Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:05

“O‘zbek tilida imtihon olmaslik to‘g‘risida buyruq yo‘q”


Qirg‘iziston maorif va fan vazirligi matbuot kotibi Kerez Jukeyeva Ozodlik bilan suhbat chog‘ida mana shunday bayonot berdi. Qirg‘izistonda o‘zbek tilida test imtihonlarini qabul qilish ta‘qiqlangani haqida 31 yanvar kuni qirg‘iz matbuoti xabar tarqatgan edi.

Maorif vazirligi matbuot kotibi Kerez Jukeyevaning aytishicha, vazirlik tomonidan oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihoni vazifasini o‘tovchi umumrespublika testlarini o‘zbek tilida qabul qilmaslik to‘g‘risida bo‘yruq bo‘lmagan.

-Maorif vazirligi o‘zbek tilini umumrespublika testiga kiritmaslik haqida buyruq chiqarmagan. Faqat ta‘limni baholash va o‘qitish uslublari markazi bilan tuzilgan shartnomaga o‘zbek tilida test imtihonlari topshirilishi haqidagi band kiritilmay qolgan, -dedi Kerez Jukeyeva.

Aytib o‘tish lozimki, Ta‘limni baholash va o‘qitish uslublari markazi maorif vazirligidan mustaqil tuzilma hisoblanadi va umumrespublika test imtihonlarini aynan mana shu tuzilma qabul qiladi.

Ta‘limni baholash markazi bilan imzolangan shartnomada o‘zbek tiliga oid bandning tushirib qoldirilgani ham test imtihonlarini o‘zbek tilida topshirish masalasi savol ostida qolayotganini anglatadi. Suhbatdoshimiz Kerez Jukeyevaning aytishicha, umumrespublika testi topshiruvchi o‘quvchilarni ro‘yxatga olish yakunlangach, testni o‘zbek tilida topshirish naqadar maqsadga muvofiq ekani aniqlanadi. Unga ko‘ra,o‘zbek tilidagi test masalasi bu tilida qancha odam imtihon topshirishni istashiga qarab hal qilinadi.

-O‘zbek tilida umumrespublika testini turli yillarda mingtadan ikki mingtagacha bo‘lgan bitiruvchi topshirgan. Bu o‘zbek maktabi bitiruvchilarining 20-30 foizini tashkil qiladi. Ayni paytda umumrespublika testini topshirish niyatida bo‘lgan bitiruvchilarni ro‘yxatga olish jarayoni ketmoqda. Bu jarayon 11 aprelda yakunlanadi. Ro‘yxatga olish natijalariga qarab vazirlik testni uchinchi tilda o‘tkazish masalasini o‘rganib chiqadi. Agar o‘zbek tilida imtihon topshirishni istovchilar ko‘p bo‘lsa, bu tilda test imtihonlarini qoldirish masalasi hal etiladi, - deb tushuntirdi Kerez Jukeyeva.

Biroq parlamentning ayrim deputatlari masala bu tarzda hal qilinishiga qarshilik qilmoqda. 27 mart kuni Qirg‘iziston parlamentidagi ayrim deputatlar yana bir bor o‘zbek tilida test imtixonalarini topshirish masalasini ko‘tardi. “Qirg‘iziston parlamentida Umumrespublika testini o‘zbek tilida o‘tkazmaslik talab qilingan kamsituvchi bayonotlar yangramoqda”, deb xabar berdi 27 mart kuni 24.kg axborot agentligi.

Parlament yig‘inida deputat Jildizkan Joldosheva: “Qaysi asosda URTni o‘zbek tilida o‘tkazamiz? O‘zbekistonda, masalan, qirg‘izlar ham yashaydi, lekin ular yagona imtihonni o‘zbek tilida topshiradi. Agar URTni o‘zbek tilida topshirishga ijozat bersak, o‘z tilimizni hech qachon rivojlantira olmaymiz”, deb bildirgan.

Maorif vaziri Kanat Sadikov parlament deputatining savoliga javob berar ekan, umumrespublika testini topshirish jarayonidan o‘zbek tilini olib tashlash hozircha maqsadga muvofiq emasligini aytgan.

2012 yilda parlament deputatlari Umumresbulika testlarini o‘zbek tilida olinishiga qarshilik bildirgan edilar. O‘tgan oyda esa URTni o‘zbek tilida topshirmaslik haqida qaror chiqarilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.

8 fevral kuni Ozodlik radiosiga suhbat bergan maorif vazirligining ismini aytmasligimizni so‘ragan mas‘ul xodimi 1 fevralda test imtixonlarni o‘zbek tilida topshirishni ta‘qiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilinganini tasdiqlagan edi.

- Ha, chindan ham shunday. Umumrespublika testlari davlat tili va rasmiy tildagina o‘tkaziladi, -degan edi vazirlikning aynan shu masala bilan shug‘ullanadigan mutaxassisi.

Bu ma‘lumot Qirg‘iziston matbuotida paydo bo‘lgach, bir qator nodavlat tashkilotlari o‘zbek tilida imtihon topshirishga to‘siq qo‘yilishi fuqarolar huquqlarining buzilishi va kamsitilishi ekanini aytib chiqdilar. Qirg‘iziston xalqlari kongressi siyosiy partiyasi esa o‘zbek tilida imtihon topshirish huquqi qayta tiklanishi talab qilingan murojaatni e‘lon qilib, respublika bo‘ylab imzo yig‘ish jarayonini boshlagan edi.

-May oyida imtihonlar boshlanadi. O‘zbek tilida test sinovlarini topshirish masalasi mana shu muddatgacha ijobiy hal qilinishi kerak. Chunki o‘zbek maktabini bitirgan o‘quvchi rus yoki qirg‘iz tilida o‘z bilim darajasining naqadar kengligini ko‘rsata oladigan darajada imtihon topshira olmaydi. Bu bilan esa biz minglab yoshlarning kelajagini bo‘g‘ib tashlagan bo‘lamiz. Bu masala to‘g‘ri tushinilishi va o‘zbek tilida imtihon olish masalasi tez kunlarda ijobiy hal etilishi lozim, -dedi partiya raisi Shamshibek Medetbekov.

Maorif vazirligiga ko‘ra, Qirg‘izistondagi o‘zbek maktablarida 122 ming 200 o‘quvchi ta‘lim oladi. O‘tgan yili o‘zbek maktablarini bitirgan 7 ming o‘quvchidan 1 ming 74 nafari URTni o‘zbek tilida topshirgan.
XS
SM
MD
LG