Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:20

Iroq urushi timsollari: Fotograf Namir Nur-Eldin va jang maydoni sirlari


Iroq - video tasvirdan ko‘chirib olingan bu rasmda 2007 yilning 12 iyul kuni AQShning Apache vertolyoti Bag‘dod mahallalaridan birida iroqliklarni o‘qqa tutayotgani aks etgan.
Iroq - video tasvirdan ko‘chirib olingan bu rasmda 2007 yilning 12 iyul kuni AQShning Apache vertolyoti Bag‘dod mahallalaridan birida iroqliklarni o‘qqa tutayotgani aks etgan.
2003 yilning 19 martida AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Iroq istilosini boshlagan edi. Bu sana 10 yilligi munosabati bilan Iroq urushi timsollariga aylangan ba‘zi voqealar tarixiga nazar tashlaymiz.

Reyters agentligi suratchisi Namir Nur-Eldin 2007 yilning 12 iyul kuni Bag‘doddagi jang maydonlaridan birini rasmga tushurayotgan paytda, bu voqealar maxfiy axborotlarning oshkor qilinishi bilan bog‘liq janjalga aylanib ketishini xayolga ham keltirmagan.

Pentagon yashirishga qattiq harakat qilgan bu axborot uning o‘limiga oid bo‘lishini ham fototasvirchi tasavvur qilmagan.

Nur-Eldin va uning haydovchisi Said Shmag‘ AQShning Apache jangovar vertolyoti hujumida halok bo‘lgan 10 nafar iroqlik orasida bo‘lgan. O‘shanda Amerika harbiylari janggarilarga tegishli, deb o‘qqa tutgan mikroavtobus ichida bo‘lgan ikki bola ham jarohatlangan edi.

AQSh harbiylarining mazkur hodisani xaspo‘shlash urinishlari WikiLeaks tashkilotining nazarga tushishiga turtki bo‘lgan edi.

Reyters agentligi fotografi Namir Nur-Eldin.
Reyters agentligi fotografi Namir Nur-Eldin.
Reyters agentligi va boshqa matbuot vositalari ikki yil davomida Pentagondan Nur-Eldinning o‘ldirilishi bilan bog‘liq ma‘lumotlarni ochiqlashni talab qilishi natija bermadi. AQSh Mudofaa vazirligi bunga oid ma‘lumotlar maxfiylashtirilganini aytib, bu talablarni qondirmadi.

Maxfiylashtirilgan ma‘lumotlar Nur-Eldin va boshqa iroqliklarning Apache vertolyotidan o‘qqa tutilishi tasvirlangan video va amerikalik harbiylarning ratsiya orqali suhbatlaridan iborat edi.

WikiLeaks tashkiloti keyinchalik e‘lon qilgan bu video tasvirlarni AQSh Mudofaa vazirligidagi manbadan olganini aytgan edi.

“Sheriklikdagi qotillik”


WikiLeaks tashkiloti 2010 yilning 5 aprel kuni e‘lon qilgan bu video tasvirlarni “Sheriklikdagi qotillik”, deya atadi.

Jamoatchilik diqqatini tortgan bu voqea WikiLeaks guruhining xalqaro maydonda sensatsion material bilan ilk bor paydo bo‘lishi edi.

WikiLeaks asoschisi Julian Assanj o‘shanda Ozodlikka bergan intervьyusida maxfiy ma‘lumotlarni taqdim qilayotganlar shaxsi sir tutlishini aytgan edi.

“Biz o‘z manbalarimizga, birinchidan, ularni himoya qilish uchun o‘z ixtiyorimizdagi barcha texnik va huquqiy imkoniyatlarni ishga solishni va‘da qilamiz. Ikkinchidan, ular bizga taqdim qilayotgan ma‘lumotlarning ta‘siri iloji boricha katta bo‘lishini va‘da qilamiz”, degan edi Assanj 2010 yildagi suhbat chog‘ida.

Biroq shunga qaramasdan, oxir-oqibat Pentagon maxfiy hujjatlarni WikiLeaks guruhiga taqdim qilayotgan shaxsni aniqladi. Harbiy razvedka tahlilchisi serjant Bredli Menning darhol hibsga olinib, “dushmanga ko‘maklashganlik”da ayblandi.


“Xunga tashnalik”


Ma‘lumotlar olish erkinligini himoya qiluvchi faollar bu ayblovlarni kelgusida maxfiy hujjatlarni oshkor qilishi mumkin bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘rqituv vositasi deb ko‘radi.

Matbuot erkinligi jamg‘armasi joriy oyda Menning harbiy tribunalda bergan ko‘rsatmalariga oid audio yozuvni e‘lon qildi. Menning maxfiylashtirilgan videoni oshkor qilishiga vertolyot ekipaji o‘rtasidagi suhbat hamda ikkinchi hujum paytida qurolsiz kishilar o‘qqa tutilganidan dahshatga tushgani sabab bo‘lganini aytadi.

Bredli Menning vertolyotdagi hujumchi guruhning "xunga tashnaligidan" dahshatga tushganini aytadi.
Bredli Menning vertolyotdagi hujumchi guruhning "xunga tashnaligidan" dahshatga tushganini aytadi.
“Men uchun bu voqealar sababi aniq edi. Vertolyotdagi harbiylar guruhi Reyters muxbirlarini potentsial tahdid, deb xato qilgani va mikroavtobusdagi odamlar shunchaki yaradorlarga yordam berishga uringani bunga sabab bo‘lgan. Mikroavtobusdagi odamlar tahdid bo‘lmagan, ular yaradorlarga birinchi yordam ko‘rsatishga harakat qilgan xolos”, deya o‘z harakatlarini tushuntirdi Menning.

Lekin deya davom etadi serjant Bredli Menning “video tasvirning eng dahshatli jihati vertolyotdagi hujumchi guruhning xunga tashnaligidir. Ular hujum qilayotgan odamlarga inson sifatida qaramaydi, ularni “xaromilar”, deb ataydi va ko‘pchilikni o‘ldira olganlaridan bir-birini tabriklaydi”.

Menning vertolyotdagi askaralar o‘rtasidagi suhbatni “chumolilarni qiynayotgan bolalar”ga qiyoslaydi.

Harbiy tribunal Bredli Menning ishini shu yilning iyun oyida ko‘ra boshlaydi.


Virtual tutqun


WikiLeaks guruhi AQSh hukumatiga doir maxfiy hujjatlar va diplomatik yozishmalarni oshkor qilishda davom etdi. 2010 yilning iyulida “Afg‘on urushi kundaligi” sarlavhasi ostida Afg‘onistondagi urushga doir 77 mingga yaqin hujjat e‘lon qilindi.

2010 yilning oktyabrida esa “Iroq urushi solnomasi” sarlavhasi bilan 400 mingdan ortiq hujjat xususiy matbuot agentliklari bilan hamkorlikda ochiqlandi.

Julian Assanj ikki yildan beri Londondagi Ekvador elchixonasida yashamoqda, elchixona eshigida esa uni Britaniya politsiyasi kutmoqda.
Julian Assanj ikki yildan beri Londondagi Ekvador elchixonasida yashamoqda, elchixona eshigida esa uni Britaniya politsiyasi kutmoqda.
2010 yilning noyabrida xalqaro matubot shirkatlari bilan birgalikda WikiLeaks guruhi AQSh Davlat departamentiga qarashli diplomatik kablogrammalarni oshkor qila boshladi.

Bu paytga kelib WikiLeaks asoschisi Julian Assanj Shvetsiya hukumati so‘roviga ko‘ra, jinsiy jinoyatlar aybi bilan Angliyada hibsga olindi. Uning advokatlari bu ayblovlar Assanjning WikiLeaks guruhidagi faoliyati bilan bog‘liqligi va uni Qo‘shma Shtatlarga ekstraditsiya qilish niyatida ilgari surilganini ta‘kidladi.

Garov puli evaziga ozod qilingan Assanj Londondagi Ekvador elchixonasiga qochdi va bu mamlakat unga siyosiy qochqin maqomini berdi. U ikki yildan beri Ekvador elchixonasida yashamoqda, elchixona eshigida esa uni Britaniya politsiyasi kutmoqda.
XS
SM
MD
LG