Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:24

Tojikistonda past poshnali poyafzal kiygan talabalar darsga qo‘yilmayapti


Tojikiston davlat pedagogika universiteti. Dushanbe shahri.
Tojikiston davlat pedagogika universiteti. Dushanbe shahri.
Tojikiston davlat Pedagogika universitetining past poshnali poyafzal kiygan talaba qizlari oliygohga kiritilmayapti. Universitet rektori bu haqda buyruq bergani aytilmoqda.

Chorshanba kuni rektor buyrug‘idan bexabar qolib, Tojikiston Pedagogika universitetiga past poshnali poyafzalda kelgan talaba qizlar oliygoh eshigidan kira olmay ortga qaytdilar.

Oliygohning Mavzuna va Nasiba ismli ikki talabasi “mokasin” rusumidagi past poshnali poyafzal kiygani uchun darsdan chiqarib yuborildi. Ularning aytishlaricha, ilgari bir xil rangli kiyimlar kiymagani uchun uniyersitet rahbariyatidan dakki eshitgan, endi esa ularning poyafzaliga e‘tiroz bildirilmoqda:

- Biz past poshnali poyafzalga odatlanganmiz. Biz kiygan poyafzalimiz oyog‘imizda erkin turishini va yurish uchun qulay bo‘lishini istaymiz. Axir baland poshnali poyafzal salomatlik uchun ham zararku. Qizlar “mokasinka”larni 60-80 somoni (12-15 AQSh dollari)dan sotib olgan. Endi yana qimmat narxdagi poshnali poyafzal sotib olishi kerakmi? Ba‘zi qizlarimizning bunga sharoiti ham yo‘q,- deydi talaba qizlardan biri Mavzuna.

Mavzuna va Nasibaga o‘xshab past poshnali poyafzal kiygan talaba qizlardan juda ko‘pchiligi darsga kirolmadi. Universitet rektorining o‘zi oliygohga kirish darvozasida qorovullik qilib turdi.

Universitet xotin-qizlar kengashi raisi Rajabmoh Qosimova Ozodlik bilan suhbatda Tojikiston maorif vazirligining talabalar uchun yagona kiyim-bosh joriy qilish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi asosida bunday qarorga kelinganini ma‘lum qildi:

- Biz o‘qituvchi tayyorlaymiz va istaymizki, talabalarimiz hamma vaqt chiroyli va boshqalarga ibrat bo‘ladigan bo‘lsin. “Mokasinka”lar qizlarimizni haqiqatan xunuk qilib ko‘rsatadi. Shuning uchun ham sal balandroq poyafzal kiyishlarini talab qildik. Chunki ham qaddu qomati go‘zal bo‘ladi, ham odam o‘zida ishonch paydo qiladi,- dedi Rajabmoh Qosimova.

Tojikistonlik travmotolog Bahodir Shamiyev fikricha, qizlar poyafzali kamida 3-4 santimetr poshnali bo‘lishi kerak:

- Ba‘zi qizlar “shpilka”li poyafzal kiyishadi. Bu ham me‘yordan ortiq. Natijada umurtqaga, tizzalarga va bo‘g‘imlarga zarar yetadi. Biroq poshnasiz kovushlarning ham zarari kam emas. Bunday poyafzallar oyoq kaftining shakli buzilishiga yoki tekis tovonlilik (ploskostopiye) kasalligini keltirib chiqaradi,- deydi travmotolog Bahodir Shamiyev.

Tojikiston Pedagogika universtiteti rektori Abdujabbor Rahmonov bundan ilgari ham talabalar kiyinishiga bir qancha taqiq qo‘ygani bilan “tanilgan” edi.

U xalq maorifi vaziri bo‘lgan paytda, talaba qizlarga ro‘molda darsga kelishni, talab yigitlarga esa soqol qo‘yishni taqiqlagan edi.
XS
SM
MD
LG