Линклар

Jurnalistik faoliyatim davomida muhojirlar bilan bog‘liq ajoyib hikoya va g‘aroyib insonlar bilan uchrashishga to‘g‘ri kelmoqda. Men Moskvada sodir bo‘lgan bir voqeani sizlarga aytib bermoqchiman...

Muallif: Umidbek, Ozodlikning Moskvadagi muxbiri

Kechki qo‘ng‘iroqlarni yomon ko‘raman... Ayniqsa, tungi 12 lardan keyingisini.

Endi uyquga ketgan ekanman, birdan telefon jiringlashidan uyg‘onib ketdim. “Ko‘tarmayman, nima bo‘lsa bo‘ldi!”, deb yotaverdim. Qo‘l telefonim tinimsiz jiringlayverganidan keyin, kimdir bekorga 12 dan keyin bezovta qilmasa kerakligini o‘ylab, oxiri ko‘tarishga majbur bo‘ldim.

Qo‘ng‘iroq qilayotgan Rossiyada soat kechki 12 dan keyin menga qo‘ng‘iroq qilgan rus millatiga mansub birinchi kishi ekanidan hayron qoldim. Odatda moskvaliklar soat 9 keyin bezovta qilmaydi, mabodo qilgudek bo‘lsa - juda beodoblik qilayotgani uchun albatta yuz marotaba kechirim so‘raydi. O‘zimiznikilarning tunda yoki ertalabga yaqin to‘rtlarda “Nima qilyapsiz, aka? Bezovta qilmadimmi?”, deb telefon qilishiga-ku ko‘nikib qoldim...

Ovozidan yoshi katta ko‘ringan rus kishi meni men ekanimni tasdiqlatib oldi, kech bezovta qilayotganiga kechirim so‘rab, “Iltimos, so‘ramang kimdan telefoningiz raqamini olganimni. Shunchaki, ruscha va o‘zbekchani yaxshi biladigan odam juda zarur bo‘lib qoldi, shifoxonada yotgan ayolga yordamingiz kerak bo‘lib qoldi”, dedi.

Rossiya kasalxonalarida yotgan o‘zbek muhojirlariga tarjimonning yordami kerak bo‘lib qolganiga sira ajablanmadim, chunki odatiy holga aylanib ketgan. Menga sobiq harbiy polkovnik bo‘lgan moskvalik bu kishi shaharning kasalxonalaridan birida yotgan o‘zbek ayoliga yordamga otlangani juda qiziq tuyuldi. Rozi bo‘ldim.

Biz Sergey Nikolayevich (telefon qilgan odam o‘zini shunday tanishtirdi) bilan ertasi kuni ertalab 9 larda Moskvaning tumanlaridan birida ko‘rishadigan bo‘ldik.

Sergey aka aytgan bino shunchaki kasalxona emas, tug‘ruqxona ekani mening qiziqishimni yanada orttirdi, bu g‘ayrioddiy hodisa ekaniga ishonchim kuchaydi.

Ulkan “Lend-Rover” mashinasida kelishgan joyimizda kutib o‘tirgan Sergey Nikolayevich ko‘rinishidan gavdali, harbiy forma kiyishga o‘rganib qolgan, “grajdanskiy” kiyimda yurishga esa endi ko‘nikayotgan oqsoch 55 yoshlar chamasidagi kishi ekan.

- Gapning indallosi, mening bittayu-bitta o‘g‘lim bor. U sendan yoshroq, 32 kirdi. Kelinimning allaqanday og‘ir kasali tufayli tug‘a olmasligini aniqladik. Bormagan joyimiz qolmadi, xullas, do‘xtirlar kelin qizim bepusht ekanini aytishdi. Men esa boy odamman, men nabira ko‘rish orzusida shuncha yil yurdim, yaxshi oila qurdim, sidqidildan xizmat qildim. Lekin men qiyinchiliklardan chekinadigan odam emasman. Bir tanish do‘xtir “O‘g‘ling sog‘ bo‘lsa, boshqa ayoldan tug‘ib olaversin”, dedi. Kelinim ham bizni qiynalayotganimizni, farzand katta qilishni xohlayotganimizni tushunib, darrov ko‘ndi. Ana shunda men surrogat ona qidirib topdim,- dedi darrov o‘ziga yaqin olganini “sen”sirash orqali menga bildirgan Sergey Nikolayevich.

Harbiy nafaqaxo‘rning aytishicha, u tanishlari orqali surrogat ona bo‘lishga rozilik beradigan ayolni qidirishga tushgan. Uning biznesmen o‘rtoqlaridan biri qo‘l ostida ishlayotgan sanoqsiz o‘zbeklar orasida bunaqa operatsiyaga ko‘ngan ayollar haqida eshitgani va aynan shular orasida nisbatan arzon pulga bunday ayollarni topish mumkinligini maslahat bergan.

