Линклар

logo-print
Prezidentining Moskvaga borganidan aksariyati bexabar bo‘lgan o‘zbek mehnat muhojirlari Islom Karimovdan doimiy muammolariga yechim topishni so‘ramoqda. Chegaradan erkin kirish-chiqish, avtomobilga boj to‘lovini ozaytirish, Rossiyada yurgan muhojirlar uchun hujjatlarni yengillashtirish, ikki fuqarolikka imkon berish tilga olingan muammolar jumlasidandir.

Rossiyaning turli hududlarida yashab, ishlayotgan va o‘qiyotgan o‘zbekistonliklar prezident Islom Karimovning Moskvaga safari va prezident Putin bilan muzokaralaridan so‘ng ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishiga umid bildirmoqda.

Ammo, aksar suhbatdoshlar bu umidlarning yillar davomida oqlanmay kelayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Jumladan, Rossiyaning Barnaul shahrida ishlayotgan 48 yoshli Islomjon qo‘sh fuqarolik muammosini tilga oldi.

- Chunki, O‘zbekistondagi sharoitni o‘zingiz bilasiz. Bu yerda esa O‘zbekiston pasporti bilan yaxshi ishga olmaydi. Shuning uchun, bizga ikki fuqarolikka ruxsat bersa, yaxshi edi,- deya niyat bildirdi Islomjon.

Irkutsk oblastida yillar davomida ishlab kelayotgan farg‘onalik Akromjon esa o‘z prezidentidan o‘zbeklarning Rossiyaga qatnovini yengillashtirib berishini so‘radi.

- Mana biz bu yerda mashina olganmiz. Shu mashinalarimizda Qozog‘iston orqali qatnash rosa problema. Shu yo‘lni ochib bersa, yaxshi edi. Keyin Rossiyada chet elning mashinalari arzon, shu mashinalarga O‘zbekistondagi rastamoshkasini ozaytirib bersa yaxshi bo‘lardi,- deydi farg‘onalik Akromjon.

Sankt-Peterburg shahrida yurgan o‘zbekistonliklardan yana biri Ozodbek Rossiyada ishlash uchun beriladigan ruxsatnomaga to‘lovni ozaytirish, Irkutskda ishlab yurgan muhojir Karimbek esa O‘zbekistondan dehqonchilik mahsulotlarini olib kelish uchun sharoit yaratib berishni so‘radi.

Quyida Rossiyada yurgan o‘zbekistonliklarning prezident Islom Karimovning 14-15 aprel kunlari Moskvaga qilgan safaridan kutayotgan natijalar haqida mulohazalarini to‘liq eshitishingiz mumkin.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG