Линклар

O‘zbekistonning jazirama yozida odamni sovuq choy saqlaydi, muzqaymoq saqlaydi. Bas, shunday ekan, muzqaymoq mavsumi arafasida u haqda ikki og‘iz gap aytishga qaror qildik. Qolaversa, bu mavzuni tilga olishga boshqa bir sabab ham bor.

Sirdaryolik tinglovchilarimizdan birining qizi, 16 yashar Hidoyat uchun muzqaymoq mavsumi yoz kelmayoq boshlanibdi. U suhbatimiz arafasida o‘qishdan keyin o‘rtog‘i bilan kafedan muzqaymoq yeb qaytgan ekan.

- Bir kursdoshim bilan bugun bordik. Morojniy yedik.

Ozodlik: U yerda faqat morojniy sotiladimi?

- Yo‘q. Produkta, napitka, hamma narsa bor. Bir burchagida morojniy ham sotadi.

Ozodlik: Morojniy sotadigan do‘konlar ko‘pmi hozir?

- Ha, ko‘p.

Ozodlik: Qishda ham sotadimi morojniy?

- Yo‘q, qishda sotmaydi. Fevralning oxirlarida chiqdi, deydi Hidoyat.

Muzqaymoq yegulikkina emas. Muzqaymoq – yaxshi kayfiyat. Muzqaymoq – ermak. Muzqaymoq – bolalik ramzi!

So‘zlashuv tilida o‘rischa ataymiz uni “morojniy”, deb. Biroq o‘zbekcha nomidan yaxshisi, o‘zbekcha nomidan shirini, mazalisi yo‘q – MUZQAYMOQ!

Jismiga monand ism. Sutdan qilinadi-da, qimmatrog‘i qaymoqdan qilinadi-da! Shakar ham qo‘shadilar – shirin bo‘lsin, deydilar. Hid tashuvchi ashyolar qo‘shadilar – xushxo‘r bo‘lsin, deydilar.

Shu kunda muzqaymoqpazlarning qo‘li-qo‘liga tegmayotgan ko‘rinadi. Har holda, ulardan biri maqsadimizni chala-chulpa tushuniboq, to‘g‘rirog‘i, bizni ko‘tarasiga oluvchi xaridor, deb o‘yladi shekilli, “chiqib telefon qilib yuboraman aka” dedi.

Muzqaymoqning turi ko‘p. Agar biron kishi “turi mana muncha”, deb aniq raqam aytsa – ishonmang. Shakli ham, agar ta‘bir joiz bo‘lsa, mazmuni ham har xil bo‘ladi. Rangin ham bo‘ladi muzqaymoq: oqi bor, ko‘ki bor, sarig‘iyu qizili bor. Jigarrang, shokoladlisini aytmaysizmi?

Toshkentdagi qandolat ishlab chiqaruvchi korxonalardan birining vakili
muzqaymoq yozda qishdagidan 2 – 3 baravar ko‘proq ishlab chiqariladi, dedi.

Bu korxona ishlab chiqaradigan muzqaymoqning turi 15 dan ortiq ekanligini ham so‘rab bildik.

Muzqaymoqni – eng demokratik shirinlik, desa bo‘ladi. Uni 5 yulduzli restoranda ham yeyaveradilar, ko‘chayu xiyobonlarda sayr qilib yurib ham yeyaveradilar. Muzqaymoq, odatda, o‘z nomi o‘zi bilan – muzdir, sovuqdir. Lekin uning qovurilgani ham bo‘ladi.

Muzqaymoqni keyingi yillarda har bir oziq-ovqat do‘konidan xarid qilish mumkin. Toshkentdagi shunday do‘konlardan biri bilan ham bog‘landik.

Ozodlik: Sizlarda necha pullik morojniylar bor?

- Har xili bor.

Ozodlik: Masalan?

- 300 so‘m, qimmati 5000 so‘m.

Ozodlik: Necha grammlik u 5000 so‘mligi?

- Bir kilo, deydi Toshkentdagi do‘konlardan birining xodimi.

Muzqaymoq shirinlikkina emas, u dori hamdir. Ha, ha, uni dori o‘rnida ham yeyish mumkin. Har holda yaqinda AQShdagi muzqamoqpaz shirkatlardan biri grippga qarshi muzqaymoq chiqara boshlagani to‘g‘risida xabar paydo bo‘lgan edi.

Narxga qaytamiz. Muzqaymoqpaz yana bir korxona vakilining so‘zlariga qaraganda, bu shirinlikning ba‘zi turlari narxi go‘sht narxiga teng.

Ozodlik: Bir kilo morojniy necha pul? O‘rtachasi?

- 12-14 ming so‘m.

Ozodlik: Qimmatichi?

- 14 ming, deydi muzqaymoqpaz korxona vakili.

Bir kunda qancha muzqaymoq yeyish mumkin? Bu savolga mutaxassislarning aniq javobi yo‘q hisobi. Lekin bir javob borki, uni aytsak, hech adashmaymiz: me‘yorida yegan ma‘qul, aks holda...

Muzqaymoqdan gap ochishimizga bir tadqiqot natijalari ham turtki berdi. Euromonitor International tadqiqot markazining kuni kecha e‘lon qilingan hisobotida aytilishicha, O‘zbekistonning muzqaymoq bozori jadal sur‘atlar bilan to‘lib borayotgan bozorlardan biridir va bu vaziyatdan ishlab chiqaruvchilar ustalik bilan foydalandi.

Iqlimining o‘ta issiqligidan kelib chiqib, tadqiqotchilar O‘zbekiston muzqaymoq bozori potentsiali hali katta ekanligiga urg‘u berganlar.

Muzqaymoq mavzuida murojaat qilganimiz o‘zbekistonliklardan yana biri ana o‘sha bozorni to‘ldiruvchilarga asbob-uskunalar sotish bilan shug‘ullanadi.

Uning aytishicha, shu kunda O‘zbekistonda “Qattiq muzqaymoq shlab chiqarish kamrog‘u ko‘prog‘i yumshoq”. Chunki, qattiq muzqaymoq ishlab chiqaradigan tsex narxi o‘ta baland bo‘lib, uni sotib olishga har kimning ham qurbi yetavermaydi.

- Katta liniyalarni kamdan kam odam oladi.

Ozodlik: Bitta frezer olsa bitta odam ish bilan ta‘minlanadi. O‘zigina chiqaradida endi-a?

- Ha, shunaqa. Ko‘chada turib sotish uchun oladi xolos. Keyin frezer ham juda arzon narsa. Qattiq morojniy ishlab chiqaruvchi bitta liniya juda ham qimmat bo‘lganligi uchun kamdan kam odam nima qiladi.

Ozodlik: O‘rtacha liniya necha pulga tushadi?

- 250 ming dollar.

Ozodlik: Bitta frezer necha pul?

- 2000-3000 dollar.

Ozodlik: O‘zi umuman keyingi yillarda muzqaymoq sanoati rivojlanayapti deyish mumkinmi oldingi yillarga qaraganda?

- Odam ko‘paygan sari albatta rivojlanadi, deydi o‘zbekistonliklardan biri.

Bugungi suhbatdoshlarimizning ismlariniyam, korxonalari nominiyam aytmadik – reklama bo‘lib qolmasin, dedik-da!

Lekin, muzqaymoqni rosa reklamaladik.

Buning zarari bo‘lmasa kerak, deb o‘yladik-da!

Oldinda jazirama yoz.

Muzqaymoq esa, to‘rtta pulga keladigan yaxshi kayfiyat.

Osh bo‘lsin!
XS
SM
MD
LG