Линклар

19 mart kuni MTS-O‘zbekiston shirkatining sobiq bosh direktori¸ Gulnora Karimovaning yaqin o‘tmishdagi yaqin biznes hamkori¸ ayni kunlarda esa¸ uning uchun “shantaj manbai”ga aylangan Behzod Ahmedovni qaroqchilikda ayblovchi ketma-ket ikkita videolavha Youtube.com portaliga tashlandi.

Behzod Ahmedovga qarshi ikkala videokompromat ham bir kunda – 19 martda paydo bo‘ldi va bu haqdagi xabar Ozodlik elektron pochta qutisiga anonim manbadan yuborildi.

Ulardan biri ovozsiz va hech bir izohsiz suratga olingan 4 minutu 55 sekundlik videolavha bo‘lib¸ u oq qog‘ozga ruscha qilib yozilgan “O‘zdunrobita – MTS O‘zbekiston sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovning qochishga hozirlik paytida yashirin kamera orqali olishga muvaffaq bo‘lingan narsalar. Uning bekitilgan pullari¸ mol-mulki va uyi” degan yozuv bilan boshlanadi.

Shundan so‘ng aftidan mobil telefoniga yozilgan videokadrlarda o‘nlab 100 dollarlik pullar taxlami paydo bo‘ladi.

Yashil devorlik¸ millari soat 13:05 ni ko‘rsatib turgan qora devor soati yerga qo‘yilgan kichik bir xonada oddiy qora idora kursisi ustiga taxlab qo‘yilgan AQSh dollari bog‘lamlari¸ kamerani yaqinlashtirib¸ seriya raqamlariga qadar ko‘rsatiladi.

Shundan so‘ng videokadrlarda sakrash ro‘y beradi va Behzod Ahmedovniki deb iddao etilayotgan hashamatli uy xonalari bo‘ylab birma-bir sayr boshlanadi.

Videolavhadagi bu sakrash¸ pul suratga olingan xonadagi jihozlar va sayr qildirilgan uy muhitidagi ulkan farq¸ kadrlarning alohida-alohida joy va vaqtda yozilib¸ so‘ngra bir-biriga ulanganidan darak beradi.

Yevropa uslubida jihozlangan xonalar bo‘ylab sayohatda paydo bo‘ladigan devor soatlaridan birida vaqtning 16:40 ekani ko‘rilsa¸ Ahmedovniki deb ko‘rsatilayotgan yotoq xonasining yopib qo‘yilgan pardalari tirqishidan ko‘rilgan tashqaridagi manzara¸ uning tunda suratga olinganini anglashga yordam beradi.

Qizig‘i¸ qochishga hozirlik jarayonida yashirin yozilgani iddao qilingan kadrlarda na biror shoshilish alomatlari¸ na biror uy egasining qorasi ko‘rilmaydi. Aksincha¸ uydagi saranjom-sarishtalilik¸ uning kimsasizligi¸ bu kadrlarning ushbu uyni o‘z nazoratiga olganlarning bir necha bor bemalol kirib olingan suratlarni shoshilmay ulab-yamab chiqqanini taxmin qilishga asos beradi.

Agar qariyb besh daqiqalik birinchi videokompromatda Behzod Ahmedov uyida beli bukilmagan yuz minglab dollari bor¸ nihoyatda badavlat bir shaxs sifatida ko‘rsatishga sassiz va izohsiz harakat qilinsa¸ ikkinchi lavhaning tartib va mohiyati bundan o‘zgacha.

18:15 daqiqalik ikkinchi videomaterialning ilk kadridan so‘nggigacha¸ uning ortida ancha professional “ijodkor”lar turgani¸ unda professional montaj vositalari qo‘llanilganini sezish qiyin emas.

Garchi bu materialda ham muallifga oid biror ma‘lumot berilmasa-da¸ uning Behzod Ahmedov va oilasining “qaroqchi” va “pul quturtirgan kimsalar” qilib ko‘rsatishni maqsad qilgani “kompromat”ning oxirlariga borib ochiqlashadi.

Marhum kinorejissyor Latif Fayziyev suratga olgan “Alibobo va qirq qaroqchi” filmidagi kadrlar bilan boshlanadigan bu videomaterial tezda Fayziyevning uyiga ko‘chadi va uning rafiqasi Svetlana Fayziyevaning monologiga aylanadi.

Svetalana Fayziyeva ham gapni uzoq-uzoqlardan boshlaydi va Latif Fayziyevning ijodi¸ sovet kinorejissyorining ayoli bo‘lish noqulayliklari¸ o‘z uyida bo‘lgan mahshur mehmonlarni qanday siylaganiyu¸ o‘g‘illarining qachon tug‘ilgani haqida shoshilmay hikoya qiladi.

Intervyuchi kamera ortida qoldirilib¸ faqat Fayziyevaning gaplari ulab chiqilgan bu videomaterialning MTS-O‘zbekiston sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovga qanday aloqasi borligini tushunish uchun bu hikoyaning 9-minutiga qadar unga toqat bilan quloq solish kerak bo‘ladi.

