Линклар

Ota-bola tadbirkor Ortiqxo‘jayevlarga tegishli ekani aytiladigan Artel shirkatining katta shaharlardagi savdo do‘konlari qisqa muddatli tanaffusdan so‘ng yana ish boshladi. Ammo, mahalliy ishlab chiqaruvchining mahsulotlari cho‘g‘i pasaygani, shirkat ustidan boshlangan tekshiruv mojarosi esa hali tugamagani aytilmoqda.


Yopilgan do‘konlar birin-ketin ochildi


Shu yilning fevral oyi oxiridan tekshiruv boshlangani bois yopib qo‘yilgan Artel shirkati savdo do‘konlari sekin-asta yana ishini davom ettirmoqda.

O‘zbekistonda LCD televizori, gaz plitasi, mikroto‘lqinli pech, uyali telefon va shu kabi maishiy buyumlarini ishlab chiqarayotgan Artel shirkatining Toshkentdagi do‘konlari tekshiruv bois yopilgani aytilgan edi.

Shirkatning 25 mart kuni Ozodlik muxbiri bog‘langan Toshkent, Farg‘ona, Navoiy, Yangiyo‘l shaharlaridagi savdo do‘konlari xodimlari qisqa tanaffusdan so‘ng yana ish boshlashganini bildirdi.

Shirkatning mamlakat yirik shaharlarida 2tadan 20tagacha do‘konlari bor. Ular 10 kunga qadar yopiq turgan. Xususan, Toshkent shahrida shirkatning 20 taga yaqin do‘koni bor va ularning aksari 3-4 kunlik tanaffusdan so‘ng ish boshlagani aytilmoqda.

Artelning Toshkent shahri Bektemir tumanidagi Xizmat ko‘rsatish markazidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, shahar Soliq inspektsiyasi va boshqa mutasaddi idoralari tomonidan rejadagi tekshiruv o‘tkazilgach, do‘konlar ochilgan va hozir odatiy tartibda ishni davom ettirmoqda.

Navoiy shahridagi do‘konlar esa qariyb 15 kun, Yangiyo‘l shahridagi do‘kon 10 kun davomida yopiq turgani aytildi.

Artel shirkatining Toshkentdagi zavodi — INDIGO ELECTRONICS O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi do‘konlar tekshiruv bois yopilganini aytgan edi.

"Do‘konlarimizda tekshiruv borayapti. Shuning uchun vaqtincha yopiq. Tekshiruv o‘tgandan keyin yana ochamiz",- degan edi INDIGO ELECTRONICS korxonasining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Ushbu zavoddan qo‘shimcha ma‘lumot olishning hozircha imkoni bo‘lmadi. Aksincha, 25 mart kuni Ozodlik muxbiriga javob bergan ayni xodim: "Hech qanaqa tekshiruv bo‘lmagan", deya avval bergan ma‘lumotni inkor qildi.


Artel mahsulotlarining cho‘g‘i pasaygan


Ayni paytda O‘zbekiston prezidenti quvvatlayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchi shirkatning mahsulotlari cho‘g‘i pasayib qolgani aytilmoqda.

Toshkent shahrining Farhod bozorida Artel mahsulotlarini sotib kelgan do‘kon sotuvchisi hozir shirkat ishlab chiqargan uy-ro‘zg‘or buyumlarining sotuvda yo‘qligini aytdi.

- Hozir yo‘q, hozircha. Oldin sotar edik. Hozir chet eldan zapchast kiritilmayaptiku, vaqtincha to‘xtatib turilibdi. Navro‘z bayramidan keyin yo‘l ochiladi, zapchastь keladi, deyishgan edi. Chunki, Artelni zapchastlarining hammasi chet elnikiku,- dedi Farhod bozoridagi do‘konlardan birining sotuvchisi.

Shuningdek, Yangiyo‘l shahridagi Artel Xizmat ko‘rsatish markazi xodimi ham ayni ma‘lumotni berdi.

Ammo, Toshkent shahrining Malika savdo kompleksida Artel mahsulotlari sotuvda yetarli ekani aytilmoqda.

- Malikada, Navoiydagi savdo qatorlarida Artelning mahsulotlari to‘lib yotibdi. Bemalol topasiz, dedi Toshkentdagi "Korzinka" savdo do‘koni xodimi.

Bu do‘konda ham Artel shirkati ishlab chiqargan kichik uy-ro‘zg‘or buyumlari - elektr choynak va shu kabi buyumlar sotilmoqda.

Boshqacha aytilsa, Artelning Toshkentdagi yirik do‘konlari shirkat mahsulotlari bilan ta‘minlanmoqda, biroq markazdan chetroqdagi do‘konlarga mahsulotlar yetib bormayapti.

Buning sabablari borasida Ozodlik muxbiri hozircha shirkatning o‘zidan ma‘lumot olishga muvaffaq bo‘lmadi.


Gulnora Karimovadan quvvatlov va faktlar


15 mart kungi blogida bu shirkat nomini tilga olgan O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova prezident otasi quvvatlayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchi shirkatning yopilgani haqidagi yangi tafsilotlarni tilga oldi.

