Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:09

Korruptsiyada ayblangan Ucell imijini yaxshilashga urinmoqda


Ucell operatorining egasi TeliaSonera O‘zbekistonda korruptsiyaga qo‘l urganlik va milliy xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda ayblanmoqda.
Ucell operatorining egasi TeliaSonera O‘zbekistonda korruptsiyaga qo‘l urganlik va milliy xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda ayblanmoqda.
O‘zbekistonning yetakchi mobil operatori – Usell shirkati o‘z mijozlariga yangi bepul xizmat ko‘rsata boshladi. TwitterZero xizmati doirasida o‘zbekistonlik Usell abonentlari Twitter ijtimoiy tarmog‘idan qo‘l telefonlari yordamida bepul foydalanishlari mumkin. O‘zbekistonda korruptsiyaga aralashganlikda ayblanayotgan Shvetsiyaning TeliaSonera shirkatiga qarashli Usell mobil operatori, bundan tashqari, O‘zbekistonda xayriya tadbirlarini ham o‘tkazmoqda.

Usell mobil operatori keyingi bir yil davomida, o‘z mijozlarining odnoklassniki, mail.ru, facebook, vkontakte kabi ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanishlari uchun haq olishni bekor qilgan. O‘tgan haftadan boshlab ishga tushirilgan TwitterZero xizmati Usell abonentlariga endi Twitter ijtimoiy tarmog‘ida ham bepul muloqot qilish imkonini beradi.

Usell mobil shirkatining abonentlar bilan ishlash bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan xodimi, Ozodlik bilan suhbatda, yangi aktsiya Twitter ijtimoiy tarmog‘ining O‘zbekistonda ommalashib borayotganini nazarda tutgan holda, mijozlarni jalb qilish maqsadida tadbiq qilindi, deydi.

- Twitter tarmog‘i uchun bepul xizmat, avval ishga tushirganimiz limitsiz odnoklassniki, mail.ru, facebook kabilarga o‘xshash. Ya‘ni endi mijozlarimiz, telefonlari orqali Twitter tarmog‘iga kirishsa Internet trafigi uchun haq olinmaydi. Hozir, xabaringiz bor, Twitter juda ommalashib bormoqda, hatto odnoklassniki va mail.ru dan ko‘ra ko‘proq shundan foydalanishmoqda,- deydi Usell xodimi.

Uning aytishicha, bu xizmat faqatgina mobil xizmatlari uchun avvaldan haq to‘lab qo‘yadigan abonentlar uchun ko‘rsatiladi va xalqaro rouming ichida ishlamaydi.

Shvetsiyaning TeliaSonera telekom shirkatiga tegishli Usell keyingi paytlarda o‘z mijozlarining ko‘nglini olishga qaratilgan aktsiyalardan tashqari, O‘zbekistonda xayriya tadbirlarida ham qatnashmoqda. O‘tgan oy oxirida Toshkentda OITVga chalingan bolalar uchun “O‘rmon festivali” nomli spektaklning namoyish qilinishga homiylik qildi.

Shirkatining jamoatchilik bilan aloqa qilish bo‘limi boshlig‘i Davron Azizov mahalliy matbuotga bergan intervьyusida Ucell bu kabi tadbirlarni doimiy ravishda amalga oshirishini ta‘kidladi.

O‘zbekiston hukumati Rossiyaning MTS shirkati faoliyatini to‘xtatganidan keyin Ucell mamlakatdagi yetakchi mobil operatoringa aylandi. Shirkatning abonentlar bilan ishlash bo‘limi mulozimning Ozodlikka aytishicha, bugungi kunda Ucell abonentlari soni 10 milliondan oshgan.

Ucell ijtimoiy faolligining oshishi TeliaSonera telekom kompaniyasi O‘zbekistonda biznes qilish imkoni evaziga bu mamlakat prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga 320 million AQSh dollari miqdorida pora berganlikda ayblanayotgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu sababdan bu harakatlar shved kompaniyasining mahalliy bozorda o‘z obro‘sini tiklash urinishi o‘laroq baholanmoqda.

O‘tgan oyda Shvetsiya prokuraturasi TeliaSonera ishi shirkat jarimaga tortilishi yoki uning aktivlari muzlatilishiga olib kelishi mumkinligini bildirdi.

O‘tgan yilning sentyabrida Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi ilgari surgan ayblovlar ortidan ochilgan jinoyat ishi doirasida katta qismi Shvetsiya hukumatiga qarashli TeliaSonera shirkati 2007 yilda O‘zbekiston telekom bozoriga kirish imkoni evaziga, vositachi shirkatlar orqali Gulnora Karimovaga jami 320 million AQSh dollari miqdorida pora berganiga oid iddaolar tergov qilinmoqda.

O‘tgan yilning aprel oyida shved jurnalistlari sobiq ittifoq respublikalari, jumladan O‘zbekiston mobil xizmatlarni ko‘rsatuvchi TeliaSonera shirkatini mahalliy xavfsizlik xizmatlariga o‘z mijozlariga oid ma‘lumotlarni taqdim qilganlikda ayblagan edi.

TeliaSonera O‘zbekistondan tashqari, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Bulerus va Ozarbayjon kabi sobiq sovet mamlakatlarida faoliyat yuritadi.
XS
SM
MD
LG