Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:19

O‘shda yo‘l kengaytirish bahonasida yana o‘zbek mahallasi buzilishi mumkin


O‘sh shahrining markazida joylashgan va asosan o‘zbeklar istiqomat qiluvchi O‘sh ko‘chasidagi buzilishi kerak bo‘lgan yigirma to‘qqizta uyda mingdan ortiq odam yashashi ro‘yxatga olingan. O‘sh meriyasi tomonidan ularning ayrimlariga shahar markazidan 17 kilometr olisda joylashgan hududdan yer berilishi aytilgan.

O‘sh ko‘chasida istiqomat qiluvchilarga ko‘ra, uylarning buzilishi borasidagi gaplar 2012 yil aprel oyida boshlangan. O‘shanda o‘zini shahar arxitekturasidan deb tanishtirgan odamlar yashovchilarga mahalla qisman buzilib yo‘l qurilishi kerakligini aytishgan.

Buziladigan uylar ro‘yxatiga Jamoldin Mirzamurotov yashayotgan xonadon ham kiritilgan. Uning Ozodlikka aytishicha, uylar buzilishini bilgach, mahalla ahli bu masalani qonun doirasida hal qilinishini iltimos qilib, Qirg‘iziston prezidenti Almaz Atambayevga murojat jo‘natgan.

Prezident ma‘muriyatidan “Masala mahalliy darajada hal qilinib, prezident ma‘muriyatiga bu borada axborot berilsin” qabilida javob kelgan. O‘sh shahar arxitekturasi va shahar qurilish boshqarmasi prezident ma‘muriyati so‘roviga tezkor javob yo‘lladi. Bu javobning nusxasi Jamoldin Mirzamuotovga ham berildi. Suhbatdoshimiz mazkur javob uni qoniqtirmaganini aytdi:

O‘sh arxitekturasi mazkur xatda uyi buziladigan barcha o‘shliklarga 1979 yilda tovon puli berilganini iddao qilmoqda.
O‘sh arxitekturasi mazkur xatda uyi buziladigan barcha o‘shliklarga 1979 yilda tovon puli berilganini iddao qilmoqda.
- Bu javobda “O‘sh shahrining O‘sh ko‘chasidagi buzilishga tushgan 29ta uyda yashovchi barcha aholiga uy berilgan, kvartira berilgan, uy qurish uchun yer ajratilgan va tovon puli to‘langan” deb yolg‘on ma‘lumot berilayapti. O‘sh ko‘chasidagi ayrim uy egalari qachonlardir yer, kvartira olishgan bo‘lishi mumkin. Lekin mana bu 29ta uyda yashovchilarning asosiy qismi bu narsalarni olmagan, bizga na yer, na kompensatsiya berilmagan, - deydi Jamoldin Mirzamurotov.

O‘z ismini aytishni istamagan O‘sh ko‘chasida yashovchilardan biri esa sobiq Sovet ittifoqi davrida mahalla buzilishi borasida gap so‘zlar bo‘lganini, o‘sha paytda ayrim uylarda yashovchilar davlatdan uyining o‘rniga yer va kvartiralar olganini aytdi.

- 1979 yili bunday buyruq bo‘lgan, shaharni obodonlashtirishga. Ayrim uylar pul olgan, ayrimlari umuman olmagan. Keyin SSSR razval bo‘lib, uylarni buzish to‘xtagan. Bu voqega ham 33-34 yil bo‘pti. Biroq Konstitutsiyada “bunday ishlar 15 yilda amalga oshirilmasa o‘z kuchini yo‘qotadi” deb yozilgan. SSSR degan narsa tarqab ketdi, lekin qonuni turibdi. Hozir davlat o‘ziga kerak bo‘lsa SSSRdan qolgan qonundan, o‘z manfaatiga zid kelgan yerda esa Qirg‘iziston qonunidan foydalanayapti, tushunib bo‘lmayapti, - deydi suhbatdosh.

Mahalla ahliga ko‘ra, buzilajak uylar o‘rniga shahardan 17 kilometr olislikda joylashgan hududdan yer berilishi aytilgan, biroq buzilajak uylarning narxi qanchaga baholanishi borasida biron ma‘lumot yo‘q.

O‘shdagi “Interbilim” markazi yuristlari Nusratilo Axmedov va Ulan Seyitbekov O‘sh ko‘chasi yashovchilariga bu borada yuridik maslahatlar bergan. Uning aytishicha, bu mahallada yashovchi odamlarning ko‘pchiligi hattoki uy o‘zlariga tegishli ekani to‘g‘risidagi hujjatlarga ham ega emas. Yuristlarning aytishlaricha, agar uylar buzila boshlasa hujjatga ega bo‘lmagan odamilar tovon puli yoki yangi uy qurish uchun yer berilmagani tufayli ko‘chada qolishlari mumkin.

-Biz shahar meriyasining Munitsipial mulk boshqarmasi bilan doimiy aloqada ishlaymiz. O‘sh ko‘chasining buzilishi yozda boshlanadi, deyilgan. Hozircha buzilish to‘xtab turibdi, qachon boshlanishi ham noma‘lum. Biz O‘sh ko‘chasida buzilishi kerak bo‘lgan uylarning hujjatlarini to‘g‘rilashda kerakli yordamni berganmiz. Hozirda 3 uyning hujjatini to‘g‘rilanayapti, - deydi Ulan Seyitbekov.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, hozircha O‘sh ko‘chasida rejalashtirilgan qurilish ishlari mablag‘ yetishmasligi sababli vaqtincha to‘xtatilgan. O‘sh shahri vitse meri Rustam Mirzamatov bu haqda quyidagilarni aytdi:

-O‘zbekistonda hukumat shaharni obodlashtirish yoki yo‘lni kengaytirish bo‘yicha muammo bo‘lsa, bir kundayoq hal qilib qo‘yadi. Biz esa aholi bilan muzokara o‘tkazib, buzilishi kerak bo‘lgan uylarning puli to‘la berilmagunicha hech narsa buzmaganmiz. Shuning uchun ham Navoiy ko‘chasidan o‘tgan katta ko‘prikni ham shu kungacha ta‘mirdan chiqara olmay qiynalayapmiz, - deydi Rustam Mirzamatov.

O‘tgan yili O‘sh shahrida yo‘l kengaytirish bahonasida asosan o‘zbeklar yashaydigan mahalladagi 30 dan ortiq uy buzilgan edi. O‘sh shahar meriyasi bu uylarni juda kam narxda baholagan va faqat huquq himoyachilarining aralashuvi bilangina mahalla ahli qoniqarli darajadagi tovon puli olishga muvaffaq bo‘lgan edi.
XS
SM
MD
LG