Линклар

Osiyo kubogi-2015: BAA - O'zbekiston


Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi mashg'ulotlar davomida. Doha, Qatar. 24 yanvar 2011 yil.

Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi mashg'ulotlar davomida. Doha, Qatar. 24 yanvar 2011 yil.

Bugun, 22 mart kuni futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi-2015 saralash o'yinlari doirasida Abu-Dabi shahrida Birlashgan Arab Amirliklari termasiga qarshi maydonga tushadi.

Terma jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning aytishicha, bugungi raqibga qarshi o'yin oson kechmasligi mumkin.

- BAA terma jamoasi yosh futbolchilardan tashkil topganiga qaramay, ular anchadan buyon birga o‘ynashadi... Jamoada texnik jihatdan kuchli futbolchilar talaygina. Shakllangan jamoa. Yarim himoya va hujum chizig‘i kuchli. Men yigitlarga ishonaman, ular o‘yinga shay va g‘alaba uchun maydonga tushishadi, - dedi bosh murabbiy o'yin oldidan o'tkazilgan matbuot anjumanida.

Ayni damda O'zbekiston milliy terma jamoasi FIFA jahon reytingida 59-chi, Osiyo reytingida esa 5-chi pog'onadan o'rin olgan. BAA termasi esa jahonda 98-chi, Osiyoda esa 9-chi o'rindadir.

Osiyo kubogi-2015 saralash o'yinlarining O'zbekiston bellashayotgan "E" guruhidagi ikkinchi juftlik - Gonkong va Vyetnam jamoalari ham bugun kuch sinashadi.

Guruh bosqichi birinchi turida Gonkong termasi bilan durang o'ynagan O'zbekiston jamoasi hozirda bir ochko bilan guruhda ikkinchi bormoqda. Birinchi pog'onani Vyetnam jamoasini mag'lub etgan BAA termasi egallab turibdi.

Futbol mutaxassislari BAA termasiga qarshi o'yin O'zbekiston jamoasi uchun Livan jamoasiga qarshi muhim uchrashuv oldidan so'nggi va kerakli sinov bo'lishini aytishmoqda.

Eslatamiz, 26 mart kuni O'zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati-2014 saralash o'yinlari doirasida Toshkentda Livan termasini qabul qiladi.

BAA-O'zbekiston uchrashuvi bugun Toshkent vaqti bilan soat 18:45 da boshlanadi. Unda mezbonlar oq, mehmonlar esa ko'k libosda maydonga tushishadi.
XS
SM
MD
LG