Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:51

Andijonga muvaqqat hokim tayinlandi


Andijon viloyat hokimi Ahmadjon Usmonov Toshkent viloyati hokimi etib tayinlanganidan so‘ng uning Andijondagi vazifasini hokimning birinchi o‘rinbosari Shokirjon Sheraliyev bajarib turgan edi. 4 aprel kuni kechga yaqin olingan xabarga ko‘ra, Andijon viloyati muvaqqat hokimi etib Shuhratbek Abdurahmonov tayinlangan. Yangi hokimning esa Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tayinlanishi kutilmoqda. Sessiyaning qachon chaqirilishi hozircha noma‘lum.

Shu paytgacha Andijon viloyat xokimining agrar masalalar bo‘yicha muovini bo‘lib ishlagan Shuhratbek Abdurahmonov Andijon viloyatiga hokim vazifasini bajaruvchi qilib tayinlandi.

Qachon bo‘lishi hali aniq bo‘lmagan Xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyatga yangi hokim tayinlanishi kutilmoqda.

Andijon hokimi Ahmadjon Usmonovning Toshkent viloyat hokimi qilib tayinlanishi ortidan bo‘shab qolgan o‘rinni kim egallashi va sesiyaning aynan qachon bo‘lishi sir saqlanmoqda.

Andijondagi mobil muxbirimizga ko‘ra, yangi hokim tayinlash uchun viloyatga kelishi kutilayotgan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov tashrifiga alohida tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Muxbirimiz viloyat hokimligi joylashgan Fitrat ko‘chasi asfalti yangilanayotgani va bordyurlar bo‘yalayotganiga guvoh bo‘ldi.

- Andijonning prezident ko‘zi tushishi mumkin bo‘lgan ko‘chalaridagi uylar zudlik bilan oq va yashil ranglarga bo‘yalmoqda, cherepitsa yopilmagan uylarning ko‘chaga qaragan tomlariga qizil rang surtilmoqda, deb xabar berdi muxbirimiz.

Shu bilan birga Andijondagi "UzGazoyl" yonilg‘i quyish shohobchalari supurib sidirilib reklama lavhalari zudlik bilan yangilangan.

Andijon viloyat hokimligida ishlovchi, o‘zini O‘ktamjon, deb atagan mulozim sessiyaga tayyorgarlik yaxshi ketayotganini aytdi. Telefon qilgan muxbirning Ozodlikdan ekanini bilgach, mulozim sessiyaga hozirlik tafsilotlarini aytmaslikni ma‘qul ko‘rdi.

Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suxbatlashishga rozi bo‘lgan viloyat xokimligi tashkiliy bo‘limi mulozimining aytishicha¸ Andijon viloyati xokimini almashtirish tadbiriga aynan Prezident Islom Karimovning kelishi aniq emas.

"O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev kelishi ehtimolga yaqin", dedi o‘z ismi aytilishini istamagan mulozim.


Islom Karimov uchun atalgan teatr


Andijon markazida joylashgan Abbos Bakirov nomidagi teatr artistlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda xokim almashishi tadbiriga jadal sur‘atda repetitsiya qilinayotganini aytdi.

Suhbatdoshga ko‘ra, bu repetitsiyada Islom Karimovning Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so‘zga chiqqan ma‘ruzachilarga munosabati e‘tiborga olinmoqda.

-Masalan, Toshkent viloyat sessiyasida bir o‘qituvchi ayol chiqib Karimovga bag‘ishlab she‘r o‘qidi. Karimov bundan o‘ta ta‘sirlandi. Buni inobatga olib biz undan ham ta‘sirli she‘r o‘qiydigan ayolni topib qo‘ydik. Keyin andijonlik yoshlarning or-nomus, vatanni sevish borasida chin dildan gapirishini repetitsiya qilyapmiz.

Teatr ijodkorining Ozodlik bilan suhbatiga ko‘ra viloyat xokimligiga yondosh bino bo‘lgan barcha binolar yangidan bo‘yalib shiorlar osilmoqda.

- Bir so‘z bilan aytganda, Andijon rahbarlar tashrifiga va yangi hokim tayinlanishiga kunu-tun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Eski hokim paytida boshlangan zo‘r ishlarni yangi hokim kelgan joyidan davom ettirishiga ishonamiz. Rahbarlarimiz sharofati bilan Andijonimiz yanada gullab yashnaydi, dedi Andijondagi teatr ijodkori.


Kim hokim bo‘lishi mumkin?


O‘zbekistonlik mustaqil jurnalistlardan biri o‘z manbalariga tayanib¸ xozir prezident maslahatchisi bo‘lgan 47 yashar Ixtiyor Abdullayev Andijon viloyati hokimligiga nomzod sifatida ko‘rilayotganini aytgan edi.

Ayni paytda O‘zbekiston Bosh vaziriga yaqinligi aytilgan va viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan Shokirjon Sheraliyev ham viloyatning bo‘lg‘usi hokimi sifatida ko‘rilmoqda.


Andijon hokimlar uchun jarima maydonimi?


Andijonga kim hokim bo‘ladi? Bu savolning aniq javobini suhbatdoshlarimiz ayta olishmadi.

Andijon viloyatini Usmonovgacha boshqargan ikki hokim ustidan o‘z vaqtida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Andijonni 2006 yildan beri boshqarganidan keyin Toshkent viloyati hokimi qilib tayinlangan general Ahmadjon Usmonovdan oldin viloyatni Saydulla Begaliyev boshqargan edi.

2005 yil 13 may kuni Andijonda yuz bergan isyon paytida viloyatga rahbarlik qilgan Begaliyev bu voqealardan keyin ishdan olingan va 2007 yilda uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Pirovardida Begaliyevga nisbatan shartli jazo qo‘llanilgani aytiladi.

Begaliyevgacha Andijon viloyatini 1999 yildan 2004 yilgacha "O‘zbekiston qahramoni" Qobiljon Obidov boshqargan edi.

Qobiljon Odilov 2007 yilda Toshkent shahar sudi tarafidan 2005 yil 13 maydagi Andijon isyoniga aloqadorlikda ayblanib, bir yil shartli qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
XS
SM
MD
LG