Линклар

Mirzo-Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi keksa ayol o‘z uyi bo‘sag‘asida noma‘lum qotil tarafidan o‘ldirib ketildi. So‘nggi olti oy mobaynida Toshkent shahri va viloyatida yolg‘iz pensionerlarni tunash va o‘ldirish holatlari soni yigirmatadan oshgani bois, mavjud holat O‘zbekiston Bosh vaziri va Ichki ishlar vazirligining maxsus nazoratiga olingan.

Mirzo –Ulug‘bek tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bu ma‘lumotni tasdiqladi.

Mulozim 8 aprel kuni Mirzo-Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi pensioner ayolni o‘ldirib ketgan qotilni topish uchun barcha choralar ko‘rilayotgani aytdi.

Ayni paytda, mulozim yolg‘iz yashaydigan keksalarni o‘dirayotgan qotillar topilmagani va bu qotillarning extimoliy tasvirlari aks etgan varaqalar butun tuman bo‘ylab tarqatilganligini aytdi.

8 aprel kuni Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi qotillik tafsilotlarini O‘zbekiston xavfsizlik idoralariga yaqinligi aytiladigan “Uzmetronom” nashri o‘z manbalariga tayangan xolda yozdi.

Nashrga ko‘ra¸ keksa ayol noma‘lum kishilarga eshikni ochgan va qotillarning navbatdagi qurboniga aylangan.

Ayni nashrda “seriyali qotilliklarni fosh qila olmayotgan” Toshkent militsiyasi landavurlikda ayblanadi.

“Keyingi 20 yil mobaynida faqat pul undirishga o‘rganib qolgan militsiya xodimlari ko‘cha jinoyatlarini ochish borasida malakadan mosuvo bo‘lishgan. Masalan, o‘tgan yili Toshkent viloyatida sodir bo‘lgan ayollarni seriyali o‘ldirish bilan shug‘ullangan qotillarni O‘zbekistonda emas, balki Qozog‘istonda ushlashdi”¸ deb yoziladi “Uzmetronom” nashridagi maqolada.


Toshkentni dahshatga solayotgan qotillarni MXX ham qidirmoqda


So‘nggi olti oy mobaynida Toshkent shahri va viloyatida yolg‘iz pensionerlarni tunash va o‘ldirish holatlari soni yigirmatadan oshgani bois mavjud holat O‘zbekiston Bosh vaziri va Ichki ishlar vazirligining maxsus nazoratiga olingan.

Respublika ichki ishlar vazirligi jinoyat qidiruv bo‘limining mayor rutbasidagi zobiti, Ozodlik bilan suhbatda, ehtimoliy qotillarni qidirish ishlariga O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari ham jalb qilinganini bildirdi.

Ozodlik muxbiri shaharni terror qilayotgan qotillarni topish bo‘yicha ma‘sul bo‘lgan polkovnik maqomidagi mulozim bilan bog‘landi.

Mulozim seriyali qotillik bilan bog‘liq tafsilotlarning matbuotga sizishini istamasligini ta‘kidladi.

Seriyali qotilliklar haqidagi axborotning sir tutilishi ortidan aholi orasida vahima kuchaymoqda.

8 aprel kuni keksa ayol o‘ldirib ketilgan Mirzo-Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi Lena ismli 37 yashar qiz shaharda yolg‘iz yashaydigan yaqinlari taqdiridan havotirda ekanini izhor qildi.

- Shahar xavotirli mish-mishlar bilan to‘la. Bu xavotirni tuman ko‘chalariga yopishtirilgan qotillarni qidirish bo‘yicha varaqalardagi tasvirlar ham kuchaytirmoqda,- deydi toshkentlik ayol.


Qariyalarni tunash davom etayapti


Militsiya tomonidan keng ko‘lamli qidiruv ishlari olib borilayotgnaniga qaramasdan, yolg‘iz qariyalarni tunash holatlari davom etayapti.

Bu haqda Ozodlikka shaxsi sir qolishi sharti bilan gapirgan toshkentlik militsiya xodimiga ko‘ra, yaqinda Toshkent viloyatida ham yolg‘iz pensioner tunab ketilgan.

Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga ko‘ra, viloyatda ham qidiruv ishlari boshlangan.

Bo‘ka tumani IIBning o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, tumandagi barcha militsiya xodimlariga yolg‘iz qariyalarning qotillari, deb gumon qilingan shaxslar bo‘yicha ma‘lumot tarqatilgan.

- Kampirlarning qotillari bo‘yicha hamma ishlayapti. Voqea bo‘yicha xabarnoma olinib, shaxsiy tarkibga tanishtirib, hammaga o‘qib eshittirilgan. Boshliqlar ish bo‘yicha kursda, qidiruv davom etayapti,- dedi bo‘kalik militsiya xodimi.


Qidiruvdan natija bo‘lmayapti


Shu kunlarda Toshkent shahridagi har bir mahalla, har bir ko‘chada yolg‘iz qariyalarning qotillari, deb gumon qilingan shaxslarning fotorobotlari aks etgan qidiruv e‘lonlarini uchratish mumkin.

Toshkent shahar Sirg‘ali tuman Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozircha qidiruv e‘lonlaridan biror natija chiqmagan, qotillar hanuz ochiqda qolmoqda.

- Hozir qidirilayapti. Hamma kvartallarda Ichki ishlar xodimlari to‘liq qo‘yilgan. Hamma yoqda qidiruv ketayapti,- dedi Sirg‘ali tuman IIBning navbatchi xodimi.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, so‘nggi olti mobaynida Toshkent shahrida yolg‘iz pensionerlarni tunash va o‘ldirish holatlari soni yigirmadan oshgan.

Ismini oshkor qilmayotganimiz manbaga ko‘ra, Toshkentda yolg‘iz qariyalarni tunash holatlari dastlab 2011 yilning oxirida qayd qilingan.

Joriy yilning 17 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumani "Tong nuri" mahallasida yashovchi 91 yoshli Hakima Avloniy ham o‘z uyida noma‘lum shaxslar tomonidan o‘ldirib ketilgan edi.
XS
SM
MD
LG