Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:30

Toshkentda kvartiralar narxi oshib bormoqda


O‘tgan yil mobaynida O‘zbekiston poytaxtidagi kvartiralarning 1 kvadrat metri o‘rtacha narxi 592 AQSh dollariga yetdi. Bu esa avvalgi yilga solishtirganda 11,5 foizga ko‘proqdir.

Bu haqda Sion Research axborot-tahliliy markazi tomonidan kuni kecha e‘lon qilingan hisobotda aytiladi.

Hisobotga ko‘ra, 2012 yilning ikkinchi yarmida Toshkentda sotuvga qo‘yilgan kvartiralarning kvadrat metri xarid narxi 7,8 foizga o‘sgan.

O‘zbekiston poytaxtida o‘tgan yilning ikkinchi yarim yilligida bozorga chiqarilgan kvartiralarning 60 foizdan ko‘prog‘ini 40 kvadrat metrdan 80 kvadrat metrgacha bo‘lgan uylar tashkil qiladi.

Sion hisobotida aytilishicha, zikr etilgan muddat ichida 61 kvadrat metrdan 70 kvadrat metrgacha maydonga ega bo‘lgan kvartiralar eng ko‘p sotuvga qo‘yilgan bo‘lib, ular kvartira bozorining 17,3 foizini tashkil qilgan. Eng kam sotuvga qo‘yilgan kvartiralar esa maydoni 20 kv. metrgacha uylardir.

Hisobotga muvofiq, o‘tgan yili betonli uylardan ko‘ra g‘ishtin uylar xaridorgirroq bo‘lgan. Bunday kvartiralar narxi betondan qurilgan uylardagi muqobil maydonga ega kvartiralardan 20 foizga qimmat bo‘lgan.

Toshkent shahrida maklerlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan 37 yoshli Malikaning aytishicha, ayniqsa o‘tgan yilning ikkinchi yarmida kvartiralar narxining ko‘tarilishi kuzatildi:

- O‘tgan yilda kvartiralar o‘rtacha 2-3 ming dollarga qimmatladi. Keyin yanvar fevral oylarida zastoy bo‘ldi. Chet el valyutasiga oid qabul qilingan qarorlar va qora bozorda dollar narxining keskin tushib-chiqib turishi natijasida yana bir oz qimmatlay boshladi,- deydi makler.

Malikaga ko‘ra, narxlarning ko‘tarilishiga o‘tgan yilda Toshkentda propiskaga oid yangi qarorlar qabul qilingani va toshkentliklar yaqin qarindoshlarini uylariga propiska qila boshlashi ham ta‘sir ko‘rsatdi:

- O‘tgan yilning 15 martida propiskaga ruxsat beradigan 8 punktli prezident qarori chiqqandan so‘ng Toshkentda o‘zi yashayotgan va qarindoshlari viloyatlarda bo‘lgan odamlar yaqinlarini propiska qila boshladilar. Men shunday odamni bilaman. Biznes qiladi. U onasini, aka-ukalarini, jiyanlarini jami bo‘lib 16 odamni bitta uyga propiska qilib, hammasini nomiga kvartira sotib oldi. Bu akalar keyin o‘z yaqinlariga uy sotib olyapti. Bu holat ham kvartiralar narxining ko‘tarilishiga sabab bo‘lyapti,- deydi Malika.

Maklerning aytishicha, poytaxt mikrotumanlaridagi kvartiralar narxi markazga nisbatan ancha past yuradi:

- Masalan Mirzo Ulug‘bek tumanining sal chetrog‘idagi ikki xonali kvartiralarning narxi 25-27 ming dollar. Xuddi shunday uylar metroga yaqin joylarda 40 ming dollar atrofida. Masalan, kuni kecha TsUMga yaqin joydagi bir xonali kvartira 32 ming dollarga sotildi. Kvartirlar narxi joyiga qarab ancha farq qiladi,- deydi makler Malika.
XS
SM
MD
LG