Biroz vaqtdan keyin bunday ayol ham topildi... U bilan zaruriy hujjatlar imzolandi, Moskvaning eng ilg‘or klinikalaridan birida zaruriy operatsiya qilindi. O‘zbek qizi Sergey Nikolayevichning shahar chetidagi villasida yashadi, uni bir qator vrachlar nazorat qildi. Qilingan UZI surrogat onaning qornida ikkita bola borligini ko‘rsatdi.

- Vaqti-soati yetdi, 5 kun oldin ikkita sog‘lom bola tug‘ildi. Ana endi bolalardan voz kechish paytiga kelib, bu qizimiz kerakli hujjatlarga qo‘l qo‘yishdan voz kechyapti. Nima qilishni bilmayman! Ruschani o‘zi mutlaqo bilmas edi, hozir umuman gapirmay qo‘ydi, nima bo‘layotganini biz tushunmayapmiz, Nastya faqat yig‘layapti, kelinim va o‘g‘lim qo‘yarga joy topa olmayapti... Notarius olib kelganman, xonada vrachlar komissiyasi va bolalar vasiylik tashkilotidan odamlar o‘tiribdi, sizni kutib olishadi,- dedi o‘zi perinatal markazi qabulxonasidan nariga o‘tmagan va meni kelinining qo‘liga topshirgan Sergey Nikolayevich.

Tushunishimcha, mening o‘zbek ekanligimni bilgan Sergey Nikolayevich telefonimni olgan odamlardan mening jurnalist ekanligimni aniqlashtirmagan, ko‘rinadi. Aks holda Rossiyada hozircha qonuniy bo‘lmagan bu amalga o‘zbek jurnalistini taklif qilmagan bo‘larmidi...

Polina 30 yoshlar atrofidagi ozg‘inroq, ko‘rinishidan juda charchagan ayol ekan. Meni qo‘limdan “podruchka” olib, u vaziyatni tushuntirishga kirishdi.

- Sergey Nikolayevich menga vaziyatni tushuntirdim, dedi. Sizdan katta iltimos – bu axmoq qiz nega aynan hozir hujjatlarga qo‘l qo‘yishdan bosh tortyapti? Bilib bering, nima xohlayotganini. Agar bugun rasmiylashtirmasak, bir yillik qilgan harakatlarimiz zoye ketadi, ketgan harajatlarimizni hisobga ham olmang. Men Sergey Nikolayevich va Lyonyaga ichim achiyapti. Axir erim oxirgi bir hafta deyarli shu tug‘ruqxonada yotdi. Ta‘tilga chiqib olgan ota-bola, siz tasavvur qilmaysiz, qanchalik ular bu bolachalarning tug‘ilishini kutganini! Qolaversa ikkovisi ham allaqachon bolalarni ko‘rdi, egizaklarga ism ham topib qo‘yishdi, -deydi bolalar metrikasiga Olьga va Anatoliy deb ismlar qo‘yilganini menga aytgan Polina.

Oyog‘imga baxill ilib, yelkamga oq xalat tashlab xonaga kirdim. Divanning bir burchagida novcha rus yigitini derazaga qarab o‘tirgan ekan. Divanning boshqa burchagida ko‘zi yoshga to‘la ko‘rimsizgina, kichkinagina, dalada chopiq qilaverib qorayib ketganligi ko‘rinib turgan yosh juvon. Ikkalasi arazlagandek biri-biriga teskari qarab o‘tiribdi...

O‘rnidan turib qo‘l berib so‘rashgan Leonid o‘zi programmist ekan, buning harakatlarida ham benihoyat charchoq sezildi. Men Lyonyadan narigi xonada o‘tirgan komissiyaga kirishdan oldin ayol bilan gaplashib olishni so‘radim.

Farg‘onalik Nasiba (ismi, yashash joyi o‘zgartirilgan- tahr.) oddiy dehqon qizi ekan. Bu jussa bilan qanday qilib polvon qiz va polvon o‘g‘ilni tuqqanini tasavvur qila olmadim. Aftidan, tug‘ishda rosa qiynalgan...

Boshqalardan hech narsa bilan farq qilmaydigan ko‘p oilali qishloq oilasida tug‘ilgan, o‘qishni bitirishi bilan erga berib yuborilgan, bitta farzandli bo‘lib ajrashib ketgan. Ersiz qolgan va ota-onasiyu yaqinlarining gap-so‘ziga chiday olmagan Nasiba, O‘zbekistonda oilaviy baxtini topa olmasdan Rossiyaga pul topgani ketgan.

Rossiyada pul topish qiyin, joy topish undanda qiyin. Kimdir unga bepusht rus oilasiga bola tug‘ib berishni taklif qilgan, buning evaziga unga yaxshi mablag‘ va‘da qilinganidan keyin u ko‘ngan. Axir bunday pulni u Rossiyada umr davomida ishlab topa olmaydi!

