Линклар

O‘zbekistondagi Sport-TV da ishlaydigan bir guruh xodimning telekanal rahbariyati ustidan yozgan o‘nlab shikoyati ortidan kanalda prokuratura va soliq xodimlari taftish boshladi.


“Prezident apparatigacha shikoyat yozdik”


Mart oyining o‘rtalaridan boshlab prokuratura va soliq xodimlaridan iborat maxsus guruh O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi Sport kanalida asosan rahbar mulozimlarning faoliyatini tekshirmoqda.

Bu haqda Ozodlikka Sport-TV muharrirlaridan biri ismini ochiqlamaslik va ovozini efirga bermaslik sharti bilan ma‘lum qildi (Ozodlik ixtiyorida ushbu muharrir bilan o‘tkazilgan 43 daqiqalik audiosuhbat bor).

O‘n yildan ziyodroq vaqtdan buyon televideniyeda ishlayotgan muharrirning aytishicha, telekanalning bir guruh xodimlari rahbariyat ustidan yuqori tashkilotlarga to‘xtovsiz yozishgach, prokuratura va soliq xodimlari kanalda taftish boshlagan.

“Barcha yuqori instantsiyalarga yozildi. Prezident apparatiga ham yozildi. Kanal rahbariyatining noqonuniy ishlari joniga tekkan borki, turli idoralarga shikoyat yozdi. Jumladan, Sport telekanalining direktor o‘rinbosari Shodilla Muhammadjonov va kanalning Bolalar sporti bo‘limi bosh muharriri Oybek Vaysal o‘g‘li Kapadze ustidan ham ko‘p shikoyat yozilgan. Hozir prokuratura bilan nalog rahbarlarning mansab vakolatini suiiste‘mol qilgan holatlarini tekshirayapti”, dedi muharrir.

Sport-TV dagi 214 18 88 raqamli telefon go‘shagini ko‘targan xodima telekanalda tekshiruv bo‘layotganini tasdiqladi, biroq taftish tafsilotlaridan bexabarligini aytdi.

Yakshanba dam olish kuni bo‘lgani uchun Sport-TV rahbariyati bilan ham bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.


“Sport-TVda guruhbozlik avj olgan”


Muharrir-suhbatdoshimizga ko‘ra, Sport-TV xodimlari orasida guruhbozlik shakllangan.

“Bu yerda guruhbozlik shu qadar avj olganki, agar guruhga aloqador bo‘lmasangiz, ko‘rsatuvingiz efir yuzini ko‘rmasdan, yillab chang bosib yotaveradi. Guruh - rahbarlar atrofida birlashgan xodimlardan iborat. To‘g‘ri mahalliychilik ham bor. Ayniqsa, Samarqand bilan Qashqadaryodan kelganlarning yuqori mansablarni egallashi juda oson. Men o‘n yildan ziyod vaqt davomida mingga yaqin ko‘rsatuv qildim. Agar mening o‘rnimda samarqandlik bo‘lganida allaqachon rais o‘rinbosari lavozimini egallagan bo‘lardi”, deydi suhbatdosh.

Muharrirning iddaosiga ko‘ra, “guruh”ga aloqador bo‘lgan xodimlar boshqalarga nisbatan bir necha barobar ko‘p oylik olishadi.

“Men yarim stavkada ishlayman. Itday yugurib, oladigan oyligim 200 ming so‘mga ham yetmaydi. Lekin “guruh”dagilar bir necha million so‘mlik oylik olishadi. Kanal rahbarlari va uning guruhidagilar xohlagan ko‘rsatuvning ijodkorlari ro‘yxatiga o‘zlarining ismi-sharifini qo‘shib qo‘yadi va o‘ziga istagan summadagi gonorarni yozib oladi. Oy oxirida kamida 1-2 million so‘mlik oylik oladi. Bu kamida. Tanish-bilishchilik evaziga millionlab so‘m pul olishadi. Masalan, Sh...(mazkur ma‘lumot faqat bir manbadan olingani uchun bu shaxsning ismini to‘liq keltirmayapmiz - tahr.)ning qizi 1,5 stavkada ishlaydi. Bechora videotekadagi qizlar yarim stavka oylik bilan ertalabdan kechgacha ishlashga majbur. Bular raisga ham yedirib turgani uchun hech kim indamaydi”, deydi telekanal muharriri.


“Kanal poraxo‘rlik botqog‘iga botgan”


Sport-TV muharririning iddao qilishicha, kanalda biror ko‘rsatuvning porasiz efirga uzatilishi qiyin.

