Линклар

O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vaziri o‘z buyrug‘i bilan bir martalik gastrol-konsert guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan vazirlik matbuot vakili Hindol Madrahimovga ko‘ra, nizom konsert faoliyatidagi ko‘zbo‘yamachiliklarni oldini olishga qaratilgan.

8 apreldan boshlab kuchga kirgan mazkur nizomga muvofiq, konsert va boshqa tomoshalarni uyushtirmoqchi bo‘lgan huquqiy shaxslar bir martalik gastrol-konsert guvohnomasini olish uchun tadbir o‘tkaziladigan kundan 30 kun oldin “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga ariza, davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi, tadbirning tasdiqlangan dasturi yoki stsenariysi hamda guvohnoma olish uchun pul to‘langanini tasdiqlovchi hujjat nusxasi kabi qator hujjatlarni topshirishlari kerak bo‘ladi.

Bu nizom kuchga kirguniga qadar konsert tashkil qiluvchilar bir yil muddatda xohlagan sonda konsert o‘tkazish uchun litsenziya olishgan.

Taniqli qo‘shiqchi Nasiba Abdullayevaning ma‘muri Dilorom Ibrohimovaning Ozodlikka aytishicha¸ shundoq ham murakkab bo‘lgan konsert tashkil qilish jaraëni bu nizomdan keyin yanada chigallashgan:

- Bu oqibatda chipta narxlari qimmatlashiga olib keladi. Tomoshabin bundan zarar ko‘radi¸- deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot vakili Hindol Madrahimov esa qo‘shiqchilar bu nizomdan cho‘chimasligi kerak deydi:

- Har bir konsert uchun guvohnoma olish zohiran murakkab ko‘ringani bilan aslida oson. Boz ustiga bu elektron tarzda bo‘ladi. konsert tashkilotchisi internet vositasida qayddan o‘tib guvohnoma olishi mumkin¸- deydi mulozim.

Ozodlik bilan suhbatlashgan vazirlik mulozimining ta‘kidlashicha¸ nizom konsert faoliyatidagi ko‘zbo‘yamachiliklarni oldini olishga qaratilgan:

- Masalan, Ozodbek kuylaydi, Obid Asomov kuldiradi, deb e‘lon berishadi¸ zalga kirgan tomoshabin esa hech kim tanimaydigan qo‘shiqchiga ro‘para bo‘ladi. Buning oldini olish uchun bir martalik guvohnoma berish tizimiga o‘tdik¸- deydi O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot vakili Hindol Madrahimov.


Toshkentda qimmat va viloyatda arzon guvohnomalar


Nizomda Toshkent shahrida o‘tkazilajak tadbir uyushtiruvchisidan guvohnoma uchun eng kam oylik maoshning 5 barobari miqdorida, viloyatlar markazlarida o‘tkaziladigan tadbir uyushtiruvchisidan eng kam oylik maoshning 3 barobari miqdorida, boshqa aholi punktlarida o‘tkaziladigan tadbir uyushtiruvchisidan eng kam oylik maoshning 1 barobari miqdorida yig‘im olinishi ko‘rsatilgan.

Agar O‘zbekistonda eng kam oylik maosh miqdori shu kunda 79 590 so‘m ekani e‘tiborga olinsa, tadbir uyushtiruvchilari endilikda konsert guvohnomasi olish uchun 79 590 so‘mdan 238 770 so‘mgacha yig‘im olinishi kelib chiqadi.

konsert uyushtiruvchisi “O‘zbeknavo”ga topshirgan bu pulning to‘lov qog‘ozi hamda yuqorida zikr etilgan yana uchta hujjat 10 kun mobaynida ekspertlik komissiyasi tomonidan o‘rganib chiqiladi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, esa “O‘zbeknavo” direktori guvohnoma berish yoki bermaslik to‘g‘risida buyruq chiqaradi.

Nizomda bir martalik konsert guvohnomasi berish rad etilgan taqdirda hujjatlar kamchiliklarni bartaraf qilish uchun uyushtiruvchi-arizachiga yuborilishi qayd etilgan.

Kamchiliklar bartaraf qilinganidan keyin ekspertlik komissiyasi hujjatlarni 3 kun davomida ko‘rib chiqishi lozim. Bu kamchiliklar ekspertlik komissiyasi tomonidan belgilangan muddatda bartaraf qilinsa, nizomga ko‘ra, arizachidan qo‘shimcha yig‘im olinmaydi. Agar nuqsonlarni bartaraf qilish muddati o‘tib ketsa, arizachi yana yuqorida zikr etilgan summani to‘laydi.

Agar konsert tadbiri bir necha kun davomida o‘tkazilsa yoki bir kun mobaynida bitta dastur bo‘yicha, ammo turli vaqt va yo turli joyda o‘tkazilsa, ularning har biri uchun uyushtiruvchi alohida-alohida guvohnoma oladi va bu guvohnomalarning har biri uchun alohida-alohida pul to‘laydi.

konsert yoki tomosha tadbiri kuni yoki joyi, dasturi yoki stsenariysi o‘zgarsa, uyushtiruvchi “O‘zbeknavo”ga avval berilgan guvohnoma originali bilan birga ariza topshiradi va 3 kun mobaynida o‘zgarishlarga muvofiq guvohnoma rasmiylashtiriladi.

Nizomda ko‘rsatilishicha, agar uyushtiruvchi tadbir o‘tkazish fikridan voz kechsa, unga guvohnoma uchun to‘lagan puli qaytarib berilmaydi.
XS
SM
MD
LG