotgan modernizatsiya ishlari bilan bog‘ladi.

- Bizlarning liniyamizda modernizatsiya bo‘layapti hozir. Namangan zavodida. Boshqa zavodlarni to‘g‘risi men bilmadim. Lekin keltirishayapti Toshkentdan Coca-Colani. Savdoga chiqayapti. Namanganning ishlab chiqarish liniyasida modernizatsiya bo‘laëtganligi sababli hozircha to‘xtatib turilibdi. 15-20 kun bo‘ldi,- dedi zavod xodimi.

Suhbatdoshga ko‘ra, modernizatsiya ishlari bir haftadan so‘ng nihoyasiga yetib, ishlab chiqarish yana yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Shirkatning Urganchdagi uchinchi zavodi mas‘ullaridan biror ma‘lumot olish imkoni bo‘lmadi.


“Coca-Cola sotuvda yo‘q”


Toshkent shahridagi yirik va kichik do‘konlarda fevral oyining ikkinchi haftasidan boshlab Coca-Cola tanqislasha boshladi.

Bugungi kunda poytaxtdagi supermarketlarning birortasidan ham Coca-Cola ichimligini topish amrimahol.

Jumladan, Toshkentda o‘nlab do‘konlariga ega bo‘lgan “Korzinka.uz” tarmoq do‘konlaridan Coca-Sola ichimligi butunlay “g‘oyib bo‘lgan”.

- Sola chiqmayapti hozir. Kichik do‘konlarda avvaldan qolganlari bo‘lmasa, katta do‘konlarda umuman qolmagan,- dedi o‘zini tanishtirmagan “Korzinka.uz” xodimi.

O‘zbekistondagi yagona gipermarket - “Megaplanet”da ham vaziyat shunga o‘xshash.

- Coca-cola yo‘q. Qachon bo‘lishi ham noma‘lum. Hech kim bilmaydi. Bugun men ham surishtirgandim, “noma‘lum” deyishdi,- deydi o‘zini tanishtirmagan “Megaplanet” xodimi.

Coca-Cola kompaniyasining mas‘ullariga ko‘ra, hozirda ichimlik sotuvdan butunlay yo‘qolmagan, zavod omborlaridagi avval ishlab chiqarilgan ichimliklar hozir sotuvga chiqarilayapti.

Ozodlik muxbiri Coca-Cola shirkati dilerlaridan biri bilan bog‘lanib, o‘zini mijoz sifatida tanishtirganida quyidagicha javobni oldi.

- Bizlar faqat kola sotmayapmiz. Bizlarda assortiment. Assortiment bilan sotilayapti. Quruq kolaning o‘zi yo‘q. Fantasiyam, Fanta limonadiyam, gazli, gazsiz suvlariyam bor. Kola olaman desangiz, shunaqa assortimentlarni ham olishingizga to‘g‘ri keladi.

Ozodlik: Demak, bu majburiy.

- Hozir hech qayerda sizga quruq kolaning o‘zini bermayapti, dedi ismini oshkor qilmayotganimiz diler qiz.


Coca-Cola va prezidentning qizi: Tarix


O‘zbekistonda Coca-Cola kompaniyasining paydo bo‘lishi prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova va uning sobiq eri Mansur Maqsudiy shaxsi bilan bog‘lanadi.

Gulnora Karimova 1991 yilda amerikalik o‘zbeklardan bo‘lgan Maqsudiylar oilasiga kelin bo‘lib tushgach, quda tomon 1994 yilning martida Toshkentning “Besh-yog‘och” dahasida Coca-Cola zavodini ishga tushirgan.

O‘sha paytda mazkur kompaniya Gulnora Karimovaning sobiq eri Mansur Maqsudiyga tegishli bo‘lgan.

2001 yilning avgustida Gulnora Karimova Mansur Maqsudiy bilan ajrashgach, Coca-Cola kompaniyasida taftish boshlanib, Maqsudiylarning bir qancha qarindoshi qamoqqa tashlangan.

Keyinchalik Gulnora Karimova Coca-Cola kompaniyasi ustidan to‘la shaxsiy nazoratini o‘rnatgani aytiladi.


Coca-Cola va prezidentning qizi: Bugungi kun


O‘tgan yilning iyul oyida "Coca-Cola Icihmligi Uzbekiston, LTD" kompaniyasining ikki xodimi Shoxrux Sobirov va Alisher Ergashevlar Jenevada hibsga olingan edi.

Shveytsariya prokuraturasi bu ikki shaxs pul yuvishga doir jinoyat ishi doirasida qo‘lga olinganini Ozodlikka ma‘lum qilgan edi.

Bu ishlarga bevosita Gulnora Karimova ham aloqador bo‘lishi mumkinligi aytildi.

2012 yilning 16 oktyabr kuni Shveytsariya Bosh prokuraturasi Shoxrux Sobirov va Alisher Ergashevni garov evaziga qo‘yib yubordi. Biroq tergov ishi davom etishi haqida ma‘lum qildi.

Alisher Ergashev Shvetsiya bosh prokuraturasi tergov qilayotgan mamlakatning eng yirik telekom shirkati TeliaSonera O‘zbekistonda biznes qilish uchun Gulnora Karimovaga 320 million AQSh dollari miqdorida pora berganiga oid jinoiy ishda ham asosiy figurantlardan biridir.

Ozodlik muxbiri 18 fevral kuni Coca-Cola kompaniyasining yuristi Irina Krilova bilan bog‘langanida, u Shoxrux Sobirov va Alisher Ergashev hozirda kompaniyada o‘z vazifasini davom etirayotganini aytdi. Biroq yurist Sobirov bilan Ergashevning kompaniyada nima vazifada ishlashini ochiqlashdan bosh tortdi.
XS
SM
MD
LG