Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:15

Benzin Toshkentda arzon, viloyatda qimmat


Benzin narxining Toshkent va viloyatlar o‘rtasidagi tafovuti 100 foizni tashkil qilmoqda. Mamlakat shimoli-g‘arbida narxning qimmatroqligi benzinning Rossiyadan keltirilgani bilan izoxlanmoqda.

Benzin narxining Toshkent va viloyatlar o‘rtasidagi tafovuti 100 foizni tashkil qilmoqda.

UzGazOil shirkati shartnomalar bo‘limining ismini ochiqlamagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda narxlardagi farqning sababi benzinning chetdan keltirilayotgani bilan izohladi:

- Toshkentdagi UzGazOil yonilg‘i quyish shoxobchalarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan benzin sotilyapti. Viloyatlarda esa import benzin. Shu bois narxlarda katta tafovut bor¸- dedi UzGazOil shirkati mulozimi.

Ayni paytda mulozim Toshkentda sotilayotgan arzon benzinning ko‘p miqdorda viloyatlarga olib ketilishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta‘kidladi.

- Masalan, siz Xorazmda bo‘lsangiz, arzon narxdagi beniznni Navoiy viloyatidagi neft bazasidan ulgurji ola olasiz¸ lekin Toshkentdagi benzinni ulgurji tarzda olib keta olmaysiz¸- dedi suhbatdosh.

Chorshanba kuni Toshkentning Yunusobod tumanidagi UzGazOil shirkatiga qarashli AYoQSh xodimi Ozodlik bilan suhbatda benzinning bir litri 1645 so‘mdan cheklovsiz sotilayotganini aytdi.

Xorazmdagi G‘ayratbek ismli haydovchi 10 litr benzinni 26 ming so‘mga quyganini ma‘lum qildi.

Suhbatdoshga ko‘ra, viloyatga Rossiyadan keltirilayotgan AI-80 benzinining litri UzGazOil yonilg‘i quyish shoxobchalarida 2700-2800 so‘mdan sotilmoqda.

Samarqand¸ Navoiy va Buxoroda ham benzin narxi Toshkentdagidan ikki barobargacha qimmatroq sotilayotgani o‘sha yerdagi AyoQSh xodimlari bilan suhbat asnosida ma‘lum bo‘ldi.

Mamlakat g‘arbiy viloyatlaridan farqli tarzda Farg‘ona vodiysida benzin narxining Toshkent bilan bir xilda ekani ma‘lum bo‘ldi.

Marg‘ilonlik haydovchi Sunnatilloning aytishicha¸ oldin yopiq bo‘lgan UzGazOil yonilg‘i quyish shoxobchalari qaytadan ochilib, tunu-kun to‘xtamasdan ishlamoqda:

- Benzin bizda 1645 so‘m, hech qanaqa muammo yo‘q, bakni to‘ldirib olsangiz ham cheklov yo‘q,- deydi marg‘ilonlik haydovchi.

Viloyatlarda esa o‘tgan yili benzin taqchilligi bois UzGazOil o‘z shoxobchalarini vaqtincha yopgan edi.

UzGazOil shirkati endi chetdan benzin import qilish yo‘li bilan butun mamlakatdagi zapravkalarining uzluksiz ishlashini ta‘minlashga urinmoqda.

- Endi o‘zimizniki tugab qolsa, chetdan kelayotgan kommercheskiy importniy benzinni sotishadi, Xudo xohlasa, endi muammo bo‘lmaydi,- deydi UzGazOil shirkatining o‘z ismini aytmagan mas‘ullaridan biri.


Xorazmda Rossiyadan keltirilgan benzin sotilmoqda


Neft sanoati rivojlangan Turkmanistonga chegaradosh Xorazm viloyatida 3 ming kilometr uzoqdagi Rossiyadan benzin olib kelib sotilishi iqtisodiy mantiqsizlik, deydi xorazmlik huquq faoli Hayitboy Yoqubov.

- Iqtisodiy rentabellik hech kimni qiziqtirmaydi. Buni nazorat qiladigan hech kim yo‘q. Har kim xon¸ o‘zi sulton. Aftidan, shu benzinfurushlarni o‘zlari ataylab shunday defitsitni yaratishyapti, pul qilish uchun,- deydi Hayitboy Yoqubov.

UzGazOil shirkati mulozimi nega Turkmanistondan yoki Qozog‘istondan emas Rossiyadan benzin import qilinayotgani borasidagi savolimizga javob bera olmadi.

UzGazOil o‘tgan haftada Rossiyadan benzin va dizel yonilg‘isini import qilishni boshlagani va bu benzin allaqachon Qashqadaryo, Samarqand va Buxoro avtozapravkalarida sotila boshlagani haqda avvalroq ma‘lum qilgan edi.

O‘zbekiston o‘z neft zahiralariga ega bo‘lsa-da, mavjud tabiiy resurslari o‘z ichki ehtiyojini qondirish darajasida benzin ishlab chiqarishga imkon bermasligi aytiladi.

Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining benzinga bo‘lgan extiyojini qondirish uchun chetdan yiliga kamida 4 million tonnadan ortiq benzin sotib olishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
XS
SM
MD
LG