Линклар

logo-print

Dekabr oyi oxirlarida 3-6 yosh oralig‘ida bo‘lgan uch nafar bolani yong‘indan qutqarib qolgan Toshkent Davlat pedagogika universiteti talabasi Royiddin Tariyev Ozodlik muxbiri bilan suhbatda voqea tafsilotlarini gapirib berdi.


Yangi yil arafasida Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Qushbegi dahasidagi xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘ldi.

O‘sha kuni Toshkent Davlat pedagogika universiteti Jismoniy tarbiya fakultetining 1-bosqich talabasi, 34 yoshli Royiddin Tariyev o‘t ketgan xonadon ichida yosh bolalar yig‘layotgani ovozini eshitgach, oynani sindirib, ichkariga kiradi va 6 yoshli Xolida, 5 yoshli Asatillo, 3 yoshli Durdonani olov iskanjasidan olib chiqadi.

- Qarasam, ichkarida yong‘in bo‘lyapti. O‘t ketgan uyning ikkinchi qavatidagi derazadan bolalar yig‘isini eshitdim. Qo‘shni hovlidagi og‘ir temir narvonni qanday ko‘targanimni ham bilmayman, uni olib kelib, uyning 2-qavatiga chiqib, balkon derazalari oynalarini sindirib, ichkariga kirdim. Pastda odamlar, kirma, gaz portlab ketadi, o‘lasan deyishdi. Yo‘q, men shu bolalarni qutqarishim kerak, u yerda uchta bola najot kutyapti, o‘lsam ham ularni qutqarishim kerak, degan hayolda uyga kirdim. Odamni joni shirin emasmi, kattalari meni yonimga yugurib keldi, kichkinasi belanchakda qolib ketgan. Uyning ichi quyuq qora tutun, bir metrdan nari ko‘rinmaydi. Men bolalarni bir amallab tashqariga olib chiqdim, ikki soatda o‘tni o‘chirishdi,- deya eslaydi voqeani Royiddin.

Uning aytishicha, yong‘in yolg‘iz qolgan bolalarning kattasi, 6 yoshli Xolida 3 yashar ukasiga sut isitib berayotgan mahal qo‘lidagi sochiq olovga tegib yonib ketishidan chiqqan.

- Sochiq bilan gazdan sut solingan idishni olaman deganda, sochiqni pastki qismi olovga tegib yonib ketgan. Keyin sochiq yonib gilamga tushgan,- deydi xaloskor talaba.


Yosh bolalarni uyda yolg‘iz tashlab ketmang!


Ma‘lum bo‘lishicha, qutqarilgan bolalarning onasi Nargiza Toshtemirova farzandlari uxlab yotgan vaqtda bozorga ketgan bo‘lgan. Uyiga qaytib kelganida yong‘in sodir bo‘lgani va bolalarini qo‘shnisi Royiddin Tariyev qutqarib qolgani haqda xabar topgan.

- Bolalarning otasi komandirovkada bo‘lgan. Onasi farzandlari uxlab yotgan vaqtda ularni ustidan qulflab, Bek Baraka bozoriga ketgan. Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari bilan suhbat davomida bolalarning onasi oldin ham ularni uyda yolg‘iz tashlab ketar edim, o‘zlari uyda o‘tirishar edi, degan gaplarni aytgan,- deydi Royiddin Tariyev.

Royiddin Tariyev yaqinda o‘zi o‘qiyotgan Toshkent Davlat pedagogika universiteti rektorati tarafidan faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Nargiza Toshtemirova farzandlari xaloskoriga minnatdorchilik bildirdi. Bu haqda Toshkent yong‘in xavfsizligi xizmatiga yo‘llagan minnatdorchilik xatida Toshtemirova “Bu men uchun bir umrlik achchiq saboq bo‘ldi”, deb aytgan.

Asli Qashqadaryodan bo‘lgan bo‘lg‘usi pedagog Royiddin ham ota-onalarga farzandlarini uyda yolg‘iz tashlab ketmaslikni qattiq tavsiya qiladi.

- Oqibati bundan ham fojiali bo‘lishi mumkin edi. Menimcha, bu nafaqat nargiza opaga, balki boshqa ota-onalarga ham achchiq saboq bo‘lishi kerak,- deydi Royiddin.

O‘tgan yil oktyabr oyida Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida o‘zbekistonlik muxojir ishchi uch bolani yong‘indan qutqargan edi.

Kopeysk shahri ma‘muriyati va Chelyabinsk viloyati yong‘inga qarshi kurash xizmati sobiq desant Hakim Ochilovni sovg‘a-salom va faxriy yorliq bilan taqdirladi.

Unga o‘t o‘chirish xizmatida ishlash ham taklif etildi.
XS
SM
MD
LG