Линклар

Toshkentning "Paxtakor" futbol klubi 9 aprel kuni Osiyo Chempionlar ligasi musobaqasining guruh bosqichi bellashuvlari doirasida o’z uyida Qatarning "Lahviya" jamoasini qabul qildi.

Murosasiz kechgan o’yinda 2:2 hisobidagi durang natijasi qayd etildi.

O’yinning dastlabki soniyalaridanoq hujumga o’tgan qatarliklar 1-daqiqaning o’zida hisobni ochishga muvaffaq bo’lishdi. Golga Sebastyan Soriya mualliflik qildi.

26-daqiqada “Paxtakor” hujumchisi G’ulom O’runov hisobni tenglashtirdi.

O’yin 56-daqiqasida esa mehmonlar himoyachisi Dame Traore o’z darvozasini ishg’ol etganidan so’ng “Paxtakor” hisobda oldinga chiqib oldi.

Biroq 68-daqiqada qatarliklar hujumchisi Yusuf Msakni kiritgan goldan so’ng hisob yana tenglashdi.

Shu tariqa o’yin 2:2 hisobida yakunlandi.



3 aprel kuni Dohada o‘tgan uchrashuvda toshkentliklar “Lahviya”ga 3:1 hisobida mag‘lub bo‘lishgan edi.

Kecha "Paxtakor" bellashayotgan "B" guruhidagi ikkinchi juftlik o'yinlari ham bo'lib o'tdi. Unda Saudiyaning "Al Ittifoq" klubi o'z uyida BAAning "Al Shabab" jamoasini 1:0 hisobida mag'lub etdi.

Ayni damda “Paxtakor” jamoasi to’rt o‘yinda 7 ochko jamg‘argan holda Osiyo Chempionlar ligasining “B” guruhida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Birinchi pog‘onani 8 ochko to‘plagan “Lahviya” jamaosi egallagan.

Eslatamiz, bugun, 10 aprel kuni Toshkentning yana bir jamoasi – “Bunyodkor” Osiyo Chempionlar ligasi musobaqasining guruh bosqichi bellashuvlari doirasida Pekinda “Beytzin Goan” jamoasi bilan bellashadi.
XS
SM
MD
LG