Blogda aytilishicha, unga tadbirkorlardan yordam so‘ralgan maktublar ko‘p keladi va navbatdagi maktub, Artel hamda Akfa shirkatlari rahbarlaridan kelgan.

"Biroz muqaddam... mahsulotlarini uzoq yillardan beri bilishadigan va foydalanishadigan, uy-ro‘zg‘or buyumlarini Artel, Samsung brendi ostida yaxshi bilishadigan Akfa kompaniyasidan xat keldi. Xatda yozilishicha, keng ko‘lamli bosim va aslida ishlab chiqarishning yo‘q bo‘lishiga, go‘yoki "elektr energiyasini noto‘g‘ri hisob-kitob qilish" bahonasida boshlangan tekshiruv sabab bo‘lgan. Garchi "qayta hisobdan chiqqan summa korxona tomonidan to‘langan bo‘lsada, tekshiruv 2013 yilning aperliga qadar bir necha bor uzaytirilgan", deya Akfa shirkati xatidan iqtibos keltiradi o‘z blogida Gulnora Karimova.

Gulnora Karimovaning blogidagi ma‘lumotlarga qaraganda, Artel va Akfa shirkatlari o‘zaro aloqador va tekshiruv har ikki shirkatda o‘tkazilgan.

Shuningdek, ushbu blogda noxolis tekshiruvlar hali yakuniga yetmagani ham aytilgan edi.

Prezident qizi blogi 15 mart kuni chop etilgan edi. Ozodlik muxbiri 25 mart kuni bu ma‘lumotlar yuzasidan Artel shirkatidan bu borada biror izoh ololmadi.

Prezidentning qizi quvvatlayotgan Akfa shirkatining Toshkentdagi "ARTIKXODJAYEV B.S" IndP idorasida telefon go‘shagini ko‘targan xodim ikki shirkatning bir-biriga aloqadorligi va har ikkisida ham tekshiruv bo‘lgani haqidagi ma‘lumotni tasdiqladi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda uy-ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqarilishi hamda savdosi sohasini egallab borayotgan Artel, shuningdek mamlakatda qurilish mahsulotlari ishlab chiqarilishi va savdosi sohasida palak yozayotgan Akfa shirkatlari ota-bola tadbirkorlar Botir va Sobir Ortiqxo‘jayevlarga tegishlidir.

Shu ma‘lumot bilan cheklangan xodim bu borada ortiqcha ma‘lumot bera olmasligi, zarur bo‘lsa, rasman murojaat qilishimiz mumkinligini aytdi.

Ozodlik turli manbalardan olinayotgan va ba‘zan, bir-birini to‘ldirayotgan, ba‘zan esa inkor qilayotgan bu ma‘lumotlarga oydinlik kiritishga urinishda davom etadi.


Prezident qaroriga zid amallar


O‘zbekistonda 1 apreldan boshlab import mahsulotlarga o‘rnatilgan keskin cheklov kuchga kiradi.

O‘zbekiston prezidenti tomonidan 29 yanvar kuni imzolangan bu qarordan maqsad mamlakatdagi tadbirkorlik va ishlab chiqarish sohasini himoya qilish, ichkarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar savdosini rivojlantirish ekani aytilgan.

Hozircha cheklanajak import tovarlari ro‘yxatiga oid ma‘lumotlar oshkor qilinmadi. Ammo, Uzmetronom nashri bu ro‘yxatdan shaxsiy gigiyena ashyolaridan tortib, qurilish materiallari va maishiy texnikagacha bo‘lgan tovarlar o‘rin olishi haqida yozgan edi.

Artel shirkatining viloyatlardan biridagi vakili Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda shu qarorni tilga olar ekan, arzonligi va sifati bilan xaridor ko‘nglini olayotgan ichki ishlab chiqaruvchi ishiga nega to‘sqinlik qilinayotganini tushunolmaganini aytdi.

"Haligacha tushunmadim, Gulnora Karimova ham bizni quvvatlagan bo‘lsa, unda bizni kim o‘tqizmoqchi bo‘layapti?! Hech tushunmadim", dedi Artel shirkatining ismini oshkor qilmayotganimiz xodimi.

Ayni paytda, mustaqil manbalar o‘zaro qarindosh Artel va Akfa shirkatlari egasi ekani aytilgan Botir va Sobir Ortiqxo‘jayevlar shu kunlarda O‘zbekistonda nishonga olinayotgan navbatdagi puldorlar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

O‘zbekistonda shakar importi va savdosini nazorat qilishi aytiladigan, "Baho shakar" nomi bilan tanilgan Bahodir Karimjonovga nisbatan ayblov e‘lon qilinib, qidiruvga berilgan.

Bundan tashqari, o‘tgan oyda o‘zbekistonlik yana bir tadbirkor, “kriminal dunyosi avtoriteti” sifatida tanilgan G‘afur Ahmedov ham qidiruvga e‘lon qilinib, uni topib, qo‘lga olish ishlariga yo‘l-patrul xizmati xodimlari jalb qilingan edi.
XS
SM
MD
LG