"Mening bittayu bitta ukam bor va Latif akam uni Teatr institutiga kirg‘izib qo‘yganlar"¸ deb boshalanadigan gapdan¸ bu videomaterialning asosiy qahramonlari – Ahmedovlar oilasiga oid monolog boshlanadi.

Hikoyadan ayon bo‘lishicha¸ Behzod Ahmedov Svetlana Fayziyevaning ana shu yagona ukasi Bahodir Ahmedovning yakkayu yolg‘iz o‘g‘li. Latif Fayziyev qo‘llovi bilan¸ talanti bo‘lmasa-da¸ rejissyorga aylangan Bahodir Ahmedov esa¸ o‘z umrini farzandlariga bag‘ishlagan jafokash bir ayolni – o‘z onasini ko‘chaga chiqarib tashlagan bebudr farzand.

Garchi Svetlana Fayziyeva o‘z jiyani Behzod Ahmedov haqida ko‘p ham yomon gapirmasa-da¸ uning MTS mijozlarining millionlab dollarini o‘g‘irlagani va “qilmishiga yarasha jazo olgani”ga ishonishini yashirmaydi.

“Yaqinda bir tanishimning kelini borib kelgan ekan Moskvaga¸ restoranda ko‘ribdi. O‘tirgan ena. Znachit jiv i zdorov¸ nikto yego ne posadil¸ ne poymal”¸ deydi videomaterial oxirrog‘ida qarshisidagi ko‘rinmas suhbatdoshiga qarata Behzodning bir paytlardagi “sevimli ammasi”.

Bu bayonotdan 19 mart kuni ketma-ket Behzod Ahmedovga qarshi paydo bo‘lgan ikkala videokompromatning asosiy muddaosi ochiqlashgandek bo‘ladi, deydi o‘zbekistonlik kinohujjatchi Oleg Karpov Ozodlik bilan suhbatda:

- Bu videoroliklar mmxchilarimizning hammaga yaxshi tanish bo‘lgan ayni andozasi¸ ayni imzosi bilan olingani ko‘rinib turibdi. MXXda chindan ham shunaqa kompromatlar tayyorlovchi o‘z studiyasi bor. Uning ortida esa¸ ko‘pchilik taxminicha¸ Gugusha turgan bo‘lishi mumkin. Zotan keyingi paytlarda u MTS janjaliga aloqasi yo‘qligini zo‘r berib ta‘kidlab¸ o‘zining oqlashga astoydil urinmoqda. Ammo nimagadir¸ u hamma baloni Behzod Ahmedovga to‘nkashga qanchalik ko‘p urinsa¸ uning bu mojaraga aloqasi borligiga nisbatan ishonch kuchayib bormoqda¸ deydi Oleg Karpov.

O‘zbekistonlik kinohujjatchiga ko‘ra¸ Svetlana Fayziyeva monologi ostidan ruscha subtitrning o‘tib turishi¸ bu materiallarning nafaqat o‘zbekistonliklar¸ balki xorij¸ xususan rossiyaliklarga mo‘ljallanganini taxmin qilishga asos beradi.

"Gulnora Karimovaning navbatdagi piar qadami deb qabul qilish mumkin bu videoroliklarning tez orada Youtube.com dan o‘zbek telekanallari ekraniga ko‘chishini kutish mumkin"¸ deydi Oleg Karpov.

Ikki hafta oldin Shveytsariyada chop etiladigan Bilan jurnaliga bergan intervyusida prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova¸ Behzod Ahmedov MTS shirkati bilan birgalikda o‘zini oylar davomida shantaj qilganidan shikoyat etdi.

Ana shu suhbatning Karimova blogiga qo‘yilgan to‘liq matnida Behzod Ahmedov va oilasining xorij davlatlaridan biriga qochib¸ u yerdan boshpana topgani iddao qilindi.

Bu bayonot esa¸ Behzod Ahmedovning Moskvadan Toshkentga olib kelingani haqida O‘zbekistondagi "Darakchi”da paydo bo‘lib¸ so‘ngra sanoqli soatlar ichida olib tashlangan xabarga butkul ziddir.

Ayni paytda norasmiy manbalar ham Behzod Ahmedovning Karimova talabi bilan Toshkentga olib kelinib¸ MXX qamog‘iga tashlangani¸ hattoki Karimovaning biznes amaliyotlari haqida keragidan ortiq axborotga ega bo‘lgan Ahmedovning jismonan yo‘q qilib yuborilganini iddao qiladi.

Ahmedovning taqdiri ustidagi mavhumlik Gulnora Karimovaga soya solayotgan bir paytda¸ uning qochib ketganini dalillashga urinuvchi videolavhayu¸ Ahmedov ammasining ”Behzodni hech kim ushlamadi ham¸ qamamadi ham” deb guvohlik berishi¸ bu ikkala videomaterialning kimni¸ nimadan himoyalash uchun hozirlanganini anglashga yordam beradi.

2012 yilning iyun oyida qochib ketgani iddao qilinayotgan MTS-O‘zbekiston sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovga qarshi ikkala videokompromatning 2013 yil 19 martiga kelib e‘lon qilinishi¸ uning yaqin kelajakda Toshkentdan qo‘yilajak ayrim qadamlarni taxmin qilishga ham ozuqa beradi.
XS
SM
MD
LG