Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:28

Odnoklassniki.ru ijtimoiy tarmog'i ishdan chiqdi


O‘zbekistonlik foydalanuvchilarning virtual olamdagi eng ommabop ijtimoiy tarmog‘i sanalgan “Odnoklassniki” sayti 4 aprel kuni oqshom ishdan chiqdi. Mail.Ru Group shirkati matbuot vakili Mariya Lupakning aytishiga, bunga texnik muammo sabab bo‘lgan.

“Odnoklassniki” saytining dunyo bo‘ylab millionlab foydalanuvchisi 4 aprel oqshomidan sevimli ijtimoiy tarmog‘iga kira olmay qoldi.

Foydalanuvchilar saytga kirmoqchi bo‘lishganida, ekranda "bu saytga vaqtincha kirib bo‘lmaydi", degan yozuv paydo bo‘ldi.

- SOS. Saytga 4 aprel 21:00dan buyon kirib bo‘lmayapti, sayt ishlamayapti, deb bildirdi “Odnoklassniki”ning o‘zbekistonlik foydalanuvchilaridan biri.

Qariyb o‘n soat davomida “offline” turgan tarmoq ayni damda qisman qayta ishga tushgan. Lekin, hali ham saytning ko‘plab funktsiyalari yopiqligicha qolmoqda.

- Hali ham chala ishlapyati, ko‘p funktsiyalari ochilmayapti, hozircha sayt to‘liq tiklangani yo‘q, dedi “Odnoklassniki.ru” saytining o‘zbekistonlik yana bir mijozi.

"Odnoklasniki" tegishli bo‘lgan Mail.Ru Group shirkati matbuot vakili Mariya Lupak saytning ishdan chiqishiga texnik muammolar sabab bo‘lganini aytdi.

Ayni paytda, “Odnoklassniki” sayti hakkerlar hujumiga uchragani haqida Internetda xabarlar tarqalgan.

Twitter sahifasi orqali yozib qoldirgan xatida Lupak ijtimoiy tarmoq hakkerlar hujumiga uchraganligi haqidagi mish-mishlarni asossiz, deb atadi.

Hozirda “Odnoklassniki” saytidan qariyb 3 million o‘zbekistonlik faol foydalanishi aytiladi.

Tarmoq qachon to‘liq ishga tushishi haqida Mail.Ru Group shirkati vakili hech gap aytmadi.

2006 yilda ochilgan “Odnoklassniki” Rossiyadagi eng yirik internet ijtimoiy tarmog‘i hisoblanadi. Tarmoqning bir kunlik auditoriyasi 40 million kishini tashkil qiladi.

Xorijdagi o‘zbek muxolifati o‘ziga xayrixoh yig‘ishda “Odnoklassniki” tarmog‘idan foydalanib kelgan.

O‘zbekistondan bo‘lgan o‘z xayrixohlari bilan munosabat o‘rnatishida “asosiy vosita” hisoblangan.

Fevral oyida O‘zbekiston Xalq harakatining qariyb 26 ming odamni jam qilgan “Odnoklassniki”dagi sahifasiga to‘siq qo‘yilgan edi.

Harakat o‘z sahifasiga to‘siq qo‘yilishiga “Odnoklassniki” sayti ma‘muriyatini mas‘ul ko‘rishini bildirgan.
XS
SM
MD
LG