Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:30

Xorazmda benzin chayqovchiligi AYoQShlarda ham avj olmoqda


Xorazmda benzin chayqovchiligi avtomobil yoqilg‘isi quyish shoxobchalariga ham yetib keldi. Benzin taqchil Xorazm viloyatida shu kunlarda benzin AYoQShlarda "shapka" bilan sotilmoqda.

Xorazmda benzinni noqonuniy ravishda baland narxda olib-sotish hollari avtomobil yoqilg‘isi quyish shoxobchalarida ham avjiga chiqqan.

Xivalik haydovchi Hakimjon shahardagi AYoQShlarda benzini ustiga narx qo‘yib sotishayotgani guvohi bo‘lganini aytadi:

- Zapravkaga borsang, faqat 10 litr berayapti. Davlat narxi 1850 so‘m bo‘lgan benzinni zapravkada uzoq navbatda turib olasiz. Shunda ham faqat 10 litr beradi, har litriga 150 so‘m mindirib, 2000 so‘mga beradi. 10 litrdan ko‘proq so‘rasang¸ narxi yana oshadi, 2200 so‘m deydi, yana ko‘proq olaman desang¸ narxni yana ko‘taradi. Bersang ber, bo‘lmasa benzin yo‘q, bor qayerga borsang bor, degan gapni eshitasiz¸ deydi xivalik haydovchi Hakimjon.

Bundan tashqari yoqilg‘i quyish shoxobchalarida xaridorlardan plastik kartochka orqali to‘lov qabul qilishdan voz kechish va faqatgina naqd pulga savdo qilish holatlari ham kuzatiladi¸ deb davom etadi suhbatdosh:

- Kartochka umuman olmaydi. Chunki kartochka bilan ustiga qo‘yib sotolmaydi, faqat naqd berasan, deydi. 10 litr olsang 2000 so‘m, 20 litr 2200 so‘m, 30 litr so‘rasang narxi 2500 so‘mga chiqadi, deydi Hakimjon.

Xorazmda avtomobil yoqilg‘isi quyish shoxobchalarida benzin chayqovchiligi avjiga chiqqanini huquq faoli Hayitboy Yoqubov ham tasdiqlaydi.

- Haqitatan zapravkalarga kelayotgan benzin qo‘shimcha narxlarda sotilmoqda. butun viloyatda shu ahvol. Buni nazorat qiladigan hech kim yo‘q. Har kim xon¸ o‘zi sulton. Menimcha¸ bularning o‘zlari shunday sun‘iy defitsitni yaratishyapti. Keladigan 5 tonna benzinni 2 tonnasini sotib, qolganini ko‘chadagi benzinfurushlarga berib yuborayapti. Ularni qo‘lidagi narxi 3000 so‘mgacha boradi, deydi Yoqubov.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ avtomobiliga benzin quyish uchun kelgan oddiy odamlarning sabri chidaganlari kutadi, sabrsizlari esa navbatni ko‘rib qaytib ketishadi va olibsotarlarga murojaat etishga majbur bo‘lishadi.

Viloyat rasmiylari benzin chayqovchiligi borligini rad etishsa-da, ko‘cha-ko‘yda benzin savdosi avjida:

- Benzin 2900 so‘m. Bizda doim bor. Zapravkada navbatga turasiz, bizda o‘zimiz quyib beramiz, deydi xalq orasida “Quvayt” nomini olgan Urganchdagi Ma‘rifatchilar ko‘chasida benzin sotayotgan Azamat.

Rasmiylar O‘zbekiston bo‘ylab bir necha oydan beri kuzatilayotgan yoqilg‘i taqchilligining sabablari haqida shu vaqtgacha izoh bermaganlar.

Benzin taqchilligi sabablarini Xorazm viloyati hokimligi ham, Xorazm "Neftbaza"si idorasi rasmiylari ham tushuntirib bera olishmadi.

- Neftbaza benzinni zapravkaga chiqaradi. Kunora chiqib turibdi. Benzin taqchilligining sababini bilish uchun viloyat hokimiga chiqasiz, dedi Xorazm "Neftbaza"si idorasi rasmiysi.

Xorazm viloyati hokimligidagilar esa Ozodlik muxbiriga bu yuzadan izoh bera olmasliklarini aytishdi.
XS
SM
MD
LG