“Biror mavzuni o‘rtaga tashlagach, ruxsat olish kerak. Siz guruhda emassiz, ruxsat berishni cho‘zishadi. Ozgina uzatsangiz, mavzu tasdiqlanadi. Keyin stsenariy yozilsa, sizga "yo‘q" deyish uchun mingta bahona bor. Bir oydan keyin qaytib olasiz stsenariyni. O‘tiraverasiz. Bu yerda ham qisman pul berish bor. Lekin asosiy narsa siz o‘sha guruhda emasligingiz. Yuqoridagilarni obedga olib borasiz... Ishqilib, yo‘lini qilib, stsenariyni tasdiqlatasiz. Keyin tasvirga olish jarayoni va ko‘rsatuvni montaj qilib, tayyor holga keltirdingiz. Mana shu eng asosiysi. Ko‘rsatuv 1-2 yillab ham yotaverishi mumkin. Ko‘rsatuvni programmaga kiritish uchun Sh. bilan gaplashish kerak. Obedini qilib berasiz yoki ozgina uzatasiz, keyin ko‘rsatuv programmaga kiritiladi. Rahbarlar poraxo‘rlik botqog‘iga boshdan-oyoq botib ketgan ”, deydi muharrir.


“Efirda ko‘rsatish mumkin bo‘lmagan shaxslarning ro‘yxati bor”


Suhbatdoshimiz muharrirning aytishicha, Sport-TVda ijodiy jarayon mutlaqo yo‘q.

“Umuman yo‘q ijodiy jarayon. Dejurniy narsalar qilinayapti, xolos. “Hamma sharoitlar bor”, “Palonchining rahnamoligida bayrog‘imiz ko‘tarilgan”. Shunga o‘xshash qizil gaplar. Haqiqiy ijodiy jarayon yo‘q. Sport kanalining saviyasi juda tushib ketgan. Asosiy ko‘rsatuvlar lozungdan iborat bo‘lib qolgan. Sport kanalining asosiy vazifasi salomatlik bilan vatanparvarlikni targ‘ib qilishi kerak. Bizda hozir faqat qizil so‘zlar, qizil so‘zlar. Iftixor, faxrimiz, yana nima balolar. Asosiy vazifa esdan chiqqan”, deydi suhbatdosh.

Muharrirga ko‘ra, Sport-TVda erkin ijod qilish, istalgan mavzuni yoritish, tanqidiy ko‘rsatuvlar qilishga ruxsat berilmaydi.

“Sportdagi biror kamchilikni yoritishga haqqimiz yo‘q. Tanqidiy ko‘rsatuvlar mumkin emas. “Bizning jamiyatda kamchilik yo‘q” deb ko‘rsatishishingiz kerak. Biror muammoni aytsangiz, mumkin emas - tamom. Ortiqcha gapga hojat yo‘q. Keyin bizda efirga chiqishi mumkin bo‘lmagan mavzular va shaxslarning ro‘yxati bor. Masalan, tanqidiy narsalar umuman mumkin emas. Ruslan Chagayevni gapirish mumkin emas. Ministrlarni va sport federatsiyalarining rahbarlarini efirda ko‘rsatish mumkin emas. Salimboy, G‘ofirboylar haqida gapirish ham, ko‘rsatish ham mumkin emas. Ro‘yxat o‘zgarib turadi. Agar ko‘rsatish zarur bo‘lsa, alohida ruxsat olish zarur”, deydi suhbatdosh.


“SNBdan qo‘ng‘iroq bo‘lsa, lyuboy odam ishga olinadi”


Televideniyeda o‘n yildan ziyod ishlagan muharrirning so‘zlariga ko‘ra, kuch ishlatar tizimlarda ishlovchi shaxslarning yaqinlari hech bir muammosiz telekanalga ishga olinadi.

“Agar SNB yoki prokuraturadan qo‘ng‘iroq bo‘lsa, kim bo‘lishidan qa‘tiy nazar, ishga olishadi. Diplomi bormi, sportni tushunadimi - ishi yo‘q. Silovoy strukturadan qo‘ng‘iroq bo‘lsa bo‘ldi, ishga olindi. 10 sinfni tugatgan, qo‘lida biror diplomi yo‘q yosh bola ham muharrir yoki rejissyor o‘rniga o‘tirayapti. Stolga o‘tirib, birovning ko‘rsatuv papkasiga ismini qo‘shib yozish orqali pul ishlayapti. Siz bu yoqda itday yugurib-yugurib, ko‘rsatuv tayyorlaysiz. Mazasini ular ko‘radi. Insof, diyonat degan narsalar yo‘q bo‘lib ketgan. Hozir endi tekshiruvchilarni ham yopti-yopti qilishmoqchi. Yana suvdan quruq chiqish yo‘llarini izlashayapti”, deydi Sport-TVning ismini ochiqlamaslik va ovozini efirga bermaslik sharti bilan gapirgan muharriri.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining "Yoshlar" telekanalida ishlab kelgan jurnalistlar Saodat Omonova va Malohat Eshonqulovalarning televideniyedagi qonunbuzarliklarga qarshi kurashlari ko‘pchilikka ma‘lum.

2010 yilda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Malohat Eshonqulovaning “Yoshlar” telekanali rahbariyati ustidan yuqori tashkilotlarga yozgan arizasi yuzasidan tekshiruv o‘tkazgan va kanaldagi ayrim kamchiliklarni qayd etgan edi.
XS
SM
MD
LG