Линклар

logo-print
O‘z tvitlarida Ozodlikni bosh vazir birinchi o‘rinbosari Rustam Azimovni piar qilganlikda ayblagan @GulnaraKarimova o‘z izdoshlari bilan qizg‘in muhokamalarida davlat mulozimining "4 milliard dollarlik" boyligi haqidagi iddaolardan gap ochdi.

O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova, deb ishonilgan Twitterning faol foydalanuvchi @GulnaraKarimova 1 aprel kungi yozishmalarida Ozodlik radiosini O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimovni piar qilganlikda aybladi.

"Eng qizig‘i, nima uchun Ozodlik Rustam Azimovning pinhona piari bilan shug‘ullanayapti?", deya o‘z izdoshlariga savol tashladi @GulnaraKarimova va Ozodlik maqolasiga link berdi.

Bu muloqotda ishtirok etgan Dr.Chase, Gosslujashchiy, Riovacio kabi tvitterchilar bu borada @GulnaraKarimovani quvvatlab, Rustam Azimovni esa tanqid qildilar.

Bu tanqidlar davomida Bosh vazir o‘rinbosari yashirin tarzda O‘zbekiston hukumatiga muxolif, mazmundagi iddaolar o‘rtaga tashlandi.

O‘zbekiston siyosatidagi muhim figuralardan biri va muhimi, prezident Islom Karimovga voris, deb ko‘rilgan Rustam Azimov bilan Twitter orqali kurashini davom ettirgan @GulnaraKarimova yangi ayblovlarni ilgari surdi.

@GulnaraKarimova: "Haqiqatda, qiziq fikr: agar Ozodlik doimiy ravishda rasmiy O‘zbekistonni tanqid qilib kelsa, nima uchun birdan Azimovni bu qadar piar qilayapti yoki u hukumat vakili emasmi?!" deya savol tashlaydi.

Bundan tashqari uning tvitlaridan birida: "Bu yerda yigitlar aytishyaptiki, 4 milliard dollar!!! Azimovda bor" degan sharh ham qoldirildi.

Bundan tashqari, bunchalik mablag‘i bo‘lgan davlat mulozimining Ozodlik radiosi muassisi bo‘la olishi ham mumkinligi haqidagi qochirimlar o‘rtaga tashlandi.

O‘zbekiston Bosh vaziri birinchi o‘rinbosariga nisbatan o‘ta jiddiy ayblovlar ilgari surilgan yozishmalar jarayonida @GulnaraKarimovani quvvatlovchilar unga qarshi hujumlardan ham ogohlantirmoqdalar.

Jumladan, Tadbirkor nomi ostida sharh qoldirgan foydalanuvchi @GulnaraKarimovani unga qarshi "har yil uydirmalar" paydo bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirar ekan, O‘zbekistonning kichik tadbirkorlari uning tarafida ekani haqida yozdi.

Bunga javoban o‘zini O‘zbekistondagi mulozimlarning noqonuniy harakatlari haqida jamoatchilik bilan ochiq muloqot yuritayotgan, savollarga ochiq javob berayotgan, jasur siyosatchi o‘laroq ko‘rgan @GulnaraKarimova bu vazifadan horiganini ham yozdi.

Qizig‘i, bu tvitlarda ham Rustam Azimovning qilgani iddao qilingan qonunbuzarliklardan mamlakat prezidentining xabari yo‘qligiga sha‘ma qilindi.

Rustam Azimov shaxsiga qarshi qaratilgan bu chiqishlar @GulnaraKarimova tvitlaridagi ilk chiqishlar emas.

U 25 mart kungi tvitlarida ham bosh vazir o‘rinbosarini korruptsiyada, xususan Osiyo taraqqiyot banki va O‘zbekiston qayta qurish va taraqqiyot jamg‘armasidan kelayotgan pullarning noqonuniy o‘zlashtirilishiga aloqadorligini iddao qilgan edi.

U kungi tvitlarda ham Rustam Azimovning o‘zi va oilasiga oidligi aytilgan bir qator ayblovlar ilgari surilgan edi.

24 mart kuni Wordpress blogida esa Gulnora Karimova O‘zbekistonda muqobil energiya manbalariga xususidagi bahslar, bunga oid loyihalar doirasida o‘tkazilayotgan tenderlar yuzasidan fikr bildirgan va bunda ham Azimov nomini tilga olgan edi.

Rossiya va G‘arb nashrlarida bu jarayon O‘zbekiston siyosiy maydonida misli ko‘rilmagan holat sifatida va xususan, Ozodlikka so‘zlagan tahlilchilar buni mamlakatda hokimiyat uchun kurash boshlanganiga ishorat o‘laroq baholagan edilar.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG