Линклар

logo-print
O‘zbekistonga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi mulozimlari kuni kecha o‘zbekistonlik hamkasblari bilan uchrashdi. O‘tgan hafta esa O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiyaga borib, galdagi Haj mavsumi bo‘yicha shartnoma tuzib kelgandi.

Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligining Xalqaro hamkorlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdulla bin Muhammad al-Huvereniy rahbarligidagi delegatsiya a‘zolari 2 aprelь kuni O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Adham Ahmedboyev bilan uchrashdi, deb yozadi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

Xabarda qayd etilishicha, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligida bo‘lgan uchrashuvda terrorizm, ekstremizm va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga oid masalalar muhokama qilingan.

– O‘zbekistonda huquq-tartibot organlari faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning yuksak samaralari bilan tanishganimizdan g‘oyat mamnunmiz. Bugungi kunda xalqaro terrorizm dunyodagi ko‘plab mamlakatlarga xavf solmoqda. Shu bois jahon hamjamiyati bu tahdidga qarshi hamjihatlikda kurashishi darkor. O‘zbekiston bilan xavfsizlik va barqarorlikni ta‘minlash borasida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz, - deya iqtibos keltiradi Abdulla bin Muhammad al-Huvereniy so‘zlaridan uza.uz.

O‘zbekiston Haj delegatsiyasi 2013 yildagi Haj mavsumini o‘tkazish bo‘yicha shartnoma tuzish uchun Saudiya Arabistoniga o‘tgan haftada safar qilgan edi.

Bu haqda O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati ma‘lum qiladi.

Tarkibiga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, O‘zbekiston muftiysi Usmonxon Alimov va O‘zbekiston Musulmonlar idorasi fatvo bo‘limi boshlig‘i Abdulhamid Tursunovga kirgan o‘zbek delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Haj ishlari vaziri Bandar bin Muhammad Hajjar, Turkiya, Yevropa, Amerika va Avstraliya hojilari uchun xizmat ko‘rsatuvchi milliy muassasa hay‘ati a‘zolari hamda Birlashgan vakilliklar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Baxsh boshchiligidagi hay‘at a‘zolari bilan uchrashganlar.

Saudiyalik mulozimlar bilan uchrashuvlardan keyin O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Makkai Mukarrama va Madinai Munavvarada umra amallarini bajarayotgan o‘zbekistonlik ziyoratchilar bilan uchrashib, ular bilan ta‘minot masalasida suhbatlashganlar.

O‘zbek rasmiylarining bildirishicha, bu yil 5000 chog‘li o‘zbekistonlik Umra ibodatini ado etishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bevosita Haj mavsumida ham yana shuncha o‘zbekistonlik Islomning beshinchi farzini ado etish uchun Saudiyaga borishi aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG