Линклар

O‘zbekistonga olib kirishda keskin cheklovga uchrashi kutilayotgan import mahsulotlarning dastlabki ro‘yxatidan xalq iste‘moli mollarining 10 dan ortiq turi o‘rin oldi. O‘zbekistonlik tadbirkorlar mart oyi oxiriga qadar yana bir ro‘yxat e‘lon qilishi va undan O‘zbekistonda ishlab chiqarilmayotgan iste‘mol mollarining asosiy qismi o‘rin olishini kutmoqda.

O‘zbekistonga olib kirish cheklanadigan import tovarlariga oid ilk ro‘yxatdan quyidagi buyumlar o‘rin oldi:

- uyali aloqa tarmoqlari yoki boshqa simsiz aloqa ‎tarmoqlari uchun telefon apparatlari,
- ovqatni tayyorlash va isitish uchun qurilma,
- konditsionerlar,
- elektr yoki boshqa turdagi muzlatgichlar, ‎
- sovutgichlar,
- uy-ro‘zg‘or idishlarini yuvish mashinalari,
- maishiy yoki kirxonalar uchun kir yuvish ‎mashinalari,
- changyutgichlar,
- mikroto‘lqinli pechlar,
- maishiy turg‘un elektr plitalari,
- televizion va video bilan ishlovchi uskunalar,
- Qisilgan yoki suyultirilgan gaz uchun idishlar va hokazo.

Lex.uz saytida berilgan hujjatga ko‘ra, bular "maxsus nazorat identifikatsiya belgilari bilan majburiy markirovka qilinishi kerak bo‘lgan chetdan keltiriladigan iste‘mol tovarlari”dir.

Bu esa mazkur tovarlar O‘zbekistonga olib kirilar ekan, bojxonachilarning qo‘shimcha tekshiruvidan o‘tkazilishi shart ekanini anglatadi.

Bunday qo‘shimcha tekshiruvlar O‘zbekiston prezidentining eng zarur oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj mollarining O‘zbekistonga importini keskin cheklash to‘g‘risidagi 29 yanvar kungi qarori ortidan joriy etilgani aytildi.

Hozircha O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasidan bu cheklovga oid aniq ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, biroz muqaddam Ozodlikka so‘zlagan Farg‘ona vodiysidagi bojxona maskanlaridan birining xodimi yangi qaror bilan aprel oyidan boshlab import qilinadigan tovarlar uchun taqdim qilinadigan hujjatlar soni ko‘payganini aytgan edi.

Unga ko‘ra, shu paytgacha ham Vazirlar Mahkamasining 75-qarorga binoan “O‘zbekiston Respublikasiga import bo‘ladigan har bitta tovar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilib kelayotgan" edi.

Endilikda esa tujjorlar import tovarlarning “nomi, miqdori, og‘irligi va yuklarning qiymati, shuningdek, Tovarlar tarifi va kodini muvofiqlashtirish sistemasi asosida qo‘yilgan kodiga oid to‘liq ma‘lumotni" bojxonachilarga taqdim etishga majbur.

Bunga qadar Vazirlar Mahkamasi tomonidan ichki ishlab chiqarishni rag‘batlantirish niyati bilan izohlangan bir necha hujjat e‘lon qilingan, ammo tovarlarning ro‘yxati berilmayotgan edi.

Ismi aytilishini istamagan toshkentlik iqtisodchi ilk ro‘yxatga qo‘shimcha ravishda yana bir ro‘yxatning paydo bo‘lishi kutilayotganini aytdi.

“Men bugun ertalab bojxonachilar bilan gaplashdim. 1-2 aprel kunlariga borib asosiy ro‘yxat chiqadi, deyishdi. O‘sha ro‘yxat hal qiluvchi ro‘yxat bo‘ladi va undan iste‘mol mollarining aksariyati o‘rni oladi”, dedi iqtisodchi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Import qilinayotgan tovarlarga maxsus nazoratdan o‘tganini bildiruvchi belgi yopishtirish yangi tartib-qoidada ko‘rsatilgan talabning faqat biridir.

Bundan tashqari, bu iste‘mol mollarining O‘zbekistonga qanday transport vositasida olib kelinayotgani haqida bojxona organlariga taqdim etiladigan yangi hujjatlar ro‘yxati ham ishlab chiqilgan.

Tovarni havo transportida olib keluvchilar 4 ta, temir yo‘lda tashuvchilar 3 ta, avtomashina va suv transportida tashuvchilar 8 tadan qo‘shimcha hujjat taqdim etishi lozim.

Shuningdek, yangi tartibga muvofiq bojxonachilar tovar egalaridan tovar haqida chet tillarda yozilgan xarakteristikani o‘zbek yoki rus tillariga tarjima qilib kelishlarini talab qilishga ham haqli bo‘ldilar.

Xalqaro miqyosda tanilgan Bosch brendi ostidagi uy-ro‘zg‘or buyumlarini O‘zbekistonga keltirayotgan toshkentlik tadbirkor qo‘shimcha tekshiruvlar uchun kamida ikki hafta, ko‘pi bilan esa 1 oy vaqt ketishi mumkinligi aytdi.

"Buning ustiga qancha harajat ketadi. Yana qancha asab. Xullas, tovar qimmatlaydida. Bizning xaridor uchun Bosch i tak qimmat. Savdo sekinlaydida, qisqasi. Biz endi olib kiraveramiz, lekin sal melkiyroq tadbirkorlar sinadida", dedi toshkentlik tadbirkor.

U hozircha chegaradan olib kirayotgan import mahsulotlari ustidan qo‘shimcha nazorat o‘rnatilganiga guvoh bo‘lmaganini aytdi.

Ayni paytda turli rasmiy manbalarda cheklovning qonuniy kuchga kirish muddati turli xil ko‘rsatilmoqda.

Prezidenti qaror matnidan bu muddatning 1 aprel ekani anglashilgan edi. Ammo, Lex.uz saytidagi hujjatda ilk ro‘yxat bo‘yicha qo‘shimcha nazoratni boshlash muddati 25 fevral qilib ko‘rsatilgan.

Toshkentlik iqtisodchi esa bojxonachilarga tayanib, bu muddatning 10 aprel ekani haqidagi yana bir ma‘lumotni berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan mahsulotlar raqobatbardoshligini yanada oshirish va tovarlarning mamlakatga noqonuniy olib qirilishiga qarshi kurashni kuchaytirishning chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni 2013 yilning 29 yanvarida imzolagan edi.

Prezidentning 29 yanvar kungi qarori to‘g‘risida fikr bildirgan kuzatuvchilar cheklov kuchga kirgach, mamlakat bozorida tovar taqchilligi yuzaga kelishini taxmin qilmoqdalar.

Bunday taxmin qaror muallifining o‘zida ham yo‘q emasga o‘xshaydi.

Chunki hujjatda xorijdan keltirilayotgan keng iste‘mol mollari importi cheklangach, ularning o‘rnini mahalliy mahsulotlar bilan to‘liq ta‘minlash uchun joylarda yarmarkalar tashkil qilish rejalashtirilgan.
XS
SM
MD
LG