Линклар

logo-print

Professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni Ruslan Chagayev amerikalik bokschi Mayk Sheppardni birinchi raundayoq nokaut qildi. Jang Germaniya poytaxti Berlindagi Universal Hall arenasida 22 mart kuni uyushtirilayotgan boks kechasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonlik Ruslan Chagayeva amerikalik bokschi Mayk Sheppard o‘rtasida 10 raund davom etishi kerak bo‘lgan jang 1 raundning ikkinchi daqiqasidayoq nokaut bilan yakun topdi.

Bu Ruslan Chagayevning 2011 yil avgust oyida jahon chempionligi kamarini rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinga yutqazib qo‘yishi ortidan qozongan to‘rtinchi g‘alabasidir.

Ruslan Chagayev bir necha oydan buyon yangi amerikalik murabbiysi Shugar Hill qo‘l ostida Amerikaning Detroyt shahrida shug‘ullanib keladi.

Ruslan so‘nggi jangini o‘tgan yil 1 sentyabr kuni Germaniyaning Oberxauzen shahrida o‘tkazgan va nemis bokschisi Verner Krayskottni ham texnik nokaut bilan mag‘lubiyatga uchratgandi.

O‘zbekistonlik bokschi bu yil ko‘proq jang o‘tkazib, shu yil oxirida o‘z vaznida jahon chempionligi kamariga birinchi da‘vogar maqomi uchun ringga tushish niyatida ekanini bildirgandi.

Ruslan o‘tgan yil avgust oyida 10 yildan buyon shug‘ullanib kelgan Germaniyaning Xamburg shahridagi Universum Box-Promotion klubi bilan shartnomasini buzgan va oxirgi jangini erkin agent maqomida o‘tkazgandi.

Ruslan Chagayev professional boksda shu paytga qadar jami 34 ta jang o‘tkazgan, shundan 31 tasida g‘olib chiqqan.

Ruslan 2007 yilning 14 aprel kuni boshqa bir rossiyalik raqibi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgandi.

Shundan so‘ng o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya qilgan Ruslan Chagayev 2009 yilning iyun oyida WBO va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni, ukrainalik bokschi Vladimir Klichkoga yengilib, chempionlik unvonidan butkul mahrum bo‘lgandi.
XS
SM
MD
LG