Divanda o‘tirgan Nasibaning ustida o‘zimizning qishloq ayollari kiyishni xush ko‘radigan gulli xitoy xalati, oyog‘ida yog‘i chiqib ketgan, qayerda ishlab chiqilganini ham aniqlash qiyin bo‘lib ketgan eski shippak. Bularning so‘zlariga ko‘ra, bir yildan beri yaxshi yeb-ichib yurgan bu bechora ayolning qo‘llariga e‘tibor berdim. Uning ingichka qo‘llari qadoq bosgan, momomning qo‘llariga o‘xshab yorilib ketgan.

Inqillab, hansillab bazo‘r o‘tirganini ko‘rib rahmlarim keldi...

- Singlim, men sizning ahvolingizdan boxabarman. Ayting, bollarni bergingiz yo‘qmi? Ishoning, agarda siz farzandlaringizni bermoqchi bo‘lmasangiz, uni sizdan hech kim tortib ololmaydi, men kafillik beraman. Ularni O‘zbekistonga olib ketaman, o‘zim katta qilaman desangiz, hozir shu yerdan olib chiqishim mumkin. Meni faqat bir savol qiziqtiradi... Axir siz bularnikida bir yil yashadingiz, ularni nimalargadir ishontirdingiz, shunaqa bo‘lishini bilib shu ishga qo‘l urdingiz. Bular hozir sizning nima xohlayotganingizni tushunmayapti. Nima qarorga keldingiz o‘zi? - dedim.

Hamma ruslar uchun Nastyaga aylanib ketgan Nasiba boshini ko‘tarmasdan:

- To‘g‘ri, bilib qilganman. Endi hammasi tugaganda qo‘rqib qoldim... – Nasiba yana ko‘ziga yosh oldi.

Xonaning narigi burchagida hamma narsaga loqayd o‘tirgan hamshira qiz biz tomonga qiziqish bilan qarar, dunyodagi hamma ayollarga xos qiziqish bilan o‘zbekcha gaplarimiz orasida nimanidir tushunishga urinayotgani sezilardi.

- Men sizga aytdim-ku, hech narsadan qo‘rqmang. Faqat keyingi qadamingizni yaxshilab uylab qo‘ying. Bu ikki bolani olib kettingiz, deylik. Ularni Farg‘onada qolgan kotta opachasi oldiga tashlab kelasizmi, sal kattaroq qilib? Siz bir o‘zingizni boqishga qiynalayotgan paytda ularni ko‘tara olish, yetarli bilim, tarbiya bera olishingizga ko‘zingiz yetadimi? Bular hozir biz nima haqida gapirayotganimizni bilmaydi. Oxirgi qaroringiz nima? Ichkarida odamlar kutib qoldi,- deyishim bilan Nasiba birinchi marotaba menga boshini ko‘tarib tik qaradi.

Munisgina, bechoragina qizdan bu nigohda asar ham qolmagan edi.

- Aka, meni tushunmadingiz, men qo‘rqyapmanki, bular menga pulni bermasdan aldab uyga jo‘natvoradi. Pulimni olib berishga yordam bering, - bu Nasiba emas, Moskva tarbiyasini ko‘rgan haqiqiy tadbirkor Nastyaning gapi edi.

Ko‘chaga chiqdik. Qalin qor yog‘ayotgan ekan. Tashqarida sigaret tutatib turgan Sergey Nikolayevich meni ko‘rib oldimga ildam qadamlar bilan yaqinlashib keldiyu, ko‘zimga savol bilan qaradi.

- Sergey Nikolayevich, Nastyangiz unga va‘da qilingan pul berilmasligidan qo‘rqyapti ekan. Men ishlagan pulini berasiz, deb va‘da bervordim. Sizga ishonsam bo‘ladimi, yolg‘onchi bo‘lib qolmaymanmi?

- Obbo qiz tushmagur! Gap bunda ekan, deng! E, men o‘zim qishlog‘iga olib borib qo‘yaman. Faqat men bir narsadan qo‘rqyatuvdim – qo‘liga buncha pulni berish Moskvada juda xavfli, bilasizku. Biror yaqini bo‘lsa pul o‘tkazmasi orqali O‘zbekistonga jo‘natganim ma‘qul, deb uylab yurgandim. Chin ofitser so‘zim, axir gap pulda emasku: men ikki karra bobo bo‘ldim! – deya xursandchiligini yashira olmadi Sergey Nikolayevich.

Qizimiz o‘z nasibasini oladigan bo‘ldi, Sergey aka nabirali, Polina va Leonid nihoyat orzusiga erishdi. Hammasi, bir qarashdan, joy-joyida...

Faqat bu hodisa ertaklardagi kabi “yaxshilik g‘alaba qozondi, hamma murod-maqsadiga erishdi”, deb aytishga tilim bormaydi - tug‘ruqxonadan g‘ash ko‘ngilda chiqib ketdim.

Men Sergey Nikolayevichning “Gap pulda emasku!”, deganiga “Yo‘q, Sergey Nikolayevich, hamma gap aynan pulda!”, deya olmadim.
XS
SM
MD
LG