Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:51

Gulnoraga yaqin bo‘lgan GeoMax ham “sindi”


O‘zbekistondagi go‘shtni qayta ishlash va go‘sht mahsulotlari savdosi bo‘yicha eng yirik shirkatlardan biri bo‘lgan GeoMaxning faoliyati to‘xtatildi. Toshkent shahar prokuraturasi shirkatga nisbatan moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha ish qo‘zg‘adi.


GeoMaxga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi

18 yildan buyon O‘zbekiston bozorida go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanib kelgan GeoMax korxonasi yopildi.

Buni Ozodlikka tasdiqlagan Toshkent shahar Uchtepa tuman soliq inspektsiyasining mas‘ul xodimiga ko‘ra, hozirda mazkur shirkatga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Linkedin tarmog‘ida Georgiy Xachaturyan ismli shaxs GeoMax rahbari sifatida qayd qilingan
Linkedin tarmog‘ida Georgiy Xachaturyan ismli shaxs GeoMax rahbari sifatida qayd qilingan
“Bizning tuman hududida bo‘lgan va Uchtepa tuman soliq inspektsiyasidan ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat ko‘rsatib kelgan GeoMax korxonasi likvidatsiya bo‘ldi, yopilib ketdi. Yaqinda prokuratura GeoMaxga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘adi. Prokuratura xodimlari kelib, soliq inspektsiyasidan GeoMaxning otchyotlarini olib ketishdi”, dedi ismini oshkor qilmayotganimiz soliq inspektsiyasi xodimi.

Uchtepa tuman prokuraturasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, ishni Toshkent shahar prokuraturasi o‘rganmoqda.

Ozodlik Toshkent shahar prokuraturasidan biror ma‘lumot olishga muvaffaq bo‘lmadi. Prokuratura xodimlari har qanday ma‘lumot olish uchun yozma ravishda murojaat qilishni tavsiya qilishdi.

Toshkentdagi huquq tartibot idoralariga yaqin bo‘lgan Ozodlik manbasiga ko‘ra, GeoMax shirkati rahbariyatiga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qancha iqtisodiy moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.


Endi GeoMax kolbasalari yo‘q

Mazkur shirkat so‘nggi 10 yil davomida 100 xil nomdagi kolbasa mahsulotlarini ishlab chiqarib, aholi dasturxoniga yetkazib berayotgan edi.

Shirkatning Andijon, Samarqand va Buxorodagi bo‘limlari va Toshkentdagi 15 ta do‘koni orqali GeoMax kolbasalari, yarim fabrikatlar, salatlar va qandolat mahsulotlari sotilgan.

Geomaxning Toshkentdagi 15 ta do‘konining manzillari.
Geomaxning Toshkentdagi 15 ta do‘konining manzillari.
O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, dastlab GeoMaxning kolbasa tsexi yopilgan.

“Ushbu korxonaning kolbasa tsexi 2012 yilning dekabr oyida ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Keyin GeoMax boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z faoliyatini davom ettirayotgan edi”, dedi uyushmaning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, shirkat kolbasa tsexi yopilgach, ikki oy davomida kolbasa va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarishda ishlatiladigan qo‘shimcha va ziravorlar sotish bilan o‘z faoliyatini davom ettirgan.

Uchtepa tuman hokimligining mas‘ul xodimiga ko‘ra, GeoMax 2012 yil bo‘yicha yillik hisobotni hokimiyatga topshirgan, biroq 2013 yilning birinchi choragi bo‘yicha hali hisobot topshirmagan.


“GeoMax rahbari Gulnora Karimovaning odami”

Mazkur shirkatning o‘z faoliyatini to‘xtatgani haqida Ozodlikka ma‘lum qilgan toshkentlik manbaga ko‘ra, korxona rahbari Georgiy ismli shaxs prezidentning qizi Gulnora Karimovaga yaqin odam bo‘lgan.

Linkedin ijtimoiy tarmog‘ida GeoMax shirkatining bosh ijrochi direktori lavozimida Georgiy Xachaturyan ismli shaxs qayd qilingan.

