Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:43

Talonchi qotillar aholini terror qilishda davom etmoqda


Yaqinda Toshkent viloyatida talonchi qotillar kamida bir qariyaning uyini tunadi. Militsiya xodimlariga ko‘ra, hozirda Toshkent shahri va viloyatida yolg‘iz pensionerlarni tunash va o‘ldirishda gumonlanayotgan uch erkak va bir ayol qidirilmoqda.


Qariyalarni tunash davom etayapti


Militsiya tomonidan keng ko‘lamli qidiruv ishlari ketayotgan bir paytda yolg‘iz qariyalarni tunash holatlari davom etayapti.

Bu haqda Ozodlikka shaxsi sir qolishi sharti bilan gapirgan toshkentlik militsiya xodimiga ko‘ra, yaqinda Toshkent viloyatida ham yolg‘iz pensionerni tunash holati qayd etilgan.

Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga ko‘ra, viloyatda ham qidiruv ishlari boshlangan.

Bo‘ka tumani IIBning o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, tumandagi barcha militsiya xodimlariga yolg‘iz qariyalarning qotillari deb gumon qilingan shaxslar bo‘yicha ma‘lumot tarqatilgan.

- Kampirlarning qotillari bo‘yicha barcha ishlayapti. Voqea bo‘yicha xabarnoma olinib, shaxsiy tarkibga tanishtirib, hammaga o‘qib eshittirilgan. Boshliqlar ish bo‘yicha kursda, qidiruv davom etayapti, dedi bo‘kalik militsiya xodimi.


Qidiruvdan natija bo‘lmayapti


Shu kunlarda Toshkent shahridagi har bir mahalla, har bir ko‘chada yolg‘iz qariyalarning qotillari, deb gumon qilingan shaxslarning fotorobotlari aks etgan qidiruv e‘lonlarini uchratish mumkin.

Toshkent shahar Sirg‘ali tuman Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozircha qidiruv e‘lonlaridan biror natija chiqmagan, qotillar hanuz ochiqda qolmoqda.

- Hozir qidirilayapti. Hamma kvartallarda Ichki ishlar xodimlari to‘liq qo‘yilgan. Hamma yoqda qidiruv ketayapti,- dedi Sirg‘ali tuman IIBning navbatchi xodimi.

Toshkent shahar Hamza tumani Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, dastlab ushbu qotilliklarda gumonlanib, o‘rta yoshlardagi bir erkak va ayol hibsga olingan, biroq ularning aybi isbotlanmagach, hibsdan ozod qilingan.

Hamza tumani IBB xodimiga ko‘ra, bu fotorobotda aks etgan shaxslarning jinoyatga aloqasi borligi tasdiqlanmagan.
Hamza tumani IBB xodimiga ko‘ra, bu fotorobotda aks etgan shaxslarning jinoyatga aloqasi borligi tasdiqlanmagan.
"Osiyo millatiga mansub o‘rta yoshlardagi bir erkak va bir ayol qotilliklarda gumon qilinib, qidiruvga berilgandi. Ularning suratlarini shahar ko‘chalariga ham yopishtirgandik. Ularni qo‘lga oldik. Biroq qotilliklarni bu ikki kishi sodir etmagani aniqlandi. Bizda hozir boshqa qo‘shimcha ma‘lumotlar bor. Hozir qotillikda gumonlangan boshqa shaxslarni qidirayapmiz", dedi Hamza IIBning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, so‘nggi olti mobaynida Toshkent shahrida yolg‘iz pensionerlarni tunash va o‘ldirish holatlari soni yigirmadan oshgan.

Ismini oshkor qilmayotganimiz manbaga ko‘ra, Toshkentda yolg‘iz qariyalarni tunash holatlari dastlab 2011 yilning oxirida qayd qilingan.

“Boshida jinoyatchilar yolg‘iz qariyalarni uyiga kirgach, ularni qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, uyidagi bor-budini o‘g‘irlab ketishgan. O‘tgan yilning oxirlaridan boshlab, jinoyatchilar o‘g‘irlikdan tashqari qariyalarni o‘ldirgan holatlari ham ko‘paya boshlagan”, dedi Toshkent shahar IIB manba.

"Qotillar-soxta kommunalchilar"


Toshkent shahar "Mahalla" jamg‘armasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, yolg‘iz qariyalarni o‘ldirish va tunash holatlarida, jinoyatchilar o‘zlarini kommunal xo‘jaligi xodimlari deb tanishtirgan.

Toshkent shahri va viloyatida tarqatilgan qidiruv varaqalari.
Toshkent shahri va viloyatida tarqatilgan qidiruv varaqalari.
"Bizga militsiyadan xabar bo‘ldi. Jinoyatchilar kommunalchilar niqobi ostida pensionerlarni aldab, uylariga kirgan. Ular o‘zlarini "elektrdan yoki gazdan keldik" deb tanishtirgan. Uyga kirgach qariyalarni bor-budini tunagan va ularni o‘ldirgan holatlari ham ko‘p bo‘lgan ", dedi Toshkent shahar "Mahalla" jamg‘armasining ismini oshkor qilmayotganimiz xodimasi mikrofonsiz suhbatda.

