Линклар

logo-print

I. Karimov: Bolalarning 92 foizi JSST andozalariga mos


Prezidentga ko‘ra, 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarning o‘rtacha bo‘yi 10 yilda 3 santimetrga o‘sgan.

Prezidentga ko‘ra, 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarning o‘rtacha bo‘yi 10 yilda 3 santimetrga o‘sgan.

Bolalar sportini rivojlantirish homiylik kengashining 15 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan majlisida mazkur kengash raisi, Prezident Karimov ma‘ruza qilar ekan, shu kunda “92 foiz o‘g‘il-qizlarimizning vazni va bo‘yiga doir ko‘rsatkichlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la mos keladi”, dedi.

Prezident ma‘ruzasida keltirilgan bu va boshqa ma‘lumotlar bolalar salomatligini saqlash masalasida O‘zbekiston Rossiyadan ilgarilab ketganini ko‘rsatayotganday.

Biroq bu sohada faoliyat yurituvchi xalqaro tashkilot vakiliga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekistonda bolalar salomatligiga oid so‘nggi tadqiqotni bundan 8 yil oldin o‘tkazgan va Prezident keltirgan ma‘lumotlar xalqaro tashkilotlar uchun ham yangilikdir.

O‘zbekiston Prezidentiga ko‘ra, “so‘nggi o‘n yilda 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘rtacha vazn ko‘rsatkichi 43 kilogrammdan 47 kilogrammga, qizlar o‘rtasida esa 44 kilogrammdan 48 kilogrammga” ortgan.

Davlat rahbari ma‘ruzasida mana bu ma‘lumot ham bor: so‘nggi 10 yilda ”Bolalarning bo‘yi esa o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘rtacha 3 santimetrga, qiz bolalar o‘rtasida esa 2,9 santimetrga o‘sgani aniqlangan”.

Qiyoslash uchun : Bolalar sportini rivojlantirish homiylik kengashining 2011 yil fevralida bo‘lib o‘tgan majlisida Prezident mana bunday degan edi:

“So‘nggi 5 yil ichida 10 – 14 yoshdagi o‘g‘il bolalarning bo‘yi o‘rtacha 2,3 santimetrga, qizlarning bo‘yi 2 santimetrga o‘sdi, vazni esa, o‘g‘il bolalarniki 2,6, qizlarniki 2,9 kilogrammga ortdi”.

Bu yutuqlar sababi to‘g‘risida gapirar ekan, O‘zbekiston rahbari o‘z ma‘ruzasida “Aytish kerakki, bu ko‘rsatkichlar shunchaki oddiy raqamlar emas. Ularning zamirida bizning mustaqillik yillarida yurtimizda dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida qilayotgan qancha-qancha mehnatlarimiz, shu borada erishayotgan ulkan yutuqlarimiz mujassamdir”, degan.

Davlat rahbari o‘z nutqi davomida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilganidan buyon o‘tgan 10 yil davomida mamlakatda barpo etilgan va ta‘mirlangan sport inshootlari, mamlakat sportchilari erishgan yutuqlar to‘g‘risida batafsil hisob berdi.

Prezidentga ko‘ra, shuningdek, “2003 yilda harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan yigitlar 67,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2012 yilda bu ko‘rsatkich 82,5 foizga yetgan”.

Qiyoslash uchun: 2011 yil, sentyabrda Rossiya mudofaa vazirligi Bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosari Vasiliy Smirnov o‘z mamlakatida xizmatga chaqirilgan yoshlarning 65,2 foyizigina yaroqli, deb topilgani to‘g‘risida bayonot bergan edi.
Rossiyalik olim, tibbiyot fanlari doktori Yelena Antonovaning Internetda e‘lon qilingan bolalar va o‘smirlar salomatligiga doir ilmiy ishidan birgina parcha keltiramiz:

“Rossiya pediatrlarining XIV Kongressi rezolyutsiyasida 2000 yildan beri yoshi 14 gacha bo‘lgan bolalar orasida kasalliklarga chalinish 8,5 foizga oshgan bo‘lsa, 15-17 yasharlar orasida bu ko‘rsatkich 69,5 foizni tashkil qilgani ko‘rsatib o‘tilgan”, deb yozadi doktor Antonova.

Demak, o‘zbekistonlik boalar rossiyalik tengdoshlariga qaraganda sog‘lomroq va bu sohadagi ahvol Prezident Karimovga ko‘ra, yildan yilga yaxshilanib bormoqda.

Chindan ham shundaymi? Bu savolni shu sohadagi vaziyatni o‘rganish bilan shug‘ullanadigan xalqaro tashkiloti Toshkentdagi vakolatxonasining mas‘ul vakiliga berdik.

Ismi oshkor qilinmaslik sharti bilan gapirgan mutaxassisning aytishicha,

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti andozalariga moslik masalasi bo‘yicha tadqiqotlar O‘zbekistonda so‘nggi bor 2005 yili o‘tkazilgan. U ham bo‘lsa, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasidagi tadqiqotlar edi. Undan keyin O‘zbekistonda bu sohada xalqaro tadqiqot o‘tkazilgan emas. Shuning uchun o‘zbekistonlik bolalarning 92 foizi bo‘yi va vazniga ko‘ra JSST andozalariga mos keladi, degan bayonot yuzasidan bir narsa deya olmayman. Bolalarning o‘rtacha bo‘yi 3 santimetrga o‘sgani to‘g‘risida esa, men birinchi marta eshitayapman”, dedi xalqaro tashkilot mutaxassisi.

Masalaning yana bir jihati - bolalar sportini rivojlantirishning asosiy yuki korxona va tashkilotlar zimmasiga tushayotgani to‘g‘risida Ozodlik radiosi bir necha kun avval maxsus eshittirish tayyorlagan edi.
XS
SM
MD
LG