Karimova xonimning Fond Forum tashkiloti o‘tkazgan deyarli barcha xayriya tadbirlarining homiylari ro‘yxatida GeoMax birinchilar safidan o‘rin olgan.

Ushbu sahovatpeshalik evaziga Gulnora Karimova shirkatning “gullab-yashnashi”ga imkon bergani aytiladi.

Shirkatning rasmiy sayti Gulnora Karimovaning shaxsiy imzosi bilan berilgan maqtov yorliqlarining suratlari ila bezalgan.

Toshkentlik soliqchi yigitga ko‘ra, GeoMax soliqchilarning “tishi o‘tmaydigan” shirkatlardan biri bo‘lgan.

“GeoMax ochilgandan buyon bir necha marta yopilib, har safar qaytadan boshqa nom bilan ochilgan. Boshida GeoMax nomi bilan ochilib, oradan bir qancha vaqt o‘tgach korxona yopilgan. Uning o‘rnida GeoMax Plusni ochgan. Keyin uni ham yopib, yana boshqasini ochgan. Lekin egasi o‘zgarmasdan qolgan. Bitta odam qilgan bularning hammasini” dedi ismini ochiqlamaslik sharti bilan gapirgan soliqchi yigit.

Gulnora Karimovaning minnatdorchilik "maktublari".
Gulnora Karimovaning minnatdorchilik "maktublari".
O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasining xodimiga ko‘ra, GeoMax uyushma tarkibiga kirgani bilan, hech qachon ular bilan hisoblashmagan.

“GeoMax 2011 yilda bizning uyushma tarkibiga kirgan. Lekin uyushma bilan shartnomasi yo‘q. Qaror bilan uyushmaga kiritilgan. Lekin shartnoma qilinmagan. Bizga hech qachon hisobot bermagan”, deydi uyushmaning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Shirkat faoliyatidan yaqin xabardor bo‘lgan Ozodlik manbasining iddaolariga ko‘ra, Gulnora Karimova qo‘llovida “o‘zi xon, ko‘lankasi maydon” bo‘lib kelgan GeoMax “sindirilgan”.

“Gulnora Karimovaning odami edi u. Katta tashkilot edi bu. Opa keyingi paytda o‘zining odamlarini “sindirayapti”. Buni ham “sindirdi”, dedi toshkentlik manba.

O‘zbekistondagi kolbasa biznesida GeoMaxning raqobatchilaridan biri hisoblangan "Muzimpex" qo‘shma korxonasida ham yil boshida Milliy xavfsizlik xizmatining buyrug‘i asosida tekshiruv boshlangani xabar qilingandi. Ushbu korxona ham Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan “Baho Shakar” laqabi bilan tanilgan va hozirda qidiruvda bo‘lgan Bahodir Karimjonovga tegishli ekani aytiladi.


O‘zbekiston bozorida 18 yil


GeoMax 1995 yilda mas‘uliyati cheklangan jamiyat sifatida tashkil qilingan. Dastlab korxona oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini sotadigan supermarket sifatida faoliyatini boshlagan.

Geomaxda 100 xil nomdagi kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Geomaxda 100 xil nomdagi kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
2003 yilga kelib korxona kolbasa ishlab chiqarish tsexini yo‘lga qo‘ygan. Tsehda GeoMax savdo tamg‘asi bilan 100 xil nomdagi kolbasalar ishlab chiqarilgan, korxona jami 400 turdagi tovarlar savdosi bilan shug‘ullangan.

Shirkatning Andijon, Samarqand va Buxoroda bo‘limlari faoliyat ko‘rsatgan.

Toshkentda esa shirkatga qarashli 15 ta do‘konda korxona mahsulotlari sotilgan. Hozirda ushbu do‘konlar ishlamayotgani aytilmoqda.

Ozodlik muxbiri shirkatning rasmiy saytida e‘lon qilingan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildi, biroq biror qo‘ng‘iroqqa javob bo‘lmadi.
XS
SM
MD
LG