Suhbatlashganimiz militsiya xodimlari pensionerlar bilan bog‘liq qotilliklarda soxta kommunalchilar gumonlanayotganini tasdiqlashdi.

Hozirda ushbu qotillik bo‘yicha poytaxtdagi barcha mahalla qo‘mitalari faollari aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borayapti.

- Xonadonlarga kirib, aholini ogohlantirib chiqayapmiz. Begona odamga eshikni ochmanglar, deb. Ayniqsa, bolalarga tayinlanglar, agar uyda kattalar bo‘lmasa, hech kimga eshikni ochmasin. Agar u-bu joydanmiz deb kelishsa, ismi-sharifini surishtiringlar, deyapmiz, dedi poytaxtdagi “Al-Xorazmiy” mahallasi faoli.

Shahardagi “Bo‘ston” mahallasida ham uch nafar yolg‘iz qariya yashaydi. Ismini tanishtirmagan mahalla faoliga ko‘ra, qotillik bilan bog‘liq voqealar ortidan mahallada yolg‘iz qariyalarning holidan xabar olish uchun maxsus qizlar guruhi tashkil qilingan.

- “Qizlar davrasi” guruh qizlarimiz bor. Qizlarni ikkita-ikkitadan yolg‘iz qariyalar xonadonlariga biriktirganmiz. Ular o‘sha xonadonlarga borib, ularning holidan xabar olib turishibdi, dedi “Bo‘ston” mahallasi faoli.

Qotillarni topganga “Malibu” bor?


Toshkent ko‘chalariga yopishtirilgan qidiruv e‘lonlarida gumondor shaxslar haqida militsiyaga xabar bergan shaxsga 5 million so‘m mukofot puli va‘da qilingan.

Ozodlikka email orqali yozgan toshkentlik manbaga ko‘ra, yolg‘iz qariyalarning qotillarini qidirish ishlarini shaxsan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev o‘z nazoratiga olgan.

“Shavkat Mirziyoyev qotillarni topganga bitta “Malibu” mashinasi bilan Toshkentdan uy berarmish” degan gap tarqaldi", deya yozdi manbamiz.

Toshkentdagi militsiya xodimlari qotillarni topishga ko‘maklashgan shaxsga pul mukofoti borligini tasdiqlashdi. Biroq Bosh vazir bu ishga shaxsan aralashganidan bexabarligini aytishdi. Ayni paytda, ushbu qotilliklar yuqori tashkilotlar nazoratida ekanini bildirishdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi vahima


Bugungi kunda Facebook, Twitter, “Odnoklassniki” kabi ijtimoiy tarmoqlarda pensionerlarni tunash va o‘ldirish voqealari keng muhokama qilinmoqda.

Pensionerlarni o‘ldirganlikda gumonlangan shaxslarning Facebookka tarqalgan surati.
Pensionerlarni o‘ldirganlikda gumonlangan shaxslarning Facebookka tarqalgan surati.
Ayniqsa, Facebookda ushbu qotillikni sodir etganlikda gumonlangan bir ayol bilan erkakning surati ko‘pchilik tomonidan tarqatilib, muhokama qilinmoqda.

Ayni paytda, suhbatlashganimiz militsiya xodimlari bu suratdagi ayol bilan erkak ushlanib, aybi isbotlanmagach qo‘yib yuborilganini aytishdi.

Facebookdagi “vahima”ga ko‘ra, keyingi paytda jinoyatchilar qo‘lida go‘dagi bilan kelib, bolamga suv bering deb, iltimos qilib, qariyalarning uyiga kirishga harakat qilayapti.

Shuningdek, “jinoyatchi shaxslar arzon narxda kiyim-kechak sotuvchi “qiyofasi”da ham uylarga kirish holatlari” bo‘layotgani haqida yozishmoqda ijtimoiy tarmoqlarda.

Poytaxt kommunalchilaridan barmoq izi olindi


Poytaxtning Uchtepa tumanidagi uy-joy mulkdorlari shirkat (avvalgi JEK)lardan birining xodimi ismini ochiqlamaslik va ovozini yozib olmaslik sharti bilan aytishicha, yolg‘iz qariyalar bilan bog‘liq qotilliklar ortidan shirkat xodimlari ham militsiyaga chaqirilgan.

"Kommunalchi" suhbatdoshga ko‘ra, shahardagi uy-joy mulkdorlari shirkatlarida ishlovchi xodimlarning militsiya bo‘limlarida barmoq izlari olingan.

Yolg‘iz qariyalarni o‘ldirish va tunash voqealari bo‘yicha tekshiruvni Toshkent shahar prokuraturasi olib bormoqda.

Joriy yilning 17 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumani "Tong nuri" mahallasida yashovchi 91 yoshli Hakima Avloniy ham o‘z uyida noma‘lum shaxslar tomonidan o‘ldirib ketilgan edi.
XS
SM
MD
LG