Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:26

"Baho Shakar"ni qamoqqa olish to‘g‘risida ajrim chiqarildi


Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlarga ko‘ra, Bahodir Karimjonovni qidirish harakatlariga Davlat bojxona qo‘mitasi ham jalb qilingan.
Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlarga ko‘ra, Bahodir Karimjonovni qidirish harakatlariga Davlat bojxona qo‘mitasi ham jalb qilingan.
Shu yil boshida O‘zbekistonni tark etgan yirik tadbirkor Bahodir Karimjonovga nisbatan Jinoyat Kodeksining bir nechta moddasi bilan ayblov e‘lon qilinib, sirtdan qamoqqa olish to‘g‘risida ajrim chiqarildi. O‘zbekistonda shakar importi va savdosini nazorat qilgani aytiladigan va “Baho Shakar” laqabi bilan tanilgan Karimjonov milliardlab so‘m miqdorida boj to‘lovlari va soliqni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra, 36 yoshli tadbirkor Birlashgan Arab Amirliklarida yashirinib yuribdi.

Ozodlik manbalaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, Bahodir Karimjonovga nisbatan “sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanishi” to‘g‘risida Toshkent shahar Chilonzor tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi ajrim chiqargan.

Ozodlik manbasi elektron pochta orqali yuborgan ajrim Chilonzor tuman sudi sudьyasi Dilshod Suleymanov tomonidan imzolangan, lekin sud majlisi sanasi hujjatning Ozodlikka yuborilgan nusxasida aks etmagan.

Sud ajrimining ikki sahifasi aks etgan nusxasini yuborgan manbamizga ko‘ra, huquq-tartibot va sud idoralari hujjatni negadir sir tutmoqda va ommaga e‘lon qilinishini istamayotir.

Chilonzor tuman Jinoyat ishlari sudidagi Ozodlik manbasi ajrimning haqiqiyligini tasdiqladi va hujjat shu yilning 21 fevral kuni chiqarilganini ma‘lum qildi.

Bahodir Karimjonov - "Baho Shakar" jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bilan ayblanmoqda.
Bahodir Karimjonov - "Baho Shakar" jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bilan ayblanmoqda.
Ajrimda aytilishicha, 36 yoshli Bahodir Karimjonovni ehtiyot chorasi sifatida sirtdan qamoqqa olish to‘g‘risidagi qaror Toshkent shahar prokuraturasi iltimosnomasini qanoatlantirish asosida qabul qilingan.

O‘zbekistonda shakar import qilish va savdosini to‘laligicha nazorat qilgani aytiladigan va shu tufayli “Baho Shakar” laqabi bilan tanilgan tadbirkor, Ozodlik manbasiga ko‘ra, Coca-Cola shirkati mahsulotlarini realizatsiya qilish sohasini ham nazorat qilgan.

Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlarga ko‘ra, prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga aloqador Coca-Cola mahsulotlari shu kunlarda mamlakat do‘konlaridan yo‘qolgani ham Karimjonovga nisbatan jinoiy ish ochilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilmqoda.

Sud ajrimiga binoan, Karimjonov milliardlab so‘m miqdoridagi boj to‘lovlari va soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bilan ayblanib, qidiruvga berilgan.

Xususan, Ozodlik ixtiyoridagi ajrim nusxasiga ko‘ra, Bahodir Karimjonovga qo‘yilgan ayblovlarning bitta epizodiga ko‘ra, u 2011 yilning dekabr oyida 2012 yil sentyabr oyigacha 94 milliard 600 million so‘mlik (qariyb 47 million AQSh dollari) boj to‘lovlarini to‘lamagan.

Bahodir Karimjonovga qo‘yilgan ayblovlarning bitta epizodiga ko‘ra, u qariyb 47 million dollarlik boj to‘lovlarini to‘lamagan.
Bahodir Karimjonovga qo‘yilgan ayblovlarning bitta epizodiga ko‘ra, u qariyb 47 million dollarlik boj to‘lovlarini to‘lamagan.
Jumladan, “Baho Shakar” soliq va boj to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash, savdo qoidalarini buzish (O‘R JK 182-, 184- va 189-moddalari)dan tashqari, Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste‘mol qilish (205-modda), mansab soxtakorligi (209-modda), jinoiy guruh tashkil qilish (242-modda), jinoiy faoliyatdan olingan daromadni legallashtirish (243-modda)da ham ayblanmoqda.

Bu ayblovlar bo‘yicha Karimjonov 20 yildan 25 yilgacha qamoqqa hukm qilinishi mumkin.

Sud ajrimida aytilishicha, Karimjonov nafaqat shakar savdosi, balki “Erudit International Plus” xususiy maktabining ta‘sischisi va rahbari sifatida qator xususiy shirkatlar bilan soxta shartnomalar tuzish orqali yuzlab million so‘m miqdoridagi mablag‘ni o‘zlashtirgan.

“Erudit International Plus” makatabining ismi sir qolishini so‘ragan xodimi, Ozodlik bilan suhbatda, huquq-tartibot idoralari maktab va uning rahbari faoliyati jinoyat ishi doirasida taftish qilinayotganini tasdiqladi, lekin boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.

Maktab xodimi shuningdek, Bahodir Karimjonovning hozirda qayerdaligidan bexabarligini, u bir necha oydan beri makatab ma‘muriyati bilan aloqaga chiqmaganini ta‘kidladi.

Ozodlik muxbirining “Erudit International Plus” maktabiga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlar asoslimi, degan savolini ham suhbatdoshimiz javobsiz qoldirdi.

Asli toshkentlik 36 yoshli Bahodir Karimjonov, unga tegishli biznes sub‘ektlari fevral oyi boshlarida O‘zbekiston prokuraturasi tomonidan taftish qilina boshlagani ortidan mamlakatni tark etgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi. Ozodklikning Birlashgan Arab Amirliklaridagi manbalari xalq orasida “Baho Shakar” laqabi bilan tanilgan tadbirkor Dubay shahrida ko‘ringanini ma‘lum qilgan edi. Ayni manbaning aytishicha, u hali ham o‘sha yerda qolmoqda.

Karimjonov oilasiga yaqin manbalardan birining ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, u shakar biznesida ham prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan hamkorlik qilgan.

1976 yilda tug‘ilgan Bahodir Karimjonov Toshkent shahrining Bo‘ston mahallasida ziyoli oilada tug‘ilib o‘sgan.

Ayni paytda, Karimjonovni qidirish ishlariga O‘zbekiston bojxonasi ham jalb qilingan. Ozodlik ixtiyoriga Bojxona qo‘mitasi kontrabandaga qrashi kurashish bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Egamberdiyev imzosi bilan tarqatilgan xabarnoma nusxasi kelib tushdi.

O‘tgan oyda o‘zbekistonlik yana bir tadbirkor, “kriminal dunyosi avtoriteti” sifatida tanilgan G‘afur Ahmedov ham qidiruvga e‘lon qilinib, uni topib, qo‘lga olish ishlariga yo‘l-patrul xizmati xodimlari jalb qilingan edi.
XS
SM
MD
LG