Линклар

logo-print
Dubaydagi "The Meyana Theater" zalida 28 mart kuni bo‘lib o‘tgan kontsertda o‘zbek shou- biznesidan chetlatilgani aytib kelingan ashulachi Yulduz Usmonova va qiziqchi Obid Asomovlar O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova tarafidan olqishlandi.

Internetdagi Youtube.com portaliga yuklangan videotasvirda Gulnora Karimova Yulduz Usmonovani sharaflayotgan onlar aks etgan.

Rus tilida gapirgan Karimova xonim o‘zi tikkan kiyimni Yulduzning egnida ko‘rishdan g‘ururlanganini ta‘kidlaydi:

-Yulduz bugun mening kiyimimda. (Bu gap aytilishi bilan Yulduz Usmonova zavqi jo‘shib kuladi¸kulgiga Gulnora Karimova ham qo‘shiladi) Men kelishga va‘da beruvdum. Mana men keldim va menda yangi narsa bor ! Men tikkan libos Yulduzning egnida boshqalardan ko‘ra, bashangroq turadi, chunki u haqiqiy yulduz. Men manavi sumkani olib keluvdum¸ endi u sizniki bo‘lsin¸ dedi O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova qo‘lidagi yelim haltani Yulduz Usmonovaga berayotib.

Ana shu gapdan keyin chalingan qarsaklar fonida Gulnora Karimova Yulduz Usmonovaning “Gulisan” qo‘shig‘iga munosabat bildiradi:

-Bu qo‘shiq Yangi yilda menga syurpriz bo‘ldi. Men bunday katta sovg‘ani boshqalardan olmaganman. Bu yerda o‘tirganlar mening gapimga qo‘shilsa kerak. U tug‘ilganidayoq yulduz bo‘lish uchun yaralgan. Yulduz bu ismni juda yuqori ko‘tarib yuribdi. Men unga va uning ahil komandasiga minnatdorlik bildiraman. Men uni juda sevaman.

Ana shundan keyin Gulnora Karimova uzun bo‘ynini egib o‘z sevgisining isboti o‘laroq Yulduz Usmonovani quchoqlab o‘pdi.


“Plastilin kabi yopishtirgan Gulnoraning otasiga balli”


Dabdurustdan ma‘nosini tushunish mushkul bo‘lgan bu gap Yulduz Usmonovaning tilidan minnatdorlik izhri sifatida yangradi.

Youtube.com portalidagi tasvirda Yulduz Usmonova prezidentning qiziga minnatdorlik ma‘ruzasini rus tilida boshlab o‘zbekcha davom ettirdi:

-I xochu skazatь, judayam ko‘pchiliginglar gap orqali bilasizlar xolos (Gulnora Karimova haqida aytilyapti) O‘zi mana shunaqangi bir sadda qiz (sodda qiz demoqchi) Bir odamni atrofiga plastilinga o‘xshab yopishtirib bir narsalaaa qib tashlaydi... Otangga balli qiz bu. Chunki qatta bo‘sayam o‘zini atlasini toshiydi. Qatta bo‘sayam o‘zbegligini oboradi. Shuning uchun Ollohdan yuqqani rost bo‘lsin (nima yuqqani haqida aniqlama yo‘q) Hammamizni yo‘limizni rost qisin. (Obid Asomov tarafga qarab qo‘yadi) Xalqni yo‘li ochilsin. Mana shunaqangi qizlarimizniyam yo‘li ochiq bo‘lsin, deydi sobiq deputat va ikki bora haj qilgan xalq artisti Yulduz Usmonova. (ashulachining gapirish tarzi saqlandi)


Dubaydagi kontsert haqida bizdan ruxsatsiz yozmanglar


Dubaydagi "The Meyana Theater"ga kontsert borasida so‘rab telefon qilganimizda go‘shakni o‘zini Ravshan, deb tanishtirgan yigit ko‘tardi:

- Kontsert haqida matbuotta yozish mumkin emas. Bizdan rasmiy ruxsat lozim, deya o‘z gapini rus tilida boshlagan kontsert ma‘muri birdaniga o‘zbek tilining samarqand lahjasida kontsertga siyosiy tus bermanglar, - deb talab qildi.

Dubaydagi kontsert haqida Yulduz Usmonovaning rasmiy saytida mana bu satrlar bor:

“Kontsert Yulduz Usmonova muxlislarining davomli qarsaklari ostida o‘tdi. Kontsert oldidan satirik, komik va “Qiyshiq oyna” artisti Obid Asomov primadonna chiqishi oldidan tomoshani qizitib berdi. Yulduz Usmonova Dubaydagi kontsert zaliga yig‘ilgan tomoshabinlarga O‘zbekiston prezidentining qiziga bag‘ishlangan qo‘shig‘ini kuylab berdi.”

Ostida tama yashiringan maddohlik


O‘zbekiston televideniyesi, radoisi va kontsert zallarida qo‘shiqlariga bir necha yildan buyon taqiq qo‘yilgan Yulduz Usmonovaning prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga bag‘ishlangan “Gulisan” qo‘shig‘ini san‘atshunoslar madhiyachilik yordamida katta sahnaga qaytish tamasi bilan izohlamoqda.

Qordan qo‘rqmas chuchmoma,
Gullayversang qishda ham,
Qishning Gulisan.
Har ko‘ngilga yo‘l topib,
Isyonini ololsang,
Ko‘ngil Gulisan.

Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek shoirasi Munavvara esa bu qo‘shiqni maddohlikdan boshqa narsa emas, deb atadi:

- Men qo‘shiqni eshitdim, matnni o‘qidim. Agar shu she‘r qo‘shiq bo‘lgan bo‘lsa, u na she‘r va na qo‘shiq, u bir maddohlik xolos. Iymon deb, e‘tiqod deb yashaydigan odam hech qachon iymonini nafs uchun, sahna uchun sotmasligi kerak. Yulduz Usmonova juda balandda edi, unga taqiq qo‘yilgani uni yanada balandga olib chiqqan edi. Nega bunchalik pastladi, tushunmadim. Bu qo‘shiq unga obro‘ keltirmaydi. Chunki, san‘atning asosiy muxlislari buning qo‘shiq emasligini bilib turibdi. Bu laganbardorlik xolos va buning umri juda qisqa bo‘ladi,- deydi shoira Munavvara.

Yulduz Usmonovaning o‘zi bu qo‘shiq borasida izoh bermasligini ma‘muri orqali Ozodlikka bildirdi.

Bu yil 50 yoshga kirgan Yulduz Usmonova 2010 yili Ozodlikka bergan suhbatida O‘zbekistondagi shou biznesga qaytish uchun hech kimga yalinmayman, deb da‘vo qilgan edi:

- Bizdan qiliq yoki zarda chiqqani yo‘q. Lekin bir narsani aytib qo‘yay. Mersedes ne nujdayetsya v reklame, deydi-yu. Eto ne nujno. Vatanni kim yaxshi ko‘radi? Ichida yashagan emas¸ tashqarida vatanning mazasini bilganlar sog‘inadi. Sog‘inganlar sog‘inadi. Sog‘inganlar qiymatini biladi. Shuning uchun hammaga har narsa, deb tosh otavermaslik kerak. Ya ne ishchu vinovatыx¸ deydi-yu. Ijodimni qilib yurgan odamman men. Men kerakmanmi - mana mening xizmatim.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG