Линклар

O‘zbeklar hayotiga tanqidiy yondashilgan filmlari bilan tanilgan kinorejissyor Jahongir Qosimov “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori etib tayinlandi. Rejissyorni taniganlar o‘zbek kinosida sal bo‘lsa ham ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilmoqda.

Jahongir Qosimov yozuvchi Murod Muhammad Do‘st va shoir Aleksandr Faynberg bilan birgalikda yozgan senariysi asosida suratga olingan "Dev va pakana" filmi bilan tanilgan.

"Dev va pakana" filmi o‘zbek shou dunyosidagi korruptsiyani hajv qiladi.

Film stsenariysi muallifi Murod Muhammad Do‘stning Ozodlik muxbiri bilan suhbatiga ko‘ra¸ filmda kinoindustriya va shou dunyosidagi devlar va pakanalar allegoriya qilingan.

2004 yilda suratga olingan “Dev va pakana” filmi Anapadagi “Kinoshok” festivalida “Eng yaxshi erkak roli” uchun mukofotni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2007 yilda katta ekranlarga chiqqan “18-kvadrat” filmi Moskvada o‘tgan “Zolotoy vityazь” kinofestivalida Rossiya milliy antiterror qo‘mitasining maxsus sovrinini qo‘lga kiritgan edi.

O‘z kinosida bu muammollarni batafsil yoritgan va o‘zbek kinoindustriyasiga xos xastalik sindromini yaxshi bilgan kinochining hech bo‘lmaganda bu muammolar yechimini izlay boshlashi kutilmoqda.

55 yoshli Qosimov bundan avval prezident devonida madaniyat, matbuot va ijodiy tashkilotlar masalalari bo‘yicha mas‘ul xodim va “O‘zbekkino” bosh direktori o‘rinbosari lavozimlarida ishlab tajriba orttirgan.

Bu ham uning kino sohasini isloh qilishi borasidagi umidlarni ko‘paytirgan.

O‘zbekistonlik taniqli kinochi¸ 62 yashar Rustam Obidovga ko‘ra, yangi rahbar oldida o‘zbek kinosi mavzu doirasini kengaytirish va xalq dardini aks ettirish masalasi turibdi.

- Birinchi muammo kino mavzulari rang-barangligini ta‘minlash bilan bog‘liq. Kinolar har hil bo‘lishi¸ bir-biriga o‘hshamagan bo‘lishi kerak. Har bir ijodkor o‘ziga hos va boshqalardan ajralib turadigan kinolar yaratishi kerak¸ deydi suhbatdosh.

Rustam Obidovga ko‘ra, O‘zbekistonda yaratilayotgan kinoasarlarning mavzusi¸ grimi¸ kiygan ust-boshi va o‘ynayotgan akterlari bir xil.

- Bir-biriga o‘xshaydigan bo‘lsa kimga kerak u?! Har bir kinochi o‘z ovozi bilan o‘z dardini, qolaversa xalq dardini aytishi kerak. Xalqni dardi bir yoqda qolib, oldi-qochdilar haqida hikoya qiladigan kinoning keragi yo‘q, dedi Obidov.

Ayni paytda Rustam Obidov “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori etib tayinlangan Jahongir Qosimov bu muammolarni hal etishiga ishonadi.

- Birinchidan, u kishi yahshi rejiser¸ kinochilik va kinochilar bilan bog‘liq muammolarni yaxshi biladi. U kishidan yaxshi tashabbus va xayrli ishlar kutamiz. Qani ko‘raylikchi, deydi arqonni uzun tashlagan suhbatdosh.

O‘zbekistonlik kinorejisser Rustam Obidov “O‘zbekkino” mulozimlari sansalorligi bois Alisher Navoiy haqidagi kinoni suratga ololmaganidan tashvishlangan edi.

Obidovga ko‘ra¸ bunday sansalorlik bois 20 yildan beri O‘zbekistonda birorta ham tarixiy mavzudagi kino suratga olinmadi.

62 yoshli kinochi Rustam Obidov “Menga sen kerak”, "Menim yorim - yolg‘onchi “, “Sovg‘a” filmlarini suratga olib, tijoriy muvaffaqiyatga erishgan.

Rustam Obidov Toshkentdagi “Usto Majid – Fayz” studiyasining asoschisidir.
XS
SM
MD
LG