Линклар

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Toshkent viloyati Xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Rustam Xolmatovni ishdan olib, uning o‘rniga Andijon viloyati hokimini tayinladi.

1 aprel kuni Toshkent viloyati Xalq deputatlari kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada ishtirok etgan prezident Islom Karimov viloyat hokimi Rustam Xolmatovni ishdan olib, uning o‘rniga Andijon viloyati hokimi Ahmadjon Usmonovni hokim qilib tayinladi.

Bunga qadar mart oyi boshida Toshkent viloyati Xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lishi va unda hokim keskin tanqidlar ostida ishdan olinishi mustaqil manbalar orqali xabar qilingan edi.

2008 yildan beri Toshkent viloyatiga hokimlik qilib kelgan senator Rustam Xolmatov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Ilm-fan, ta‘lim, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha qo‘mitasi a‘zosi.

O‘zbekiston Liberal Demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) a‘zosi bo‘lgan Xolmatov 1961 yil 18 mayda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan.

U 1987 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Xolmatovning o‘rnini egallagan Ahmad Usmonov esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a‘zosi.

O‘zLiDeP a‘zosi bo‘lgan Ahmad Usmonov 1957 yil 14 yanvarda Samarqand viloyatining Ko‘shrabot tumanida tug‘ilgan.

Usmonov 1981 yilda Samarqand davlat universitetini huquqshunos mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Hozircha, senator Rustam Xolmatovning keyingi taqdiriga oid ma‘lumot berilmadi.

Ayni paytda Andijon viloyatiga kimning hokim etib tayinlangani ham noma‘lum qolmoqda.
XS
SM
MD
LG