Линклар

logo-print

O‘zbekistondagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida dizel yonilg‘isi (solyarka) taqchillashganiga bir yil bo‘ldi. So‘nggi kunlarda esa AYoQShlarga umuman solyarka berilmay qo‘ydi. Rasmiylar buning sababini bahorgi ekin-tikin mavsumiga dizel yonilg‘isini zaxira qilish bilan izohlamoqda.

Toshkentdagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida dizel yonilg‘isi sotilmay qo‘yganiga bir yil bo‘ldi. Bu haqda Toshkentdagi AYoQShlar operatorlari Ozodlikka aytdi.

Toshkent shahri biqinidagi Yangiyo‘l tumanining AYoQShlarida ham solyarka to‘ldiriladigan tsisternalarning bo‘sh turganiga ancha bo‘ldi, deydi yangiyo‘llik taksi haydovchisi Shavkat:

- Bir yildan buyon hech qayerda solyarka yo‘q. Mana KamAZi, “Istana” degan mikroavtobuslari, xususiy traktori bor odamlarga juda qiyin bo‘lyapti. Men doim yo‘lda yuraman, birorta zapravkada solyarka sotilayotganini ko‘rmadim. Lekin qo‘lda bor. Har bir litri 2800-3000so‘mdan sotilyapti. SSSR paytida solyarkani it yemasdi. Hozir esa benzindan qimmat. Mana qo‘shni Qozog‘iston chegarasi bizdan 10 kilometr narida. Solyarka bemalol, bir litri bizning pulda 1800so‘m. Lekin o‘tishga iloj yo‘q, taksi ham o‘tolmayapti, deydi Shavkat.

Solyarka taqchilligi, birgina Toshkent shahri va viloyati uchun xos bo‘lmay, boshqa viloyatlarda ham shunday holat kuzatilmoqda.

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi O‘rol akaning tuman neft mahsulotlari omborida ishlaydiagn o‘g‘lining gapiga tayanib aytishicha, solyarka masalasi bugungi kundagi eng jiddiy muammoga aylangan:

- Neftebazaga solyarka postupleniyasi juda kam ekan. Haftasiga bir yoki ikki vagon kelarkan. Bu bir tumanga hech narsa bo‘lmaydi. Asosan qishloq xo‘jaligi uchun solyarka berilyapti ekan. Zapravkalar damini olyapti,- deydi O‘rol aka.

Ozodlik nega dizel yonilg‘isi taqchillashgani sabablarini bilish maqsadida "O‘zneftmahsulot" hissadorlik kompaniyasi bilan bog‘landi. O‘zini tanishtirmagan mulozim AYoQShlarga dizel yonilg‘isi juda kam berilayotganini tan olar ekan, buning sababini bahorgi ekin-tikin mavsumiga tayyorgarlik bilan izohladi:

- Mana hozirgi paytda bahorgi ekish mavsumiga solyarka zapas qilinyapti. Shunga bir oz kamaygan bo‘lishi mumkin. Zapaslarni qilib olganimizdan keyin bu yog‘iga yaxshilanadi, xudo xohlasa,- dedi "O‘zneftmahsulot" hissadorlik kompaniyasi mulozimi.

Biroq bu mulozim dizel yonilg‘isi nima sababdan taqchillashib qolgani sababini izohlamadi va kompaniya rahbarlariga murojaat qilishni maslahat berdi.

"O‘zneftmahsulot" hissadorlik kompaniyasi raisi o‘rinbosari Umid Rajabov Ozodlik savollariga javob berishni istamadi.

Toshkentlik iqtisodchi Orif Hoshimovning aytishicha, O‘zbekistonda qancha yonilg‘i ishlab chiqarilayotgani ham statistik ma‘lumotlar ochiqlanmagani uchun dizel yonilg‘isining nega taqchillashib qolgani sababi noma‘lum qolmoqda:

- O‘zbekistonda yonilg‘i balansi bo‘yicha so‘nggi besh yilda hech narsa e‘lon qilingani yo‘q. Ishlab chiqarish kamaydimi, yoki talab ortdimi, hech kim bilmaydi buni. Agar bizda shunday statistik ma‘lumotlar bo‘lsa, shunga qarab biror xil xulosa chiqarish mumkin edi. Aslida bu haqdagi ma‘lumotlarni e‘lon qilmaslik hukumatning o‘ziga ham ziyon. Sababiki, to‘g‘ri axborotga ega bo‘lmasdan turib to‘g‘ri qaror ham qilib bo‘lmaydi,- dedi iqtisodchi Orif Hoshimov.
XS
SM
MD
LG