Линклар

logo-print
Axborot agentliklarining tabiiy gaz narxi oshajagi to‘g‘risidagi xabarini Toshkent shahri tumanlaridan birining gaz ta‘minoti idorasi vakili tasdiqladi.

-Ha, 1 apreldan gaz narxi oshadi, dedi vakil.

Xabar qilinishicha, 1 apreldan boshlab gaz o‘lchagichi bor iste‘molchilar (gap aholi ustida ketayapti) tabiiy gazning 1 kub metri uchun 139 so‘m 80 tiyin to‘laydi.

Axborot agentliklarining “O‘zbekneftegaz” Milliy xolding kompaniyasi matbuot xizmatiga tayanib xabar qilishicha, 1 apreldan boshlab joriy etiladigan yangi narxlar 2013 yilning 15 martida Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan.

Namangandagi “Vodiygazta‘minot” idorasi vakilining aytishicha, shu kundagi narxlar bundaydir:

-Hisoblagichi borlarga hozir 122 so‘m 85 tiyin.

-Hisoblagichi yo‘qlargachi?

-Hisoblagichi yo‘qlar to‘laydigan gaz haqi iste‘molchining xonadoni hajmi, oilasida necha kishi borligiga qarab chiqariladi, dedi “Vodiygazta‘minot” idorasi vakili.

Xabarlarda aytilishicha, xonadonida gaz hisoblagichi yo‘q iste‘molchi tabiiy gazning har kub metri uchun shu kundagi 212 so‘m o‘rniga 1 apreldan boshlab 242 so‘mdan to‘laydi.

Isitish uchun sarflangan gazning 10 kub metri uchun aholi 1 apreldan boshlab 1121,6 so‘m to‘laydi. Shu kundagi narx esa, 985,6 so‘mdir.

Tabiiy gazning yirik eksportchilaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonda aholiga sotiladigan gaz narxi o‘tgan yili 2 marta – 2012 yil 1 aprelidan hamda 1 oktyabridan 14 foizdanga oshirilgan edi.

2013 yil 1 aprelidan boshlab joriy etiladigan yangi narxlar ham hozirgilaridan taqriban 14 foizga ortiq.

O‘zbekiston tabiiy gazni Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Xitoyga eksport qiladi.

2013 yilning 1 aprelidan boshlab O‘zbekistonda elektr quvvati narxlari ham ortadi.

Bu ma‘lumotni “O‘zbekenergo” Davlat aktsiyadorlar tashqi savdo kompaniyasi matbuot xizmati tasdiqladi.

-Narxlar oshishi to‘g‘risidagi xabarlar rost, saytimizda barcha ma‘lumotlar mavjud, dedi “O‘zbekenergo” rasmiy vakili.

Kompaniya saytiga ko‘ra, 1 apreldan boshlab aholi 1 kVt soat elektr energiya uchun shu kundagi 104 so‘m 40 tiyin o‘rniga 1 apreldan boshlab 112 so‘m 20 tiyin to‘laydi.

Elektr plitalar bilan jihozlangan turar-joy aholisi esa, 1 kVt soat uchun shu kundagi 52 so‘m 20 tiyin o‘rniga 56 so‘m 10 tiyin to‘laydi.

Aytilishicha, aholi elektr quvvati uchun qarzini 10 aprelgacha eski (shu kundagi) narxlarda to‘lashi mumkin.

Elektr quvvati O‘zbekistonda narxi so‘nggi bor 2012 yilning 1 oktyabrida oshirilgan edi.

2013 yilning 1 aprelidan boshlab O‘zbekistonda gaz va elektr quvvatidan tashqari sovuq va issiq suv narxlari hamda kanalizatsiya xizmati uchun to‘lovlar hajmi taqriban 14 foizga oshadi.

O‘zbekistonda kommunal xizmatlar narxi keyingi yillarda yilda ikki bor - bahor va kuzda oshirilishi odat tusiga kirib qolgan.
XS
SM
MD
LG