Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:14

Prezident maslahatchisi kinochilarni ogohlantirdi


O‘zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov, agar aktyorlar “munosib rol o‘ynamasa”, ulardan unvonlar olib qo‘yilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov aktyor va rejissyor Murod Rajabovning faoliyatini keskin tanqid qilgan.

O‘tgan hafta “O‘zbekkino” agentligining so‘nggi 7-8 yillik faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan majlisda Sultonov filmlarda qishloq manzarasi g‘arib ahvolda ko‘rsatilishiga e‘tiroz bildirgan.

“Shov-shuv.uz” Xayriddin Sultonovning: “Nega qishloq manzarasi g‘arib ahvolda ko‘rsatiladi? Qishloqlarda paxsa uy, molxonadan boshqa joy yo‘qmi? Qishloqlardagi shuncha o‘zgarishlarni, zamonaviy taraqqiyotni rejissyorlar ko‘ra olmayaptimi?” – deb aytgan so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Prezident maslahatchisiga ko‘ra, “oldi-qochdi” mavzularni ekranga olib chiqayotgan, cho‘ntagini qappaytirishdan boshqasini o‘ylamaydigan chalasavod rejissyorlarni to‘g‘ri yo‘lga soladigan davr keldi. Shuningdek, u bor umid “O‘zbekkino” milliy agentligining yangi bosh direktori Jahongir Qosimovdan ekanligini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktorligiga A‘zam Ishoqov o‘rniga Jahongir Qosimov tayinlangani e‘lon qilingan edi.

Kun.uz nashrining yozishicha, so‘nggi bir oy ichida bironta yangi kinopremyera bo‘lgani yo‘q.

"Ko‘plab filmlarning anonslari televideniye “aylantirilayapti”, biroq “Sevgi farishtasi-2”, “Janob xotdogchi”, “Xazon” va boshqa shu kabi filmlar hali ham ruxsat ololgani yo‘q. Zebo Navro‘zovaning “Erkaklar fasli” filmi esa muhokamalardan ham o‘tolgani yo‘q", deb yozdi Kun.uz.

Hozirda O‘zbekistonda kino-videomahsulotlar ishlab chiqarishga izn olgan tashkilotlar soni 700 ga yetgan.

“O‘zbekkino” milliy agentligiga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 50 dan ziyod badiiy filmlar suratga olinib ekranlarga chiqarilmoqda.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan maishiy mavzudagi, kam byudjetli filmlar Markaziy Osiyodagi kinotomoshabinlar tarafidan yaxshi qabul qilinayapti.

Ayni paytda Bollivud yo‘lidan ketayotgan o‘zbek kinosining "soni ko‘paygani sayin sifat pasayib ketyapti", degan tanqidlar ham aytilmoqda.

Kinoni durdona san‘at deb bilgan Gulchehra Jamilova kabi ijodkorlar "oz bo‘lsin-soz bo‘lsin" degan gapni ta‘kidlab, bemaza qovunning urug‘i kabi ko‘paygan “kinoasarlar”dan nolishadi.

O‘zbek kinosi va teatr san‘atining yetuk arboblaridan biri Bahodir Yo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda o‘tgan yili O‘zbekistonda suratga olingan 50 ta filmdan bor-yo‘g‘i 3 tasi kino deb aytilishga loyiq, deb bilishini aytgandi.
XS
SM
MD
LG