Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:50

"Aeroflot" O‘zbekiston uchoqlariga cheklov kiritishni so‘ramoqda


Rossiyaning “Aeroflot” shirkati O‘zbekistonda hamon milliy valyuta – so‘mda sotilgan biletlardan yig‘ilgan pulni konvertatsiya qilish va Rossiyaga o‘tkazish bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgani haqida rasmiy bayonot tarqatdi.

“Aeroflot” shirkati rahbari muovini Shamil Kurmashev bu yuzadan Rossiya Havo transporti uyushmasiga murojaat qilib, shirkatning moliyaviy faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi O‘zbekiston hukumatining “kamsituvchi” choralaridan himoya qilishni so‘radi.

Bu yerda gap rossiyalik aviatashuvchi shirkatning O‘zbekistonda milliy valyuta konvertatsiyasi va Rossiyaga pul o‘tkazish bo‘yicha boshidan kechirayotgan qiyinchiliklari haqida ketmoqda.

Rossiya Havo transporti uyushmasi rasmiylari o‘tgan yili, agar O‘zbekistonda Rossiya aviashirkatlari pul tushumlarining milliy valyutadan rublga konvertatsiyasi masalasi hal bo‘lmasa, “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkatining uchqichlari parvozlariga cheklovlar kiritishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Rossiya tomonining O‘zbekiston hukumatiga rasman murojaat qilganiga qaramay, ushbu masala hanuzgacha hal etilmay qolayapti¸ deb ta‘kidlagan “Aeroflot” bosh direktori muovini Kurmashev o‘z ochiq xatida “O‘zbekistonga nisbatan cheklovchi choralar kiritish lozim”, deya javob harakati taklif etadi.

Kurmashevga ko‘ra, shu yil fevral oyidan kuchga kirgan jismoniy va yuridik shaxslarga avichiptalarni naqd xorijiy valyutada sotishni taqiqlovchi hukumat qarori shirkatni mushkulot qarshisida qoldirgan.

"O‘zbekiston qonunchiligidagi bu o‘zgarish xalqaro aviatashuvchilarga nisbatan diskriminatsion xarakterga egadir va O‘zbekiston tomoni xalqaro huquqning asosiy tamoyillaridan biri hisoblangan o‘zaro ahdlashuv printsiplarini buzayapti", deb yozadi Kurmashev o‘z ochiq xatida.

2011 yil kuzidan buyon "Aeroflot"ning O‘zbekistondagi idorasida 50 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ yig‘ilib qolgan. Kurmashevga ko‘ra, ularni konvertatsiya qilish katta muammo.

O‘zbekistonga Rossiyadan “Aeroflot” shirkatidan tashqari “Transaero” va “Yuteyr” aviashirkatlari uchqichlari ham parvoz qiladi. Avvalroq, bu shirkatlar ham o‘zbek so‘mini valyutaga konvertatsiya qilish muammolari bilan to‘qnashayotganliklari haqida ma‘lum qilishgan edi.

Bu shirkatlar Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida haftasiga jami 14 reysni amalga oshiradi.
XS
SM
MD
LG